Tojik islomiy partiyasi o‘z faoli o‘limida hukumatni ayblagan

Image copyright Reuters

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi o‘zining Tog‘li Badaxshondagi bo‘limi rahbari o‘ldirilganini xabar qilgan.

32 yoshli Sabzali Mamarizoyev 23 iyunda Xorug‘dagi namoyishdan so‘ng huquq tartibot xodimlari tomonidan ushlab ketilgani aytiladi.

Mamarizoyev namoyish paytida tojik hukumatiga nisbatan tanqidiy fikrlarni aytgan va tog‘li o‘lkadagi, hamda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitdan noroziligini bildirgan.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi a‘zolari ishonishicha, Sabzali Mamarizoyev qattiq qiynoqlarga tutilishi natijasida olamdan o‘tgan.

Huquq posbonlari tomonidan olib ketilganidan ikki kun o‘tib, Mamarizoyevning jasadi qarindoshlari tomonidan topilgani va dafn qilingani aytilmoqda.

Tojik rasmiylari bu ayblov yuzasidan hozircha izoh berishmagan.