London 2012: Birgina mash‘alaning qudrati nimaga yetadi?

Avval ham aytganimdek, birgina qilt etgan bahona jurnalistning "to‘lib-toshishi" uchun yetarli bo‘ladi.

Ammo bu gal to‘kilishimga turtki bergan "yilt" etgan bahona - Olimpiada mash‘ali bo‘ldi.

Ishonasizmi, yo‘qmi, ayni shu kunlarda menga o‘xshagan jurnalistlarning "boshlarini shishirayotgani" ham (ko‘rishdan oldin, yoritish huquqing haqidagi bandma-band tavsiyalarni o‘qiyverib), mahalliy ommaviy-axborot vositalarida gapni qizitib, odamlarning e‘tiborini chalg‘itishga urinilayotgani ham shu – sakkiz mingta teshikchasi bor oddiygina alyuminiy Olimpiya mash‘alasi!

Haftalik yomg‘irlarning keti zo‘rg‘a uzilgan, O‘yinlarning himoyasini ta‘minlash uchun mahalliysi yetmay, Tolibonga qarshi jang olib borayotgan Afg‘onistondagi britan harbiylari xizmatga chaqirilgan, qator ish tashlashlar "munchoqdek ipga tizilib turgan" va ko‘ngillarga "evro" bo‘hroni soya tashlab turgan bir manzarada Olimpiada mash‘alining o‘rni, ayniqsa, tashkilotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etgan...

Olimpiada mash‘ali

O‘nlab britan shaharlari, tumanlari, qishloqlari, tarixiyu muqaddas qadamjoylarini bosib o‘tgan mash‘al o‘tgan juma kuni Londonga yetib kelgandi.

Ammo bungacha O‘yinlar atrofidagi gap-so‘zlar keragidan ham ortiq qizib ulgurgan emasmi, odamlarning ko‘ngliga mash‘aldan oldin "o‘t solib ulgurgan": "Bomba hujumi yuz bersa nima bo‘ladi? O‘ziyam uch asr burun qurilgan emasmi, dunyodagi eng qadimiysi bo‘lgan metro tizimimizning ahvoli-chi? Agar hammasi joyida bo‘lsa, tashkilotchilar qo‘yu sigir tiriklayin sahnaga chiquvchi va naq 27 million funt sterlingga tushuvchi rasmiy ochilish marosimi vaqtini nega qisqartirishmoqchi? Buning tagida bir gap bor-ov..."

Gap-gap bilanu, dunyoning har qanday davlatida aholining "harorati" o‘lchab boriluvchi so‘nggi so‘rov natijalariga qaralsa ham, mash‘al katta sondagi britanlarning "ko‘ngillarini baribir yorita olmabdi".

Mash‘alni deb 8.000 ta teshikchasiga muvofiq 8.000 kishining ovora bo‘lgani ham, Britaniya aholisining 95 foiziga ko‘rsatilgani ham tashkilotchilar kutgan natijani bermasa, deng.

Ularning ohlaridan internet forumlarining ham "dud"i chiqib ketgandek: "Hamshiralarga durust-quruq oylik, nafaqaxo‘rlarga ko‘ngildagidek nafaqa berolmaymiz. Bir tomondan yoqilg‘i narxlari, ikkinchi tarafdan soliqlar oshib borayotgan bo‘lsa. Ish o‘rinlari ham qisqarib bormoqda. Amal-taqal qilayotgan odamlar qancha...", deb shikoyat qilgan birovi o‘z taajjublarini alohida undov yuklangan "Olimpiada O‘yinlari?!", degan savolda ifodalagan. Boshqasi esa, birodar, qo‘yavering, etimiz ham pishib qoldi, degandek unga tasalli bergan: “Banklarining qarzlarini to‘lab, ishini uddalolmagan rahbarlarini siylab, siyosatchilarining "injiqliklari" uchun pul topgan davlat yana bir keraksiz sarf-xarajat uchun mablag‘ topadi-da – "Oh qanaqa O‘yin!"

Bu kinoyani bor ohangiyu rangida ifodalash uchun, nazarimda, kamida o‘zlarining Shekspiri bo‘lish kerag-ov...

Naq O‘yinlar arafasida shundoq ham tanqidchiligi bilan "tilga tushgan" britan ommaviy-axborot vositalarining "nolishi" esa, qolgan G‘arb nashrlarining alohida mavzusiga aylangan.

Deylik, Amerikada chop etiluvchi "Nyu York Tayms" gazetidagi bir maqolada yozilishicha, londonliklarning sevimli sporti "nolish, badbinlik va mas‘ullarni balogardon" qilish emish.

