Muhiddin Kabiriy: "Siyosatchi qatli general qatlidan kamroq emas"

Image caption Muhiddin Kabiriyga ko‘ra, Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi faolining o‘limi jiddiy tekshirilishi kerak

Markaziy Osiyoda yagona Islomiy firqa - Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi mamlakat rasmiylarini partiyaning Badaxshon viloyatidagi mas‘uli Sabzali Mamadrizoyevning o‘ldirilishi yuzasidan "jiddiy" tekshiruv olib borishga chaqirgan.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining raisi Muhiddin Kabiriyning xabar berishicha, partiyaning Badaxshon viloyati bo‘limi mas‘uli Sabzali Mamadrizoyev Badaxshon viloyati markazi - Xorug‘ shahrida yuz bergan zo‘ravonliklardan bir kun muqaddam uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan.

Uning jasadi bir kun o‘tib topilgan, deb aytgan Muhiddin Kabiriy.

"Men Tojikiston rasmiylari bilan aloqaga chiqdim va ushbu hodisani jiddiy ko‘rib chiqishlarini talab qildim", - deya ilova qilgan janob Kabiriy.

21 iyul kuni Tojikiston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Badaxshon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdullo Nazarov o‘ldirib ketishi ortidan viloyatda qotillarni tutish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliyot boshladi.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining raisi Muhiddin Kabiriy Dushanbe shahrida o‘tkazilgan matbuot yig‘inida "siyosatmador qatli general qatlidan kamroq emas va rasmiylar ikki hodisaga nisbatan bir xil munosabatda bo‘lishlari zarur", deya izhor etgan.

Tojikiston Bosh prokuraturasi "viloyatdagi tamaki va narkotik kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi qurolli guruh" a‘zolarini, jumladan "Ishkoshim" chegara postining qo‘mondoni Tolib Ayyombekovni qotillikda ayblagan.

Tolib Ayyombekov Tojikistonda fuqarolar urushi yillarida qurolli muxolifatning Badaxshondagi qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.

Hukumat kuchlari va sobiq qo‘mondon tarafdorlari o‘rtasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlarda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 40 dan ziyod inson halok bo‘lgan.

Hozirda Tojikiston prezidenti buyrug‘i bilan Badaxshon viloyatida harbiy amaliyotlar to‘xtagan, biroq kuzatuvchilarga ko‘ra, vaziyatni barqaror deb bo‘lmaydi.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining rahbari shuningdek Xorug‘da otashkesim e‘lon qilinishi va qurolsizlantirish jarayonining boshlatilganini qo‘llab quvvatlashini ma‘lum qilgan.

"Tojikiston davlati ushbu mintaqada muhlatsiz otashkesim e‘lon qilishi kerak", - deya ilova qilgan Muhiddin Kabiriy. - "Ishonishimizcha, hozirgi vaziyatni muloqot yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit mavjud".

Unga ko‘ra, Badaxshondagi beqarorlikni bartaraf etish uchun hukumat "fuqaroviy jamiyat va xalqaro tashkilotlar vakillariga" vositachilik qilishlari uchun izn berishi kerak.

"Agar harbiy yechim yo‘li davom etsa, ushbu ishga xorijiy kuchlar aralashishlari ehtimoli mavjud", - deya ogohlantirgan Muhiddin Kabiriy.

U Tojikiston hukumatidan Badaxshon viloyati bilan aloqani qayta tiklash va xalqaro insonparvarlik yordamlarini yetkazib berishga izn berishni so‘radi.

Shu bilan birga Muhiddin Kabiriy mamlakat musulmonlarini o‘zlarining bir kunlik iftorlik mablag‘larini Badaxshon viloyatidagi yo‘qsillarga bag‘ishlashga chaqirdi.

Janob Kabiriy mahalliy jurnalistlardan "hozirgi o‘ta hassos vaziyatda noto‘g‘ri xabarni tarqatishdan tiyilish"ni so‘radi.

Badaxshonda qonli hodisalar yuz berishidan bir kun oldin Sabzali Mamadrizoyevning Xorug‘ aholisi o‘ngida qilgan chiqishi internet saytlariga qo‘yilgan.

"Muxolifati bo‘lmagan davlat davlat emas... O‘zingiz aybdorsiz. Vaqtida hammangiz bir patiyaga ovoz berdingiz, ana endi tepadagilar nima desa, bosh silkitasizu xolos. Gapirishga ham haqqingiz yo‘q", - deb aytgan Sabzali Mamadrizoyev.

Oxirgi yillarda Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining Badaxshondagi bo‘limini boshqarib kelgan Sabzali Mamadrizoyev 32 yoshda edi. Xabarlarga ko‘ra, Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi Badaxshon viloyatida to‘rt mingdan ko‘proq a‘zoga ega.

Afg‘oniston bilan chegaradosh Tog‘li Badaxshon Tojikiston sharqidagi aholisi kam va eng kambag‘al hududlaridan biridir.

Viloyatda tamaki eng asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan hisoblanadi.

Mahsulot mahalliy va qo‘shni Qirg‘izistondagi korxonalarga sotiladi.