London 2012: "Luiza Galiulina ham, murabbiylari ham shokda"

Image copyright AP

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Jasur Akramovning BBC O‘zbek Xizmatiga aytishicha, sport gimnastikachisi Luiza Galiulina peshobidan furotsemid topilib, bellashuvlardan vaqtinchalik chetlashtirilganidan hayratdalar.

"Furatsemid peshob haydovchi dori hisoblanadi. Uni odatda ozish niyatida bo‘lgan sportchilar yoki odamlar qo‘llashadi. Shuning uchun ham, bu preparatni faqat vazni ortiqcha bo‘lgan odam ichishi mumkin. Luiza Galiulinaning o‘zi 40 kiloga ham bormaydigan vazni bor. Uning furatsemid ichishining hech qanaqa sababi yo‘q edi-da", deydi janob Akramov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona sport gimnastikachisi edi.

Luiza xalqaro miqyosda o‘tkazilgan qator saralash musobaqalari ortidan O‘yinlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Saralash bosqich bellashuvlarining so‘nggi esa, ikki oycha burun Britaniya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tgandi.

Luiza Galiulina 2005 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati, 2010 yilgi Xitoy Osiyo O‘yinlarining bronza medali sovrindori sanaladi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tgan yil Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham sovrinli uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Murabbiylari Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilishayotgandi.

O‘zbekistonlik sportchi 25 iyulda - musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin doping sinovidan o‘tgandi.

Furotsemid doping hisoblanmaydi. Xususan, qon bosimini pasaytirish va peshob kelishini yaxshilash uchun ishlatiladi.

O‘zbekistonlik shifokorlardan birining aytishicha, furatsemid o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, qon bosimi yuqori va o‘pka shishishi kabi turli shishlar bo‘lgan paytda bemorlarga tasviya qilinadi hamda ko‘pincha kardiologlar uchun asosiy yordamchi dori hisoblanadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ammo sport tibbiyotida badandagi ba‘zi taqiqlangan moddalarni yashirish uchun furotsemid qo‘llanilgani ma‘lum.

Shu bois Umumjahon Dopingga qarshi Agentligi ushbu moddani taqiqlagan.

"Hamma shokda"

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbarining aytishicha, "Luiza va murabbiylari yuz bergan hodisadan shokdalar".

"Murabbiylari Luiza bunaqa narsalarni hech qachon iste‘mol qilmaganini aytishmoqda. Ikki kundan beri Luiza ham faqat yig‘laydi. Umuman gapirolmaydi. Qanaqa qilib men Olimpiadaga kelsamu, unda qatnasholmasam, deb yig‘lab yotibdi", deydi Jasur Akramov.

Uning aytishicha, Luizaning peshobidan olingan qo‘shimcha namunalar natijasi hali o‘zlariga berilmagan.

Janob Akramovga ko‘ra, natijalar salbiy chiqqan holatda ham, sport gimnastikasi bo‘yicha bellashuvlar allaqachon boshlanib ketgani bois, Luiza baribir London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ishtirok etolmaydi.

"Ular faqat uzr so‘rashadi, xolos", deydi O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari.

Jasur Akramovning aytishicha, yuz bergan hodisa ortidanoq, doping mutasaddilariga rasmiy norozilik notasi yo‘llashgan.

Ayon bo‘lishicha, doping mutasaddilari shundan so‘ng Luiza va uning murabbiylari bilan ikki soat suhbat olib borishgan.

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari boshqa xorijiy sportchilar bilan bog‘liq misollarni nazarda tutib, ushbu masalaning ijobiy yechim topishiga umidbaxsh emasliklarini aytadi.

Bundan avval Umumjahon Dopingga qarshi agentligi qonida nasha alomatlari topilganini aytib, naq London Olimpiadasi arafasida o‘z vazn toifasida (+100kg) jahonning mutlaq chempioni, Pekin Olimpiadasi kumush medali sovrindori Abdulla Tangriyevni O‘yinlardan chetlatgandi.

Abdulla Tangriyev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida doping tekshiruvi natijalaridan gumonda ekani, olgan jarohati bitgach, xalqaro qo‘mitaga shikoyat etib, qayta tekshiruvdan o‘tkazishlarini so‘rashini bildirgandi.