Tojikiston Mudofaa vazirligi: "Tog‘li Badaxshonga qo‘shimcha kuchlar kiritilmaydi"

Image caption Abdullo Nazarov 21 iyul kuni pichoqlab ketilgan

Tojikiston Mudofaa vazirligi davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi general-mayori Abdullo Nazarov o‘ldirib ketilishi ortidan Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida qo‘shinlar joylashtirilmasligini aytgan. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Faridun Mahmadaliyev ma‘lum qilgan.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Badaxshon viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Nazarov janoblarining joniga 21 iyul kuni qasd qilingan.

Tergovchilar hujumchilar mintaqa tamaki bozorini nazorat qilgan jinoiy guruhga aloqadorligini aytishgan.

Mudofaa vazirligi voizi Mahmadaliyevning aytishicha, hozirda Xorug‘dagi harbiy qism har doimgidek vazifasini o‘tamoqda.

"Jinoiy ishlar bo‘yicha tekshiruv olib borish huquq-tartibot agentliklari vakolatlariga kiradi, Qurolli Kuchlarniki emas", deb aytgan Mahmadaliyev janoblari.

Unga ko‘ra, Badaxshon viloyatiga qo‘shimcha kuchlar kiritishga ehtiyoj yo‘q.

"Mish-mishlar"

Image caption Tog‘li Badaxshon ishsizlik darajasi yuqori viloyatlardan

Sal oldiroq, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati ma‘muriy markazi Xorug‘ va Tojikistondagi ijtimoiy tarmoqlarda generalning o‘ldirilishi ortidan mintaqaga qo‘shinlar joylashtirish rejalari borligi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi.

Kuni kecha Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi chiqargan bayonotda Abdullo Nazarovga 20 yaqin kishi hujum qilgani aytilgandi.

Bir necha marta pichoq urilgan general Nazarov voqea joyida olamdan o‘tgan.

Avvalroq, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi rasmiysi Interfaks axborot agentligiga gapirarkan, Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Harbiy Prokuratura va Tojikiston Bosh Prokuraturasi vakillaridan iborat tekshiruvchilar guruhi hodisa joyiga jo‘nab ketishganini aytgan.

Afg‘oniston bilan chegaradosh Tog‘li Badaxshon Tojikiston sharqidagi aholisi kam va eng kambag‘al hududlaridan biridir.

Viloyatda tamaki eng asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan hisoblanadi. Mahsulot mahalliy va qo‘shni Qirg‘izistondagi korxonalarga sotiladi.

General Nazarov Tojikistonda o‘tgan bir necha yil asnosida o‘ldirib ketilgan eng yuqori martabali xavfsizlik xodimidir.