Bu kabi o‘xshatishning qiyosidan britancha shikoyatbozlik darajasini ham his etib qolganingizga shubham yo‘q.

Bu hali hammasi emas

Kitoblardan orttirgan nazariysi-ku mayli, Britaniyadagi o‘n yillik hayotiy tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bu yerdagi kattayu kichik tadbirlar hech qachon ish tashlashlarsiz kechmaydi.

Iso mavludi ayyomi bo‘lmaydimi, farqi yo‘q, hukumat bilan "oldi-sotdi" qilishning bundan ortiq qoyilmaqom imkoniyati bo‘lmaydi.

Ish tashlagan "temirni qizig‘ida bosaman", deb halak, ularni ishga qaytaraman, degan hukumat esa, temirni sovutolmay...

Aholining yangi hukumati "konservativ siyosati"ni o‘z karmonida his etishi uchun bor-yo‘g‘i ikki yilning o‘zi kifoya qilgan emasmi, ko‘pchilikning nazdida London Olimpiada O‘yinlarining ham bu an‘anaga zid kechishi mumkin emasdi.

Hammasi O‘yinlarga sanoqli kunlar bir paytda, bor-yo‘g‘i uch-to‘rt kuncha burun boshlandi:

Hukumat ish tashlamoqchi bo‘lgan avtobuschilarni bir amallab shahdlaridan qaytargan bir paytda, taksichilar, ularning ortidan shundoq ham bugun London aeroportlarida soni sanoqli bo‘lgan migratsiya xizmati xodimlari, bular ham qolib, poyezd haydovchilari rasmiylarning "jon joylari"dan ushlaymanga tushib qolishganiga nima deysiz?

Bir tomondan, "Bu qanaqa mas‘uliyatsizlik, vatanparvarlik hissi qani", degan xitoblar yangrayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, "majburiy kes-keslarni bas qilib, maoshim va nafaqamni insof bilan ko‘tarib qo‘ying", degan da‘vatlar...

Britan Bosh vazirining shaxsan o‘zi, hatto, Afg‘onistondan turib, "buni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan"ga tushib qolsa.

Qo‘l ostidagi vazirlaridan biri muammoning yechimini ularni ishdan haydashda ko‘rsa, boshqasiga ko‘ra, shundoq ham tang vaziyatni yanada olovlatmagan ma‘qul...

Bularning barchasi manzarasida esa, mamlakat ommaviy-axborot vositalari O‘yinlar homiylari reklamasi bahona, dunyoga "Buyuk Britaniyaning buyukligini ko‘rsatib qo‘yish"ga chaqirgan.

"Azaga borgan har kim o‘z dardini aytib yig‘laydi", emasmi, mahalliy do‘kondorlar esa, "Ming buyuklikni targ‘ib etmaydimi", homiylarga berib yuborilgan "katta huquq"lardan xafa: "Na-da O‘yinlar ramzlari bilan do‘koningizni bezab, Olimpiada ruhini bera olasiz, na-da ular sotgan oziq-ovqatni sota olasiz...".

2005 yilning iyul oyida London naqliyot tizimida uyushtirilgan hujumlar ellikdan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan emasmi, kuni-kecha Bo‘lg‘oristonda amalga oshirilgan xudkushlik hujumida isroillik sayyohlarning qurbon bo‘lishiga oid xabar esa, bularning ustiga ustak bo‘lgan.

Ammo shaxsiy telefonlarni yashirincha eshitish bilan bog‘liq mojarolardan ortib, Britaniya Madaniyat Vaziri Jeremi Hant "Josuslik xizmatlari eng ishonchlilaridan biri" ekanini aytib, barchani "hammasi yaxshi bo‘lish"ga ishontirishga ham vaqt topgan.

Bir necha oydan beri davom etayotgan va sobig‘u amaldagi britan hukumati mulozimlarining so‘roq berishlariga to‘g‘ri kelayotgan ushbu mojaro sabab ayni shu kunlarda amerikalik mediakorchalon Rupert Merdok ham News Corporation dagi qator rahbarlik lavozimlaridan iste‘fo berishini e‘lon qilgan.

Ammo London Yozgi Olimpiada O‘yinlari yaqinlashib kelarkan, shu kunlarda bir-biriga ulanib ketayotgan salbiy xabarlarning ijobiysiga o‘rin bo‘shatishiga bo‘lgan umidlar ham yo‘q emas.

Bularning barchasi haqida esa, navbatdagi hikoyamdan bilib olasiz.