Jasur Akramov: "Denis Istomin Rojer Federerga munosib qarshilik ko‘rsatadi"

Image copyright Getty Images

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Jasur Akramovning aytishicha, Denis Istomin ertaga jahonning birinchi raqamli raketkachisi Rojer Federerga munosib qarshilik ko‘rsatadi. Denis London Olimpiadasidagi bellashuvlarini ketma-ket g‘alaba bilan davom etdirmoqda.

"Albatta, Rojerer bilan o‘ynash juda og‘ir. Denis buni juda yaxshi biladi, chunki bundan oldin Federer bilan ikki marta o‘ynagan. Ikkalasida ham ancha qarshilik ko‘rsatgan. Raqibi Rojer Federer bo‘lishiga qaramasdan, Denis o‘zining o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi", deydi janob Akramov.

Kechagi o‘yinni kortning o‘zidan turib, bevosita tomosha qilgan O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Denis juda yaxshi tennis namoyish etganini ham aytadi.

Denis Istomin kechagi g‘alabasi ortidan, ertaga - 1 avgust kuni jahonning birinchi raketkasi shveytsariyalik Rojer Federerga qarshi kortga chiqadi.

Denis o‘zining ikkinchi uchrashuvida lyuksembruglik raqibi Jillis Myullerni 6:7, 7:6, 6:5 hisobida mag‘lub etgandi.

O‘zbekistonlik taniqli tennischi dastlabki bellashuvini ham g‘alaba bilan boshlagandi.

26 yoshli Denis Istomin 2009 yildan buyon tennis bo‘yicha katta shlem musobaqalarida ishtirok etib keladi.

Jahon reytingida joriy paytda 35-o‘rinni egallab turibdi.

Yakka va jamoaviy hisobda 2010 yilgi Xitoy Osiyo O‘yinlarining kumush medali sovrindori sanaladi.

O‘yinlarning to‘rtinchi kuni

O‘yinlarning to‘rtinchi kunida o‘zbekistonlik olimpiyachilar og‘ir atletika, dzyudo va boks bo‘yicha musobaqalarini ham davom etdirishadi.

Bugun 81 kilo vaznda tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik dzyudochi Yaxyo Imomov ikki karra jahon chempioni janubiy koreyalik raqibiga yutqazib qo‘ydi.

Boks bo‘yicha Osiyo O‘yinlari kumush medali sovrindori O‘ktamjon Rahmonov esa, 64 kilo vaznda o‘zining dastlabki jangini o‘tkazadi.

Shu paytgacha ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev va Fazliddin G‘oipnazarovlar o‘z janglarini davom etdirish huquqini qo‘lga kiritishgan.

Bahrom Mehdiboyev esa, 69 kilo vaznda shtangachilar orasida o‘z kuchini sinab ko‘radi.

O‘zbekistonlik taniqli hakam Ravshan Ermatov va uning brigadasi esa, ertaga Meksika va Shveytsariya uchrashuvini boshqaradi.

O‘yin 1 avgust kuni Toshkent vaqti bilan kech soat 21:00 da boshlanadi.

Unga Abduhamid Rasulov va Bahodir Qo‘chqorov yordam berishadi.

Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi bundan avval mezbon Buyuk Britaniya va Senegal o‘rtasidagi uchrashuvga hakamlik qilishgandi.

Kecha suzish bo‘yicha musobaqalarini boshlagan Ra‘noxon Amanova esa, saralash bosqichidan muvaffaqqiyatli o‘ta olmay, o‘yinlardagi ishtirokiga yakun yasashga majbur bo‘ldi.

Shu paytgacha o‘zbekistonlik olimpiyachilar o‘yinlarning bitta bronza medalini qo‘lga kiritishgan.

O‘zbekistonlik dongdor dzyudochi Rishod Sobirov o‘yinlarning ilk kunida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga birinchi medalni keltirgandi.

Shu jumladan, qolgan mintaqa davlatlari orasidan Qozog‘iston ham hozircha ikkita oltin medali bilan cheklanayotgan bo‘lsa, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston halicha biror bir sovrinli o‘rinni qo‘lga kirita olgani yo‘q.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi