"Olma-Ota shahridagi amaliyot natijasida qurollangan jinoiy guruh yo‘q qilingan"

Qozog‘istonning Olma-Ota shahri chekkasidagi yangi turar joy mavzelaridan birida qurollangan guruh a‘zolariga qarshi amaliyot o‘tkazilgan.

Ushbu guruh qanday guruh ekanligi haqida hozirda rasmiylar batafsil ma‘lumot bermaganlar, lekin ba‘zi xabar agentliklari Qozog‘iston huquq- tartibot organlaridagi manbalarga tayanib, diniy ekstremistik talqindagi guruh ekanligini xabar bermoqdalar.

Ushbu mavze Olma- Ota chekkasida yaqinda qurilgan, ko‘p qavatli turur joy binolaridan iborat yer ekanligi aytilgan.

Hodisa yerida bo‘lib qaytgan BBC muxbiriga ko‘ra, o‘tgan shanba, 28 iyul kuni politsiya patruli uch noma‘lum shaxsni to‘xtatib hujjatlarini tekshirishga uringan vaqti ular o‘q ochishgan.

Natijada bir politsiya xodimi halok bo‘lgan, yana biri og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan.

30 iyul kuni erta bilan ushbu qurollangan shasxlarni tutish maqsadida amaliyot o‘tkazilgan. Muxbirimizga ko‘ra, amaliyot boshlanishidan avval ko‘p qavatli binoda yashovchi aholi evakuatsiya qilingan.

Guvohlar amaliyot mobaynida kuchli otishma va portlashlar sadosi eshitilgani haqida aytganlar.

Amaliyot yerida bo‘lgan politsiyachilarning aytishlaricha, qurolli guruhga a‘zo bo‘lgan 6 kishi halok etilgan.

Oxirgi oylarda Qozog‘istonda politsiya xodimlariga qarshi qator hujumlar sodir etilib, gumon qilingan islomiy jangarilarga qarshi bir necha amaliyotlar amalga oshirilgan.