Tatariston muftiysi yaralangan, sobiq muftiy o‘rinbosari o‘ldirilgan

Image copyright AP
Image caption Muftiy Ildus Fayzov radikal islomiy guruhlarning tanqidchisi sifatida tanilgan.

Tatariston musulmonlari diniy idorasi muftiysi Ildus Fayzov avtomobilini boshqarib borayotgan paytda portlash ro‘y bergan, ayni o‘sha paytda muftiyning sobiq o‘rinbosari Valiulla Yoqubov uyining oldida otib o‘ldirilgan.

Muftiy Ildus Fayzov Qozon shahridagi radiostantsiyadan chiqib ketayotganida avtomobili portlagan.

Tergov guruhiga ko‘ra, portlovchi modda Ildus Fayzov avtomobilida haydovchi o‘rindig‘i ostiga joylashtirilgan bo‘lgan.

Ildus Fayzov portlash ro‘y bergan paytda Valiulla Yoqubov otib o‘ldirilganidan xabar topganini, svetoforda to‘xtab telefon orqali qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib turgan paytida avtomobilning oldingi qismida kichik portlash yuz berganini aytgan.

"Men darrov mashinadan sakrab tushdim, yaxshiyam kamarim taqilmagan edi", deb aytgan ikki oyog‘i jarohatlanib shifoxonaga yotqizilgan Ildus Fayzov.

48 yoshli Valiulla Yoqubovning jasadi uning avtomobilida topilgan.

Biroq tergovchilarga ko‘ra, sobiq muftiyga u yashaydigan ko‘p qavatli uy pod‘ezida bir necha marta o‘q uzilgan, u yarador holida mashinasigacha yetib borgan.

Hujumlar ortida qanday omillar turgani noma‘lum.

Ammo rossiyalik tergovchilar Tatariston bosh muftiysi Ildus Fayzov va oldin muftiyning o‘rinbosari bo‘lgan, o‘limigacha Tatariston musulmonlari diniy idorasi maorif bo‘limiga rahbarlik qilib kelayotgan Valiulla Yoqubovning ekstremistlarga qarshi chiqishlari bilan tanilganini aytishmoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi hujumlarning asosiy sababi deb ikki ulamoning professional faoliyati ko‘rilayotganini ma‘lum qilgan.

So‘nggi yillarda Tataristonda "Vahhobiylik" ta‘sirining kuchaygani aytiladi.

Tatariston Rossiyaning musulmonlar ko‘p istiqomat qiladigan respublikasidir.

Bungacha Rossiyaning musulmonlar ko‘p yashaydigan Shimoliy Qofqozdagi o‘lkalari - Checheniston, Dog‘iston va Ingushetiyada zo‘ravonliklar ko‘p marta sodir etilgan, ulamolarga qarshi hujumlarda islomiy jangarilar ayblangan.

Tatariston mo‘‘tadil Islom amalda bo‘lgan va Rossiyadagi diniy sabr-toqatlilikning namunasi sifatida tilga olinib kelgan o‘lka edi.

Ulamolarga hujumlar ortidan Rossiya huquq-tartibot organlari hujumchilarni tutish maqsadida keng miqyosli amaliyot boshlaganlar, diniy rahbarlar va diniy joylar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.