Isyonchilar Aleppo hukumat qo‘liga o‘tganini rad etishdi

Image copyright Reuters
Image caption Minglab oddiy odamlar Alepponi tark etishmoqda.

Suriya armiyasi Aleppo shahrini to‘rtinchi kundirki hujumga tutishda davom etar ekan, yangi to‘qnashuvlar va harbiy tikucharlar hujumlari borasida xabarlar tarqatilgan.

Davlat televideniyesi Suriya qo‘shinlari Aleppodagi "terrorchi guruhlar"ga qattiq zarba berayotganini aytib, Homsda hukumat kuchlari muvaffaqiyatga erishganini da‘vo qilgan.

Minglab odamlar Suriyaning iqtisodiy markazi sanalmish Alepponi tashlab qochishmoqda.

Ayni damda AQSh va Turkiya Suriyada "siyosiy o‘zgarish"ga erishish yo‘lidagi harakatlarini kuchaytirganlar.

Oq Uy bu o‘zgarish doirasiga Prezident Bashar al-Assadning lavozimdan voz kechishi ham kirishini aytdi.

Suriya televideniyesiga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari Alepponing qator mavzelari ustidan nazoratni qo‘lga olganlar.

Dushanba kuni televideniye armiya Ozod Suriya Armiyasi isyonchi jangchilari joylashgan Alepponing Salohiddin mavzesini to‘la egallaganini xabar qilgan.

Tahlilchilarga binoan, Salohiddin mavzesi janubdan kelayotgan Suriya qo‘shinlari harakati uchun o‘ta muhim yo‘lakdir.

Lekin, faollar va isyonchi qo‘mondonlar hukumat qo‘shinlari mavzeni egallaganlarini rad qilishgan.

Ular seshanba kuni Salohiddin tikucharlardan hujumga olinishda davom etayotgani va, ayniqsa, Aleppo shimoli-sharqidagi Sahur mahallasi atrofida qattiq jang kechayotganini aytishdi.

Isyonchilar xabariga binoan, shahar g‘arbida joylashgan va ko‘p suriyaliklar qo‘rqadigan Havo Kuchlari Josuslik agentligi qarorgohi yaqinida ham to‘qnashuvlar yuz bergan.

Davlat televideniyesi seshanba tongida uzatgan xabarlar dasturidan Aleppodagi voqealarni butkul tushirib qoldirgan.

Uning o‘rniga dastur ko‘p vaqtdan beri isyonchilar qo‘lida bo‘lib kelgan Homsning Qarabis mavzesi nihoyat hukumat qo‘shinlari qo‘liga o‘tgani haqida xabar uzatgan.

Muxbirlarimizga ko‘ra, ikkala tomon ham Suriyaning eng yirik shahri, hamda moliyaviy va sanoat markazi bo‘lmish Alepponi qo‘ldan boy berishni istamaydi.

2011 yilning mart oyida boshlangan kundalik qon to‘kilishlar shu oygacha Alepponi aylanib o‘tayotgandi.

Hozirda Alepponing ba‘zi qismlarida oziq-ovqat tugab borayotgani, shaharda qolayotgan aholi esa non uchun uzun navbatlarda soatlab turishgani xabar qilinadi.