London 2012: Haqiqiy ishqibozlik mana bunaqa bo‘ladi!...

Image copyright AFP
Image caption Menga London Olimpiadasi boks bellashuvlarining bir kunlik chiptasi tekkandi

Homiylar translyatsiya huquqini sotib olish uchun bu safar har galgisidan ham ko‘proq cho‘ntak kavlab yuborishgan emasmi, kasriga Britaniyadagi qanchadan-qancha do‘kondoru restoran sohiblaridan tashqari, BBCga o‘xshash davlatnikida ishlamaydimi, bizga o‘xshagan jurnalistlar ham qolishgan.

Oramizda O‘yinlarni bevosita yoritish huquqiga ega bo‘lganlarning soni sanoqli bo‘lgan bir paytda, bunday imkoniyatdan mosvuo qolganlarimiz qancha... Shunday manzarada BBC tomonidan ishqiboz sifatida berilgan bir marotabalik imkoniyatdan olgan tassurotlarim esa, "ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rishning afzalligi"ni tom ma‘noda isbotlashga arzigulik voqea bo‘ldi. "Tanasi o‘zga dard bilmas, dardini o‘z tanasida his etib ko‘rsin", deyishdimi, xullas, bo‘limimizdan London Yozgi Olimpiada O‘yinlarini bilvosita yoritishga mas‘ul sanoqli odamga ayrim bellashuvlarga tekin chipta berishga qaror qilindi. Tilim ishqiboz sifatida ham, jurnalist sifatida ham futbolu boksga birdek aylanmaydimi, hammadan oldin uchta chiptaning orasidan aynan boks bellashuvlarinikini, "Men olamanga", tushib qoldim. E‘tiroz bo‘lmadi, qolgan birimizga yengil atletika, boshqamizga velosport musobaqalarining chiptasi tegdi. O‘yinlarga so‘nggi hozirliklar ham ozmuncha muammolar manzarasida kechmagan va ularni miridan-sirigacha qog‘ozga tushirish uchun dam olish kunlarimni ham qurbon keltirib yuborgan emasmanmi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, quloqlarim bilan eshitgan haqiqiy manzara tasavvurimda shakllanib ulgurganidan butkul boshqacha edi. O‘yinlarning ikkinchi kuni, ustiga ustak, Londonning eng chekka burchaklaridan ham bola-chaqalari bilan birga ikki soatlik yo‘lni pisand bilmay, butunboshli oilalar shahar markaziga yo‘l soluvchi yakshanba emasmi, mahalliy vaqt bilan qoq tushda boshlanuvchi bellashuvga uydan tonggi sakkizda chiqdim. Men Londonning janubiy burchida yashasam, O‘yinlarning kurash, dzyudo, boks kabi o‘nga yaqin sport musobaqalari bo‘lib o‘tayotgan ExCel xalqaro ko‘rgazmalar markazi uzoqdan uzoq sharqiy burchagida joylashgandi. Agar bir kun avval Google qidiruv tarmog‘ida olib borgan bir soatlik qidiruv natijalarimga qaralsa, u yerga yetib olish uchun avval poyezd, keyin metro, undan so‘ng DLR yoki yengil metro tizimida o‘nlab bekatlarni bosib o‘tishim taqozo etilardi. Ishonasizmi, yo‘qmi, yo‘lovchilar bilan to‘lib-to‘lmagan poyezdlarida yengil nafas olib, eskalatorlarida odob bilan tizilib, yengil metro vagonlarida bemalol o‘tirib, bir yarim soat deganda mo‘ljallagan bekatimga yetib keldim. Boshingizni o‘nga burasizmi, chapga burasizmi yoki to‘g‘riga qaraysiz, oppoq yozuvi qolib, gulobi rangi bilan ham manaman deb turgan yo‘l ko‘rsatkichlar yo‘lga qarashimga ham hojat qoldirmagandi. Rosti, buning hech bir mubolag‘ali yeri yo‘q, oyog‘im emas, xuddi ko‘zim bilan yurgandek bo‘ldim. Bekatdan ExCelgacha yana 10-15 daqiqa piyoda yo‘l bosishingiz ham kerak ediki, bu gal yuzlab ishqibozlardan ham soni ko‘p bo‘lgan jonli yo‘l ko‘rsatuvchilar boshingizni burishga ham hojat qoldirishmagandi.

