Obamaga suiqasdda ayblangan o‘zbekning akasi o‘z ukasi majburlanganiga ishonadi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Ulug‘bek Qodirovning akasi uning aybsiz ekaniga ishonadi

AQShda bir hafta avval Prezident Obamani o‘ldirishni rejalashda aybdor deb topilib 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirovning akasi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va AQShdagi o‘zbek jamoasiga murojaat qilib, ukasining ishi qayta ko‘rib chiqilishiga erishish yo‘lida yordam so‘ragan.

Ulug‘bek Qodirov Alabama shtatida Prezident Obamani o‘ldirish uchun qurol sotib olish aybiga iqror bo‘lgan. Biroq uning akasi, Otabek Qodirov, bu iqrornomaga u majbur bo‘lgan deb ishonadi.

Toshkentdan BBC bilan suhbatlashgan Otabek Qodirovning aytishicha, 22 yoshli yagona ukasining mahkama ishida ko‘p adolatsizlikka yo‘l qo‘yilgan.

"Ukamning ishi qayta ko‘rib chiqilishiga kimdir yordam bera olsa, juda ham xursand, juda minnatdor bo‘lardik. Hyuman Rayts Votch va boshqa tashkilotlarga ham murojaat qilayapmiz. Ukamni aybdor deydigan juda ko‘p maqolalar chiqdi, lekin men haqiqat yozilishini istayman. Balki shundan so‘ng, Amerikada fikr o‘zgarib, ishni boshdan ko‘rib chiqishar", - deydi u.

U ukasi uchun yaxshiroq hukuqiy himoya ta‘minlash yo‘lida AQShga borish urinishlari natijasiz bo‘lgani - AQSh elchixonasini uning viza so‘rovlariga rad javob qilganini aytadi.

"Avvaliga Qozog‘istondagi AQSh FBR (Federal Qidiruv Byurosi) xodimi kelib bizga Amerikaga borishga yordam berishini aytdi. Lekin hech javob bo‘lmadi. Aloqaga chiqmay qo‘ydi. So‘ng men o‘tgan yil oktyabrda Toshkentdagi AQSh konsuliga uchrashdim, ularga FBR xodimining nomerini ham berdim. Ular menga ertasi telefon qilib, "senga viza bera olmaymiz, moliyaviy holating bo‘yicha ma‘lumot yo‘q" deb rad javob qilishdi. So‘ng ko‘p o‘tmay yana topshirganimda "Hamma hujjatlaring joyida, lekin viza bermaymiz" deyishdi. Viza berilmasligiga "sabab yo‘q" deb yozib berishdi", - deydi Otabek Qodirov.

U AQShga borib ukasi ishidagi barcha hujjatlar bilan tanishib chiqishni niyat qilganini aytadi. Unga ko‘ra, ukasining advokati Lans Bell "FBR bilan birga ishlagan".

Uning aytishicha, hibsda saqlanayotgan ukasi Ulug‘bek unga qo‘ng‘iroq qilib, mutlaqo aybsiz ekani, biroq u ayblovga iqror bo‘lmasa, bir umrlik qamoq jazosiga yuz tutishini aytib ogohlantirilganini xabar qilgan.

"Ukamning aytishicha, video va audio yozuvlarning ko‘p qismi o‘chirib tashlangan. Ular (qurol sotib olishni uyushtirganlar) tomonidan gapirilgan gaplar o‘chirib tashlangan, lekin faqat ukamning gaplari qoldirilgan. Bu yozuvlar bizga ko‘rsatilmadi, oyim hujjatlar bilan tanishish uchun Amerikaga borganlarida ham ko‘rsatishmadi", - deydi u.

Otabek Qodirov ukasining Obamani o‘ldirish uchun qurol sotib olish niyati bo‘lganini rad qiladi.

"Ukam qurolni sotib olish uchun FBRning odamlari bilan birga borgan. Ular olishga yordam bergan. Ular olishgan. Ukam "Qurolni o‘z hoxishim bilan olmaganman, ular bilan borganman, ular menga "shuni olasan" deganlaridan keyin olganman" dedi. Ukam ushlangan paytida qurolni xatto qo‘liga olmaganini aytayapti", - deydi u.

Otabek Qodirov ukasining mahkama ishi va boshqa terror amallarining fosh etilishining bir vaqtga to‘g‘ri kelishi AQSh xavfsizlik xizmatlarining muayyan siyosati bo‘lishi mumkinligiga ishonadi.

"Bu Amerikaning o‘yini bo‘lsa kerak. Balki prezidentning saylovdan oldingi bir o‘yini, yo FBR o‘zini ko‘rsatmoqchi" - deydi u.

"Yuvosh bola"

Otabek Qodirov ukasi Ulug‘bekning so‘nggi paytlarda Islomga ko‘proq qiziqqanini inkor etmaydi, biroq qolgan barcha ayblovlar uyushtirilganiga ishonadi. Uning aytishicha, Ulug‘bek unga Islomiy vebsaytlarga kirganini bildirgan, lekin internetda hech kim bilan bu borada muloqot qilmaganini aytgan.

U ukasiga qarshi chiqarilgan ayblovlarda aynan qaysi Islomiy saytlarga kirilgani ko‘rsatilmaganini aytadi.

"Namoz o‘qigan odam jinoyatchi degani emas. Ukam siyosatga aralashidigan bola emas, urushadigan bola emas", - deydi u.

Otabek Qodirovning aytishicha, mahalla-kuy Ulug‘bekning AQShda qamoqqa olinganidan hayron.

"Xarakteri yuvosh bola edi, faqat o‘qiyman derdi. Ko‘chada ko‘p yurmasdi, o‘qishga qiziqardi. Hamma qo‘shnilar biladi ukamning yaxshi bolaligini. Hamma hayron. Sinfdoshlari ham ishonmay, chiqib ketadi deb yurishgandi. Onam ham, dadam ham juda qiynalishayapti, 15 yil juda katta muddat", - deydi u.