Suriyadagi portlash ortidan janglar yanada kuchaygan

Image copyright AFP
Image caption Mana bu surat Damashqning Al Hajar al Avvad hududida olingan

Suriyada chorshanba kuni yuz bergan va hudkushlik hujumi deya ishonilgan hujumda uch nafar yuqori darajali siyosatchilar o‘lishi ortidan mamlakat bo‘ylab tun osha to‘qnashuvlar davom etgan.

Hukumat va muxolifat ziddiyatlar boshlanganidan beri eng qonlilaridan biri deb ko‘rilgan kunda ko‘p sonli odamlar halok bo‘lganini bildirishdi.

Faollarga ko‘ra, Damashq janubida o‘tayotgan dafn marosimiga og‘ir qurollar va tikucharlar hujum qilingan.

Prezidentning pochchasi, mudofaa vaziri va janob Assadning inqiroz yechimi topish uchun tashkil qilingan jamoasi rahbari kechagi portlashda halok bo‘lganlar.

Isyonchi guruhlar bomba Milliy Xavfsizlik qarorgohida majlisdan bir kun avval joylashtirilganini aytganlar. Ular hukumatning yaqin kunlarda qulashi muqarrar deb ishonadilar.

Armiya esa Suriyaning "jinoyatchi va qotillar bandalari"dan tozalashini aytmoqda.

Londonda joylashgan Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhi chorshanba kuni Suriya bo‘ylab 150 kishi nobud bo‘lgani va bu 16 oydirki davom etayotgan mojaroning eng qonli kunlaridan biri bo‘lganini aytgan.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Myuir internetda joylashtirilgan videoda, faollarga ko‘ra, Damashq janubidagi Sitt Zaynab hududida o‘tayotgan dafn marosimi tikucharlardan o‘qqa tutilar ekan, vahima va qon to‘kilgani aks etgan.

Faollar ayni hodisaning o‘zidagina 60 kishi halok bo‘lganini aytishdi.

Davlat matbuoti esa qurolli kuchlar Damashqning ko‘p qismlarida "terrorchilar"ni o‘ldirganlarini xabar qilgan.

Faollar g‘arbdan poytaxt tomon harakat qilayotgan tanklar haqida ma‘lumot berishgan.

Muxbirimizga ko‘ra, isyonchilar teleradiokompaniya ham hujumga olinishi borasida ogohlantirib, qarorgohdagi xodimlarni binoni tark etishga chaqirganlar.

Damashqda yuz bergan avvalgi hujumlardan farqli o‘laroq, chorshanba kuni Milliy Xavfsizlik qarorgohida yuz bergan hujumning foto va videosi davlat matbuotida tarqatilmagan. Bi-bi-sining Damashqdagi muxbiri Lina Sinjab esa qarorgohning bironta ham derazasi sinmagan ko‘rinishini aytadi.

AQSh mazkur hujum rejimga qattiq zarba berishini aytib chiqdi. "O‘ylashimcha, bugungi hodisa Assad nazoratni qo‘ldan boy berayotganidan dalolat beradi. Barcha sheriklarimiz birlashib, hukumat o‘zgarishini dastaklashimiz kerak", - dedi Oq Uy voizi Jey Karni.

Britaniya Bosh Vaziri Deyvid Kameron janob Assad hukumatni tark etishi kerakligi va "rejim o‘zgarishiga vaqt kelgan"ini aytgan.

Livanda esa Hizbulloh rahbari Hassan Nasrulloh hujumni qoraladi va "Biz bu birodarlarimizni sog‘inamiz va Suriya rahbariyati, hamda Suriya armiyasiga o‘z ta‘ziyamizni izhor qilamiz", dedi.

Rossiya ba‘zi davlatlar muxolifat vajohatini so‘ndirish o‘rniga, uni rag‘batlantirishganini aytdi.