Ruslan Chagayev Universum Box-Promotion klubini tark etdi

Image copyright Reuters

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayev Olmoniyaning promouterlik klubi bilan shartnomasini buzgan.

Universum Box-Promotion ga yaqin manbalarning bizga aytishicha, Ruslan Chagayev endi erkin agent sifatida o‘z janglarini tashkillashtirib, ringga tushadi.

Ruslan Chagayev hali olmon klubiga a‘zo ekani chog‘ida BBC O‘zbek Xizmatiga navbatdagi jangini avgust oylariga rejalayotganini bildirgandi.

Uning so‘nggi qarori ortidan ayon bo‘lishicha, Ruslan Chagayev 1 sentyabr kuni ringga tushishni rejalamoqda.

Ruslanning bo‘lajak raqibi ma‘lum emas va jangga oid shartnoma imzolanishi ortidan uning kim ekani ma‘lum bo‘lishi aytilmoqda.

2001 yilda to‘liq professional boksga o‘tgan Ruslan Chagayev qariyb o‘n yildan buyon Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelayotgandi.

Klubga yaqin manbalarga ko‘ra, erkin agent maqomida ham Ruslan bokschilik karьerasini Olmoniyaning o‘zida davom etdiradi.

Tarixcha o‘rnida

Ruslan Chagayev o‘tgan yil 27 avgust kuni Olmoniyaning Erfurt shahrida Jahon chempionligi uchun jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

Ammo shundan so‘ng o‘tkazgan qator reyting janglarining barchasida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi so‘nggi mag‘lubiyati ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida qator janglar o‘tkazib, albatta Jahon chempionligi kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritish niyatida ekanini aytgandi.

U 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

Ammo orada qator janglar o‘tkazib, yana ushbu maqom uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 32 ta jang o‘tkazgan, shundan 29 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

Havaskor boksda ham bir necha bor Osiyo va Jahon chempionlari bo‘lgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi professional boksda ham eng og‘ir vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.