Eng boy odamlarning soliqdan yashirilgan pullari qancha?

Image copyright Reuters
Image caption Tadqiqotchi dunyodagi boy odamlarning yashirilgan mablag‘larini "iqtisoddagi qora bo‘shliq", deb atagan

Tax Justice Network tashkiloti buyurtmasi bilan tayyorlangan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyodagi eng boy odamlar 2010 yil oxirida soliqlardan yashirilgan kamida 21 trillion dollarni offshor zonalarda saqlaganlar.

Bu dunyodagi eng yirik iqtisodlar - AQSh va Yaponiya iqtisodi hajmiga teng mablag‘dir.

Yangi hisobot muallifi Jeyms Henri McKinsey konsultantlik shirkati bosh iqtisodchisi lavozimida ishlagan.

Tax Justice Network tarmog‘i undan bu borada tadqiqot o‘tkazishni so‘ragan.

Tax Justice Network - dunyo bo‘ylab mablag‘larning soliqdan yashirilishiga qarshi kampaniya yuritadigan guruh.

1 trillion 1000 milliard deganidir.

Jeyms Henri fikricha, 21 trillion bahsli raqam va jahon bo‘ylab soliqlardan yashirilayotgan mablag‘ning haqiqiy miqyosi 32 trillion dollarga teng.

Jeyms Henri o‘z tadqiqotida Jahon banki, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi, mamlakatlar hukumatlari taqdim etgan va dunyodagi mamlakatlar markaziy banklarining tashkiloti - Bank of International Settlements ma‘lumotlaridan foydalangan.

Bu tadqiqotda faqat bank hisob raqamlari sarmoya hisoblariga depozit sifatida qo‘yilgan boyliklar o‘rganilgan, ko‘chmas mulk yoki yaxtalar hisobga olinmagan.

Yangi hisobot butun dunyoda jamoatchilik va siyosatchilar orasida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va daromadlarni yashirish ko‘payayotgani borasida xavotirlar kuchayib borayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Ayrim mamlakatlar rasmiylari, jumladan, Olmoniya ham o‘g‘irlangan mablag‘ini soliqdan yashirishga urinadigan shaxslar haqidagi axborot uchun pul to‘lab keladi.

Jeyms Henri aytishicha, jahon bo‘ylab haddan ziyod boy insonlarning mablag‘larini u yoqdan bu yoqqa o‘tkazishga butun boshli xususiy banklar, huquq va hisob-kitob hamda sarmoya shirkatlari aralashadi.

“Yo‘qotilayotgan soliq tushumlari bizning hisob-kitobimiz bo‘yicha ulkan. Ko‘plab mamlakatlarning moliyaviy sohasida salmoqli farq yasash mumkin darajada yirik”, deb aytgan Jeyms Henri.

Tadqiqotchi dunyodagi boy odamlarning offshor hududlardagi mablag‘larini "jahon iqtisodiyotidagi ulkan qora bo‘shliq”, deb atagan.

Hisobotda 139 ta rivojlanayotgan mamlakat soliqchilari qo‘li yetmagan mablag‘larning qay shaklda tashqariga chiqib ketgani o‘rganilgan.

Siz O‘zbekistondagi mol-mulklarni soliqlardan yashirish hollariga guvoh bo‘lganmisiz? Kimlar asosan bunday ishlarning uddasidan chiqishadi? U yerdagi soliq undirish mexanizmi Sizni qoniqtiradimi? Fikru mulohazalaringizni quyidagi forma orqali bbcuzbek.com ga yo‘llang