Markaziy Osiyoda ro‘zadorlar soni oshib bormoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mintaqaning barcha davlatlarida Ramazon oyi ibodatlarini ado etayotgan musulmonlar soni ko‘paygani kuzatiladi.

Bu borada aniq raqamlar yo‘q va maxsus tadqiqot o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, tahlilchilar masjidlarning to‘lib-toshib ketayotgani, xalol mahsulotlar va iftorlik xizmatlarining ommalashib borayotganidan ana shunday xulosaga kelishgan.

Tojikiston hukumati tobora ko‘payib borayotgan taqvodorlarning ruhoniy ehtiyojlarini qondirish uchun poytaxt Dushanbeda sobiq sovet hududidagi eng yirik jome-masjid qurilishini boshlagan.

Yangi masjidda 60 ming musulmon namoz qila oladi.

Qozog‘iston poytaxti Ostonada esa 10 ming kishi namoz qiladigan yangi jome‘ masjid ishga tushgan.

Ro‘zadorlar va taqvodorlarning ko‘payib borayotganini O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur ham tasdiqlaydi.

"Diniy idoramizga "mana bunday qilsa ro‘za ochiladimi, ochilmaydimi" qabilidagi savollar bilan murojaat qilayotgan yoshlarning ko‘pligidan biz bilayapmizki, ularning soni yildan-yilga ko‘payyapti", - deydi taniqli ulamo.

Uning o‘zi bu ko‘rinishni so‘nggi paytlarda ro‘za tutishning foydasi bilan bog‘liq, jumladan, musulmon bo‘lmagan olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari, shuningdek, mamlakatda diniy adabiyotlarning ko‘paygani, tobora ko‘proq odamlarning Islomni o‘rganishlariga yo‘l ochilgani bilan tushuntiradi.

Cheklovlar

O‘tgan yillarda Ramazon oyida oshxona va restoranlarda ommaviy iftorlik marosimlarining taqiqlab qo‘yilgani haqida xabarlar olingan.

Shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, bu borada hukumat tomonidan hech qanday cheklov yo‘q.

"Davlat tomonidan ro‘zadorlar kam bo‘lsin, iftorliklar kam bo‘lsin, degan narsa yo‘q mutlaqo. Biz odamlarga tushuntirayapmiz, bu to‘y emas. To‘y emaski, ro‘za tutgan-u tutmagannni yoppasiga taklif qilib, ziyofat berilsa. Iftorlik bu ro‘za tutib, iftorga qurbi yetmaganlar uchun joriy bo‘lgan. Shuning uchun iftorlikning xonadonda bo‘lgani yaxshi. Xonadonda Qur‘on o‘qiladi, suhbatlar bo‘ladi ham xonadoniga fayzu barakot nozil bo‘ladi. Iftorlikni katta to‘yxonalarda qilish joiz emas, degan narsani kechagi jumada ham xalqimizga tushuntirdik",- deydi u.

Taniqli ulamo taqvodorlarning soni ko‘payib, masjidlarning musulmonlar bilan to‘lib-toshib ketayotgani mintaqaning dunyoviy tuzumlari, jumladan, O‘zbekiston hukumatini tashvishga soladi, degan fikrlarga qo‘shilmasligini aytadi.

"Aqidada chalg‘imagan, turli-tuman oqimlarga kirmagan musulmonlar bo‘lsa, ayni muddao. Ulardan hech kimga zarar yetmaydi. Ammo dinimizning nomidan nimalar qilinmayapti dunyoda. Ana shundan cho‘chish bor, undan biz ham cho‘chiymiz xatto", - deydi Shayx Abdulaziz Mansur.