Tojikistonda milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i o‘ldirilgan

21 iyul kuni Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Badaxshon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdullo Nazarov o‘ldirib ketilgan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, qotillik shanba kuni kechqurun Navodak posyolkasida sodir etilgan.

Noma‘lum kishilar general Nazarovning mashinasini to‘xtatishgan va bir necha marta pichoq urishgan.

General Nazarov voqea joyida olamdan o‘tgan.

Mashinada general bilan birga uning ikki qo‘riqchisi- maxsus xizmatlarning "Alfa" guruhidan ikki xodim bo‘lgan va ular nega generalni himoya qilisholmagani noma‘lum.

Ayni paytda yuqori lavozimli generalning o‘ldirilish sabablari va mazkur qotillik tafsilotlari ham ma‘lum emas.

Nazarovning yaqinlari generalning o‘ldirilganini tasdiqlashgan.

Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi hodisa yuzasidan ma‘lumot berishni xohlamagan.

Huquqni himoya qilish xizmatlarining nomi ochiqlanmagan manbasi BBCga aytishicha, qotillik buyurtma bo‘lishi va jinoiy guruhlar aralashganligi taxmin qilinmoqda.

Abdullo Nazarov SSSR davridan buyon xavfsizlik sohasida ishlagan tajribali zobitlardan bo‘lgan.

Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida (1992-97 yillar) Nazarov "muxolifat tomoniga o‘tib, ularga yordam berib yurgan" qabilidagi gaplar tarqagan.

Tinchlik haqida bitim imzolanganidan keyin Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi saflariga qabul qilingan.

Abdulla Nazarovning ismi Wikileaks xabarlarida ham keltiriladi.

U Amerika diplomatlari bilan uchrashuvda tojik yoshlariga turli radikal diniy oqimlarning ta‘siri o‘sib borayotgani haqida gapirgan.

Biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, sodir etilgan qotillikka diniy guruhlarning aloqasi borligi unchalik ishonchli emas.

Afg‘oniston bilan chegaradosh Tog‘li Badaxshon Tojikistondagi eng kambag‘al hududlaridan biri bo‘lib, ishsizlik yuqori hisoblanadi.