Samolyotga chiqayotganim yo‘q edi-ku?

Image copyright Reuters
Image caption Olimpiada bellashuvlari kechayotgan har bir sport inshootiga kirishdan avval boshdan-oyoq tekshiruvdan o‘tishingizga to‘g‘ri keladi

Taqdirning hazilini qarangki, yurib emas, go‘yo "uchib kelgandek" tuyulgan manzilimda ichkariga kirish uchun eng avvalo aeroportdagidek tekshiruvdan o‘tishim kerak edi. Qo‘lingizdagi va ustingizdagi hamma narsa, (albatta bir sidra kiyimdan tashqarisi) maxsus qora qutiga, cho‘ntaklaringizda bo‘lgan nimaiki bo‘lsa, shaffof tsellofan xaltachaga ketishi kerak edi. O‘zingiz esa, maxsus tekshiruv uskunasi ostiga... Hech qanday "jang-jungsiz" o‘tib olgan yerimda meni bundan keyin hayratga solgani va ko‘zlarimga ham ishonmay, qutisidan olib, ko‘zoynagimni taqib qarashga majbur qilgani oziq-ovqat va ichimlik suvlarining narxlari bo‘ldi. Ichkariga olib o‘tishga ruxsat berilgan ovqat faqat sendvich, ichkiligingiz esa, 100 ml bilan cheklangan emasmi, vaqt tushga yaqinlashib qolgan bir paytda qorin qayg‘usi bu yerdagi yuzlab odamlar uchun ishqibozlik dardidan og‘irroq edi. Tezroq yo‘lga chiqa qolay deb, nonushta qilishga ulgurmagan emasmanmi, tushlik uchun ko‘chadan 2 funtga sotib oladigan sendvichimga to‘rt funt (bu – qariyb 10 AQSh dollari degani), narxi ikki yarim barobar sakrab ketgan Coca Cola ichimliklari ichidan zo‘rg‘a topgan bir yarim funtlik norinj sharbatimga uch funtni miq etmay to‘layotgan yerimda "g‘ing" etgan nafasini ham ichiga yutganlar faqat o‘zim emasligiga guvoh bo‘ldim. Birovining qo‘lida qutiga solingan pitstsa, boshqasi burgerini paqqos tushirgan, yana biri qovurilgan balig‘u kartoshkaga navbatga turgan. Yo‘lak chetida o‘rnatilgan yog‘och o‘rindiqlar yetmaganlar, shundoqqina yerga cho‘kkan. Qadamingizda qaqqayib turgan avtomat mashinalarni, lof emas, har soatda zabardastdek yigitlar qolib, har yashigida yigirmatadan bo‘lmaydimi, aravadan shahd bilan ko‘tarib, yerga qo‘ygan 19-20 yoshli qizlar "Kola"yu "Fanta" bilan to‘ldirgan. Xullas, qorin to‘yib, bir finjon qahvani qo‘lga olgan chog‘imizda bellashuv vaqti bo‘lib qolgan, yana o‘nlab yo‘l ko‘rsatuvchilar shuuuncha ekaniga qaramay, biror bir odamning o‘rindig‘iga yetib olgunlaricha yo‘ldan adashishlariga zarracha imkon qoldirmagandi.

Buyog‘i faqat ishqibozlik qilish qolgandi...

