Olimpiada qishloqchasida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi

Image copyright Getty

London Yozgi Olimpiada O‘yinlariga sanoqli kunlar qolarkan, bugun sharqiy Stratford shahrida joylashgan Olimpiada qishloqchasida O‘zbekiston davlat bayrog‘i ko‘tariladi.

O‘zbekiston Olimpiya hay‘atining aksariyat a‘zolari kecha Britaniya poytaxti Londonga yetib kelishgan.

Hay‘at a‘zolari yuzdan ortiq kishidan iborat bo‘lsa, ulardan 54 nafarini sportchilar tashkil etishadi.

O‘ttizinchi Yozgi Olimpiada O‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 27 iyul kuniga rejalangan.

O‘zbekistonlik sportchilar ilk bellashuvlarini ochilish marosimining ertasigayoq boshlashadi.

Londondagi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida mamlakatimiz bayrog‘ini jahon chempionatining kumush medali sohibi bokschi Elshod Rasulov ko‘tarib boradi.

O‘zbekistonlik sportchilar Olimpiada O‘yinlarida 15 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

Bular baydarkada eshkak eshish, suzish, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolindan sakrash, velosport, tennis, taekvondo, o‘q otish, yengil va og‘ir atletika, boks, dzyudo va kurash kabi sport turlaridir.

O‘zbekiston milliy jamoasi safida Jahon Kubogi, Osiyo Kubogi, Jahon, Osiyo chempionatlari, Osiyo O‘yinlari va qator xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallagan yoki kuchli o‘ntalikdan joy olgan sportchilar talaygina.

O‘zbekistonlik mas‘ullar boks, erkin, yunon-rim kurashi, dzyudo va yengil atletika bo‘yicha sovrinli o‘rinlarga umid qilayotganliklari, biroq boshqa sport turlarida ham bo‘sh kelmasliklarini aytishadi.

O‘zbekiston Olimpiya delegatsiyasi rahbari, mamlakat Madaniyat va Sport ishlari vaziri birinchi o‘rinbosari Jasur Akramov biz bilan suhbatda allaqachon Olimpiya qishloqchasida joylashib olganliklari, o‘zlariga yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun ekanligini aytadi.

"Hay‘atimizga ajratilgan uy shundoq Olimpiya qishloqchasining qoq markazida ekan. 50 metrgina narida ovqatlanadigan joy, xuddi shunday masofada shug‘ullanadigan xonalar, bir 100 metr yursangiz, avtobus bekati. Xullas, hamma narsa yaqin, qulay," deydi suhbatdoshimiz.

Jasur Akramovning aytishicha, o‘zbekistonlik sportchilar shu bugunning o‘zida o‘quv-mashg‘ulotlarini boshlab yuborishadi.

Suhbatdoshimizning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hamma shart-sharoitlar mavjud ekani bois, Olimpiada qishloqchasi o‘zbekistonlik sportchilarga ham yoqqan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish kerakki, O‘zbekiston 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O‘yinlarini 1 oltin doxil oltita medal bilan yakunlagan.

Bu erishilgan medallar soni bo‘yicha mintaqada Qozog‘istondan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir.

Pekin Olimpiadasi O‘zbekiston milliy jamoasi ishtirok etgan to‘rtinchi Olimpiya O‘yinlari edi.

O‘zbekistonlik oltmishga yaqin sportchi 15 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishgandi.