"MTS: O‘zbekistondagi tarmoqlariga tugun tushgan telekomlar"

Image copyright mts.ru

"MTS Sobiq Sho‘ro mintaqasi - Markaziy Osiyoning mushkulotlarga to‘la bozorida yo‘l topishda namuna ko‘rsatishiga umid qilgan sarmoyadorlar til tishlab qolishdi", deyiladi maqolada.

Muallifga ko‘ra, "2010 yil oxirlarida Turkmanistondan kovushi to‘g‘irlangan MTSning bugun O‘zbekiston rasmiylari bilan orasida qora mushuk o‘tgan ko‘rinadi".

Bu esa, o‘zbek rasmiylari bilan san-manga borishi ortidan bor budidan ajralgan sarmoyadorlar uchun juda tanish manzara.

Maqola muallifining yozishicha, O‘zbekistonda 9.5 million mijozga xizmat ko‘rsatgan MTS o‘z bayonotida aytilganidek, "o‘zi va o‘z xodimlari huquqlarini himoya qilish ilinjida" bo‘lsa, qarshisida o‘ta mushkul kurash turibdi.

MTS boshi uzra bulutlar iyun oyida, shirkat boshqaruvchi rahbari Behzod Ahmedov Moskvaga chiqib ketgan vaqtidan boshlandi.

So‘nggi haftalar "O‘zdunrobita"ning bir Rossiya fuqarosi doxil qator xodimlarini hibsga olgan huquq-tartibot organlari Ahmedov javobgarlikdan qochib yurganini aytishadi.

Hibsga olinganlardan ikki nafari moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

MTS esa, faoliyati davomida hech qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaganini ta‘kidlaydi.

Shirkat, shuningdek, o‘zbek rasmiylari "O‘zdunrobita" idoralarida kerakli ruxsatnomalarsiz tekshiruvlar o‘tkazgani va xodimlarini qo‘rqitib, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yayotganlarini aytadi.

Maqolada yaqin o‘tgan kunlarda MTS tomonidan chiqarilgan bayonot tilga olinadi. Unda aytilishicha, "o‘zbek tomonining "O‘zdunrobita"ga qarshi harakatlari Rossiya biznesiga nisbatan hujum sifatida baholanishi mumkin".

"O‘zbekiston MTS bilan kelishmovchiliklarini hal qila olmasa, keyingi qadami nima bo‘lishi haqida gapirish qiyin", deya davom etadi muallif.

MTS litsenziyasining vaqtincha 10 kunga to‘xtatilishi yo yarashuv uchun imkoniyat va yo bundan-da, battaroq kunlar kelishiga ishora sifatida talqin qilinishi mumkin.

Lekin, deydi muallif, O‘zbekistonda Kanadaning Nyumont yo-da, Britaniyaning Oksus Gold shirkatlari taqdirini kuzatgan tahlilchilar uchun bu manzara notanish emas.

Kremlga yaqin ko‘rilgan Vladimir Yevtushenkoning "Sistema" grupi bir qismi bo‘lgan MTS 2004 yildan beri O‘zbekistonga 1.3 milliard dollar sarmoya kiritgan va "O‘zdunrobita"ning 100 foiz hissasiga egalik qiladi.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, "O‘zdunrobita" MTS umumiy biznesining bor-yo‘g‘i 3.5 foizini tashkil etadi va shirkat O‘zbekistondagi faoliyati uchun ko‘p ham qayg‘uga tushmasligi mumkin.

Lekin, maqolada yozilishicha, Turkmanistonda olib qo‘yilgan litsenziyasini qaytarib olish uchun 18 oydan beri jon jahti bilan kurashayotgan MTS o‘zining yirikroq bozori - O‘zbekistondagi o‘z manfaatlarini bundan ham qattiqroq turib himoya qilishi tayin.

"Mojaro qanday rivojlanishini kuzatish arzirli", deb yozadi muallif.

"Agarda O‘zbekistonda Kreml bilan kuchli aloqalarga ega shirkat omon qola olmasa, MTSdan ko‘ra kamroq siyosiy ta‘sirga ega shirkatlar mamlakatdagi kelgusi qadamlarini juda ehtiyotkorlik bilan bosishlariga to‘g‘ri keladi", deya xulosa qilinadi maqolada.