O‘sh shahar mahkamasi "Osh City Uzbek Mahalla" qo‘shig‘ini Qirg‘izistonda taqiqlagan

Image caption Qirg‘iziston janubida qirg‘iz-o‘zbek munosabatlari muammoli bo‘lib qolayotganligi aytiladi

Internetda turli fikr-munozaralarga sabab bo‘lgan "Osh City Uzbek Mahalla" ashulasi mahkama qarori bilan bundan buyon Qirg‘iziston hududida tarqatilishi ma‘n qilingan.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi ma‘lumotiga binoan, shu qarori bilan O‘sh shahri mahkamasi O‘sh viloyati prokuraturasining murojaatnomasini qo‘llab-quvvatlagan.

Mahkama qarorida ta‘kidlanishicha, "qo‘shiqda qirg‘iz xalqi haqorat qilingan", "mazkur audio yozuv mazmuni kirg‘iz va o‘zbek millatlariga mansub fuqarolar o‘rtasida o‘zaro nafrat va adovat sezimlarini ko‘zg‘atmoqda".

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakat huquq-tartibot idoralariga yuqoridagi qo‘shiqni tarqalmasligi choralarini ko‘rishni topshirgan.

O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi qo‘shiq ijrochisining shaxsi va manzilini aniqlash ustida qidiruv ishlari davomida qo‘shiq muallifi aniqlaganini ma‘lum qilgan.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Suyunbek O‘murzaqovga ko‘ra, qo‘shiq ijrochisi Rossiya fuqaroligini olgan asli o‘shlik yigit hisoblanadi.

Uning ayni paytda Qirg‘izistondan tashqarida yashashi aytilgan.

Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi qo‘shiq muallifi va ijrochisini qo‘lga olish ishlari olib borilayotganligini ma‘lum qilgan.

Ayni paytda internetda qirg‘iz ijrochisi tomonidan ham o‘zbeklarga qarshi qaratilgan qo‘shiq tarqatilayotganligi aytilmoqda.

Qo‘shiq ijrochisi Altinbek Boroshev degan ijrochi ekanligi ma‘lum bo‘lgan.

"O‘shtuk o‘zbekterge" qo‘shig‘ining matni o‘zbeklarga nisbatan haqorat so‘zlaridan iborat ekanligiga qaramasdan, huquqni himoya qilish idoralari qo‘shiqqa o‘z munosabatlarini hozircha bildirishmagani aytiladi.