BMT: Alepponi keyingi ikki kun ichida 200 ming odam tark etgan

Image copyright AFP
Image caption Shiddatli janglar oqibatida shaharda elektr ta‘minoti uzilgan, suv va yegulik zahiralari tugagan

Bir haftadan buyon shiddatli janglar ketayotgan Aleppodan 200 ming odam qochib chiqqan, deb xabar beradi Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

BMT vakili Valeri Amos Suriyada qo‘llanililayotgan qurollarning aholiga ta‘siridan xavotirini bildirgan

BMT insonparvarlik missiyasi rahbari Valeri Amos Damashq, Aleppo va Suriyaning boshqa shaharlarida qo‘llanilayotgan og‘ir artilleriya qurollari tinch aholiga ko‘rsatadigan ta‘siridan xavotirdaligini aytgan.

Guvohlarning BBCga aytishicha, shaharda yaradorlar uchun dori-darmonlar yetishmaydi, suv va yegulik deyarli qolmagan.

Kecha tunda ham Aleppoda otishmalar davom etgan.

BBC muxbiri Ien Panella aytishicha, shahar markazida qaqshatqich janglar ketayotgani haqida xabarlar bor. Unga ko‘ra, Aleppodan chiqib ketayotgan mashinalar oqimi to‘xtamayapti.

Ien Panella Aleppoda bir haftadan buyon yopib qo‘yilgan novvoyxona ochilgani, odamlar uni o‘rab olishganini aytadi.

Isyonchilarning xabarlaricha, shanba kuni hukumat kuchlarining hujumlarini bartaraf etishgan. Biroq bu ma‘lumotni tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.

Suriya Tashqi Ishlar vaziri Valid Muallim Eronga qilgan safari paytida jangarilar ustidan albatta g‘alaba qozonilishini bildirgan.

Ayni paytda Yaqin Sharqqa safarini davom ettirayotgan Amerikaning nufuzli mulozimi Leon Panetta Suriyadagi hujumlar "Bashar al-Assad tobutiga uriladigan mix"dir degan so‘zlarni aytgan.

"Harbiy ko‘mak zarur"

Suriya Milliy Kengashining rahbari Abdulbosit Said Suriya muxolifatiga befarq bo‘lmagan barcha mamlakatlarni isyonchilarga harbiy yordam berishga chaqirgan.

Janob Said Aleppoda hukumat kuchlariga qarshi janglarda qo‘zg‘olonchilarda yetarli qurol yo‘qligini aytmoqda.

BBC muxbiri xabar berishicha, Aleppoda hukumat kuchlari quruqlikdan va havodan hujumni boshlashgan.

BMT va Arab Ligasi elchisi Kofi Annan Aleppoda qon to‘kishlar to‘xtamayotgani yuzasidan jiddiy xavotirini izhor etgan va xalqaro hamjamiyat Suriya hukumati va isyonchilar bilan muloqot boshlashi lozimligini uqtirgan.

Rossiya munosabati

Ayni paytda, Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya hukumati Suriya prezidentiga siyosiy boshpana bermoqchi emasligini, bu mavzuni muhokama qilinishi yaxshi niyatda emasligini bildirgan.

"Biz bu haqda hatto o‘ylab ko‘rganimiz yo‘q, kimki bu fikrni xalqaro hamjamiyatga uqdirishga urinayotgan ekan, bu toza niyatda qilinayotgan ish emasligi ravshandir", -degan janob Lavrov.

"Biz Suriya tuzumining yaqin hamkori emasmiz va bo‘lmaganmiz ham, uning do‘stlari Ovro‘poda. Kimki mojaroni shu yo‘l bilan yechmoqchi ekan, ana o‘shalar o‘z imkoniyatlarini o‘ylab ko‘rishsin", - deb aytadi Sergey Lavrov.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Assadga boshpana berishi haqida barcha gap-so‘zlar Suriyadagi voqealarga Moskva va Xitoyni aybdor qilib ko‘rsatish uchun qilinayotgan buzg‘unchilikdir.

"Biz Xavfsizlik Kengashi tomonidan muammoni bir tomonni yoqlash bilan yechishga urinishiga qarshi veto qo‘yganmiz.

Suriyadagi mojarolarga ichkaridagi ikki tomonning ham aybi bor, ikkala tomon ham bunga javob berishi kerak", - deb ta‘kidlaydi janob Lavrov.

Unga ko‘ra, yaqin orada Rossiya tomoni vaziyatni barqarorlashtirish uchun Suriya muxolifati vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.

Suriyadagi zo‘ravonliklardan qochib chiqayotganlar soni ortib bormoqda.

Iordaniyaning chegarada joylashgan Zaatari tumanida BMT qochqinlar ishi bo‘yicha komissiriati tomonidan 10 ming qochqinga mo‘ljallangan lager ochilgan, biroq Iordaniyaga o‘tgan qochqinlar soni allaqachon 150 ming kishidan oshib ketgani aytilmoqda.

Faollarning xabar qilishicha, shanba kuni Aleppoda 29 kishi, butun Suriya bo‘yicha kamida 160 kishi o‘ldirilgan.