Afg‘onistonda politsiya xodimlari Tolibon tarafga o‘tishgan

Afg‘oniston sharqidagi Faroh viloyatida bir politsiya qo‘mondoni va 13 zobiti Tolibonga qo‘shilgan.

Hodisa yakshanba kuni yuz bergan.

Muxbirlar buni politsiya safidan toliblar tarafiga o‘tish bilan bog‘liq eng yirik hodisa sifatida ta‘riflashmoqda.

Ularga ko‘ra, Mirvays ismli qo‘mondon politsiya nazorat nuqtasidagi 20 kishiga bosh bo‘lgan.

Sobiq politsiya xodimlari o‘z xizmat vazifalarini tark qilisharkan, og‘ir qurollar, radio uskunalar va xizmatga tegishli avtomobillarni olib ketishgan.

Faroh nisbatan osoyishta g‘arbiy mintaqadagi eng tinch hududdir.

Tolibonga qo‘shilgan politsiya qo‘mondoni Balo Bo‘lak usulvorligidagi Shervon qishlog‘ida faoliyat qilgan. Bu hudud yaqinlargacha Tolibon tayanch nuqtasi hisoblangan.

Isyonkorlar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari olib borgan qator amaliyotlar ortidan bu yerdan quvib chiqarilgan. Ammo, mahalliy rasmiylar yaqindan beri isyonkorlar bu yerga qayta to‘planishganini aytishadi.

Hukumat jim

Afg‘oniston hukumat hodisa yuzasidan biron bir munosabat bildirmagan.

"Ham Kobul va ham viloyatlardagi hukumat rasmiylari hodisadan dahshatga tushishgan. Strategik tumandagi politsiya qo‘mondoni qanday qilib Tolibon tarafiga o‘tishi mumkin? Bu Afg‘oniston hukumati uchun o‘ta xijolatli holat. Buni ular sukut saqlayotganlaridan ham bilish mumkin", deydi BBCning Kobuldagi muxbiri Bilol Sarvariy.

Hodisa yakshanba kuni sodir bo‘lgan esa-da, tafsilotlar seshanba kuni paydo bo‘lgan.

Buni josuslik amaliyotlaridagi muvaffaqiyatsizlik sifatida ham izohlash mumkin.

"Aslida Mirvays kabi qo‘mondonlar chekka qishloqlar va hududlarda xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlash uchun muhim rol o‘ynashlari kerak", deydi muxbirimiz.

Ko‘pda yoritilmaydigan xabar

Viloyatga joylashtirilgan politsiya va josuslik xizmati zobitlariga ko‘ra, qo‘mondon o‘zi bilan birga Tolibonga qo‘shilishga rozi bo‘lmagan 7 politsiya xodimini zaharlagan.

"Mirvays va uning qo‘li ostidagilar politsiya safiga qariyb ikki yarim yil oldin qo‘shilishgan. Mirvays ma‘lum vaqtdan beri hududda isyonkorlarga qarshi kurashib kelgan", deydi Afg‘oniston josuslik xizmati rasmiysi BBC muxbiri bilan suhbatda.

"U toliblar tarafga o‘tishidan oldin muhim josuslik ma‘lumotlarini isyonkorlarga yetkazib turgan bo‘lishi kerak", deydi u.

Rasmiylarning aytishlaricha, olib qochilgan yelkaga qo‘yib otiluvchi raketalar, og‘ir avtomat qurollar, radio uskunalar va ikkita Xumveyes rusumli harbiy mashina doxil bir necha politsiya avtomobillari mintaqada faoliyat qilayotgan Tolibon uchun katta quvvat bo‘lishi mumkin.

Muxbirimizning aytishicha, bu politsiya safidan toliblar tarafiga o‘tish bilan bog‘liq eng yirik hodisa deb ishonilmoqda.

O‘tgan bir necha yil ichida Qandahor, Helmand, Zobul, Uruzgon, G‘o‘r, Faroh, Bodg‘iz va Hirot kabi viloyatlarda o‘xshash hollar kuzatilgan. Ammo, ular kichik ko‘lamda yuz bergan.

BBC muxbiri Bilol Sarvariy bunday hodisalar afg‘on matbuotida kamdan-kam yoritilishini aytadi.

Xalqaro kuchlar yaqindan beri Tolibon jangchilarini hukumat safiga og‘dirish yo‘lida ko‘proq muvaffaqiyatga erishilayotganini aytishgan.

Bir paytlar nisbatan tinch hisoblangan Faroh viloyatida bugun zo‘ravonliklar darajasi oshgan.

Ko‘plab tumanlar, ayniqsa, yaqinda hujumlarga sahna bo‘lgan viloyat markazida Tolibon va boshqa isyonkor guruhlar faol.

Faroh viloyati Eron bilan chegaraga egaligi bilan strategik ahamiyatga ega, bu bilan birga muhim Qandahor-Hirot shohyo‘li ayni viloyat orqali o‘tadi.