OXHT Tog‘li Badaxshondagi vaziyatdan xavotir izhor qildi

Image copyright BBC World Service

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti amaldagi raisi Eymon Gilmor Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi 42 insonning umriga zomin bo‘lgan va o‘nlab insonlar tan jarohati olgan harbiy to‘qnashuvlardan tashvish bildirgan.

Eymon Gilmor insonlar hayoti boy berilganidan chuqur taassufda ekanini aytgan.

"Men, ayniqsa, tinch aholi orasida talofatlar borligi borasidagi xabarlardan xavotirdaman va barcha tomonlarni tiyilishga chaqiraman", degan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi.

Irlandiya bosh vaziri o‘rinbosari Gilmor janoblari mintaqada faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar xodimlariga munosabatdan ham tashvish izhor qilgan.

Otashkesim

Hozir Tojikiston sharqida joylashgan Tog‘li Badaxshon markazi Xoro‘g‘ning o‘zida to‘la otashkesim e‘lon qilingan.

Ammo, seshanba kuni tongda general Abdullo Nazarov o‘limiga aloqador shaxslarni ushlash uchun boshlangan maxsus harbiy amaliyot nihoyasiga yetkazilmagan.

Otashkesim Prezident Imomali Rahmon Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati raisi Qodir Qosimdan Pomir harbiy amaliyotlarga mutlaq chek qo‘yishni talab qilishi ortidan kuzatilgan.

Bundan bir necha soat o‘tib, mintaqa hokimi Qodir Qosim Horo‘g‘dagi mahalliy faollar bilan uchrashgan va shaxsan Prezident Rahmon mintaqada harbiy amaliyotlarni butunlay to‘xtatishga qaror berganini bildirgan.

Ammo, unga ko‘ra, hukumatning general Nazarov o‘limida aloqador deb ko‘rilgan to‘rt nafar shaxsni topshirish talabi kuchda qoladi.

Mazkur qaror, BBC muxbiri Anora Sarkorovga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaradorlarning hisobini olish hamda yetkazilgan ziyon ko‘lamini aniqlash maqsadida olingan.

Talofatlar

Mahalliy hokimiyatning yig‘inida so‘nggi vaziyatni o‘rganish va aholi orasidan talofatlarni aniqlashga doir 20 nafar faollarni yig‘ib komissiya tashkil etilgan.

20 kishidan iborat ushbu komissiya tarkibida Aziya Plyus axborot agentligi muxbiri Ramziya Mirzobekova ham kirgan. Ramziya so‘nggi voqealar haqida BBC bilan suhbatlashgan.

"Bugun Xoro‘g‘da halok bo‘lganlar jasadlarini nima qilish kerakligi borasida kelishib olish uchun miting bo‘lib o‘tdi. Aytishlaricha, snayperlar odamlarni nishonga olmoqda. Shuning uchun, halok bo‘lganlar jasadlarini olib kelib, dafn qilish imkoni yo‘q. Huquq-tartibot organlari bilan muzokaralar olib borilgani va ular jasadlarni olish uchun xavfsiz dahliz ochib berishni va‘da berganlari ham aytiladi. Kecha kechqurun muvaqqat otashkesim e‘lon qilingan bo‘lsa ham, otishmalar davom etgandi. Bugun ertalab ham otishmalar ro‘y berdi. Hozir bir oz tinchib qoldi. Keyinchalik mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘lgan va bu uchrashuv mobaynida Prezidentning o‘zi telefon qilib mutlaq otashkesim o‘rnatilishi haqida aytgan", deydi Ramziya Mirzobekova.

Unga ko‘ra, garchi hukumat tinch aholi orasida qurbonlar yo‘qligini aytsa-da, vaziyat o‘zgacha, nobud bo‘lganlar soni ko‘p.

"Mana masalan, ertalab bir yosh bola, 10 sinf o‘quvchisi hojatxonaga chiqqan. Uni snayperlar otib o‘ldirishgan. Xoro‘g‘dagi beton ko‘prik borku, o‘sha yerga yaqin yerda bir talaba ijarada turar ekan, uyining derazasidan boshini chiqarib qarasa uni ham otib o‘ldirishibdi", deydi Aziya Plyus axborot agentligi muxbiri.

Tojikiston hukumati esa, Xoro‘g‘da kechgan amaliyotlar chog‘i 12 harbiy halok bo‘lgani, 20dan ortig‘i tan jarohati olgani haqida aytgan.

Bildirilishicha, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q, 30 nafar hukumatga qarshi qurolli guruh a‘zolari o‘ldirilgan.

Tojikiston Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi qo‘shma bayonotida qurolli guruhning 40 a‘zosi qo‘lga olingan, ulardan 8 nafari Afg‘oniston fuqarolari ekani aytiladi.

Ammo, norasmiy manbalarda aytilishicha, armiya va aholi orasida halok bo‘lganlar soni anchayin katta - taxminan 100dan ortiqdir.

Bu haqda BBC muxbirlari hodisa guvohlari va harbiy amaliyotlarga yaqin manbalarga tayanib xabar berishmoqda.

Harbiy amaliyotlar davomida jinoiy qurolli guruhning 100tacha quroli musodara qilingani ham xabarlar bor.

Ammo, rasmiy va norasmiy raqamlarni tasdiqlash imkonsiz qolmoqda. Mintaqa bilan aloqa uzilgan, hukumat Tog‘li Badaxshondagi vaziyat borasida izoh bermayotir.

Ayni paytda Dushanbedagi harbiy va boshqa shifoxonalar og‘ir yarador askarlarni qabul qilib olayotgani xabar qilinadi.

Mamlakat bosh harbiy prokurori Xayrullo Saidov ham Tog‘li Badaxshondagi amaliyotlar chog‘i tan jarohati olgan. Hozir uning Dushanbedagi klinikalardan biriga joylashtirilgani ma‘lum.

"Xoro‘g‘da vaziyat tang"

Xoro‘g‘ning o‘zida esa, vaziyat tang qolayotgani aytiladi. Rossiyaning Birinchi Kanali bilan suhbatda pomirlik mahalliy aholi vakillaridan biri shunday degan:

"Bizda hozir chiroq yo‘q, do‘konlar yopiq, yo‘llar ham to‘sib qo‘yilgan. Shaharda hokimiyat yo‘q, hech qanday hokimiyat yo‘q. Aholi bor va harbiylar. Uch vazir yetib kelgan - Ichki ishlar, Mudofaa va Xavfsizlik vazirlari. Kecha soat uchda shaharga hujum boshlashdi, kun bo‘yi bombardimon davom etdi, qurbonlar qancha bunisini ayta olmayman, hozir hujumlar to‘xtagan", deb aytgan pomirlik kishi.