Image copyright AP
Image caption Excel ga qalam-qog‘izni yig‘ishtirib kelgan emasmanmi, men ham ishqibozlikda uncha-munchasiga bo‘sh kelmadim

Hali bu yerga kelmay turib, qo‘limga tekin chipta tekkan zahotiyoq internet titkilab, ko‘z yugurtirgan musobaqalar jadvalining o‘ziyoq kimga ishqibozlik qilish masalasida menga deyarli tanlov imkoniyatini qoldirmagandi. Abbos Atoyev va Orzubek Shoimovlarning bellashuvlari kun avval o‘tib bo‘lgan, yigirma to‘rt kishilik ro‘yxatda esa, o‘sha kuni butunboshli Markaziy Osiyoni yakkayu yagona qozog‘istonlik bokschi namoyon etayotgandi: - G‘ani Jaylaouv. G‘ani raqibi bilan ketma-ket ringga kirib kelarkan, orqamda o‘tirgan o‘rinlaridan tik oyoqqa qalqib olgan yigirmaga yaqin taylandlik ishqiboz og‘izlariyu, o‘z davlatlari bayroqlarini hilpiratib turgan qo‘llari qolib, oyoqlari bilan ham yog‘och polni gum-gum etib, tepishni boshlashgandi: "Bo‘sh kelma, Tayland", "Bo‘sh kelma, Tayland", "Bo‘sh kelma, Tayland"...Shuncha shovqin-suron ichidan sekin quloq tutgan odamga ham, "Yashavor, G‘ani", deydigan bir sado eshitilsa, qani! Maqtanchoqlikka yo‘ymangu, kamina ham baqir-chaqir masalasida ancha-muncha ishqibozni ortda qoldira olaman. Bu yerga qalam, qog‘ozni yig‘ishtirib, sof ishqiboz bo‘lib kelgan emasmanmi, quloqlaringiz chiday olsa, buyog‘ini faqat eshitish kerak edi, xolos. Men bir yonu, butun sport arenasini "boshiga ko‘tarayotgan" taylandlik ishqibozlar bir yon edi. "Yashavor, G‘ani" – "Ha, Tayland", "Ur, G‘ani, ur!" – "Bo‘sh kelma, Tayland". Xullas, ringdagi bokschilar ham, arenadagi ishqibozlar ham, hech birimizning bo‘sh kelish niyatimiz yo‘q edi. Shunga yarashami, uchrashuvning har ikki raundi ham durang hisobi bilan yakunlansa bo‘ladimi!.. Uchinchi raund ham boshlandi. Bokschilar ustma-ust zarba berishar, biz esa, galma-galiga tomog‘imiz yirtilgudek bo‘lib, hay-haydan olardik. Asrga tatigulik bo‘lib ko‘ringan jang ham o‘z poyoniga yetarkan, buyog‘i qiziq bo‘ldi. Negadir hakamlar ham tezlik bilan bir to‘xtamga kelisholmadi. O‘ziyam besh daqiqa deganda o‘z qarorlarini e‘lon qilishganida, allaqachon mag‘lubiyatini tan olib, uyatining zo‘ridan yuzini yashirish uchun ipi bog‘liq bokserkasining ipini qayta bog‘lashga tushib ketgan G‘anining juda kichik hisobdagi farq bilan g‘alaba qozongani ma‘lum bo‘ldi. Ammo shuuuncha qiziq voqeaning bundan ham qizig‘i shundan keyin yuz burdi: Ringdan turib, to‘rt tarafga qulluq qilayotgan shuncha bokschidan farqli tarzda, G‘ani "baqir-chaqirim" qulog‘iga chalingan men tomonga qarab ta‘zim qildiyu, ringni tark etdi. Men so‘nggi bor, “Barakalla, G‘ani – "Molodets, Gani", deyishga vaqt toparkanman, ringda ertaburundan dik-dik sakray boshlaganu shundoqqina orqamda saf tortgan taylandlik "raqiblarim" joylariga o‘tirib qolishgandi. Moldovalik g‘olib chiqib, olmoniyalik mag‘lub bo‘lgan, hindistonlikka omad kulib boqib, avstraliyaligidan yuz o‘girgan yana qator janglardan so‘ng, ExCelni tark etgan yuzlab ishqiboz sharros yomg‘ir quyib berganiga qaramay, yengil metrosidan rostmanasiga, undan yana poyezdga o‘tib, yo‘l-yo‘lakay sotib olgan (bu gal ko‘chadan, o‘z narxida olgan) ul-bulimizni qoringa joylab, qanday silliqlik bilan kelgan bo‘lsak, xuddi shunday uyga yetib olgan edik...