Ruslan Chagayev: "Kelasi kuz jahon chempionligi uchun ringga tushaman"

Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzganligini BBC O‘zbek Xizmatiga shaxsan o‘zi tasdiqlagan o‘zbekistonlik dongdor bokschi kelasi yilning kuz oylarida yana jahon chempionligi uchun kurashishni mo‘ljallayotganini aytdi.

Ruslan Chagayevning aytishicha, erkin agentlik maqomi unga ko‘proq jang o‘tkazish imkoniyatini beradi.

"Klub yangi rahbari menga har uch oyda bitta jang uyushtirib berishini aytgandi. Ammo, oradan bir yarim yil o‘tgan bo‘lsa, shuncha vaqt ichida bor-yo‘g‘i ikkita jang tashkillashtirib berdi, xolos. Men yosh emasman. Vaqt ham o‘tib borayapti. Shuning uchun ham, menga ko‘proq jang kerak", deydi Ruslan.

2001 yilda to‘liq professional boksga o‘tgan Ruslan Chagayev qariyb o‘n yildan buyon Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelayotgandi.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi biz bilan suhbatida navbatdagi jangini 1 sentyabr kuniga rejalayotganiga oid xabarlarni ham tasdiqladi.

Ruslan bo‘lajak raqiblikka panamalik bokschini ko‘zlayotgani, ammo, hali shartnoma rasman imzolanmagani bois, uning ism-sharifini aytolmasligini ham bildirdi.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, jangga hozirgi murabbiysi Mixail Timm boshchiligida tushishni rejalamoqda.

Ammo, Ruslanga ko‘ra, murabbiysi klubni tark etib, havaskor boksga o‘tgani bois, jangdan so‘ng o‘ziga yangi murabbiy topishi kerak bo‘ladi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ruslan Chagayev o‘tgan yil 27 avgust kuni Olmoniyaning Erfurt shahrida Jahon chempionligi uchun jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

Ammo shundan so‘ng o‘tkazgan qator reyting janglarining barchasida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi so‘nggi mag‘lubiyati ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida qator janglar o‘tkazib, albatta Jahon chempionligi kamariga da‘vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritish niyatida ekanini aytgandi.