Qattiq nazorat testlar adolatli o‘tishiga umidlarni paydo qilgan

1 avgust kuni O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun davlat test sinovlari bo‘lib o‘tgan.

Imtihonlar oldidan va sinovlar payti soxtagarlik oldini olish maqsadidagi nazorat kuchaytirilgani bu yilgi sinovlar xolis o‘tishiga umidlarni tug‘dirgan.

O‘zbekiston Davlat Test markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, bu yil mamlakatdagi 70 dan ortiq universitet, institut va institutlarning filiallariga kirish maqsadida hujjat topshirgan yoshlarning soni 432 mingdan ortiq bo‘lgan.

Bu raqam O‘zbekiston abituriyentlari orasida oldingi yillarga solishtirganda rekord ko‘rsatkich ekani xabar qilinmoqda.

Davlat Test markaziga ko‘ra, eng ko‘p hujjat topshirilgan oliy dargohlar - Termiz, Qarshi, Guliston universitetlari, Toshkent Yuridik instituti bo‘lgan.

Termiz Davlat universitetiga bir o‘ringa 13,36 talabgor to‘g‘ri kelgan.

Butun respublika bo‘yicha bir talabaning joyiga 7,6 abituriyent to‘g‘ri kelgan.

Bu yildan harbiy xizmatni o‘taganidan keyin oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lgan yigitlarga umumiy ballariga eng ko‘pi bilan 27 ball qo‘shib beriladi.

O‘zbekistonda bu yil sentyabridan bakalavriatda bir yil o‘qish bahosi 3 million 650 ming so‘mdan 5 million 300 ming O‘zbekiston so‘migacha (mamlakatda mavjud qora bozor kursi bo‘yicha 1285-1866 AQSh dollari)ni, magistratura esa qariyb 4 milliondan-5 million 830 ming so‘mgacha(1394-2052 AQSh dollari)ni tashkil etadi.

1 avgust ertalab soat 8.30 dan tushki 13.30 gacha O‘zbekistondagi barcha mobil aloqa shirkatlari o‘z mijozlari qo‘l telefonlaridagi xabar, matn yuborish xizmatlarini to‘xtatib qo‘ygan.

Bu abituriyentlarning imtihon paytida chetdan yordam olmasliklari, "shpargalka"ga yo‘l qo‘ymaslik maqsadini ko‘zlagan.

Ikki farzandi Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlariga kirish test imtihonlarini topshirgan qashqadaryolik ona BBC bilan suhbatda bu yilgi nazorat kuchaytirilganidan mamnun bo‘lganini aytdi.

"Test bo‘ladigan joyga yaqin maxsus doskada mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangani haqidagi qaror matnini osib qo‘yishipti. Bu qarorda kimda-kim imtihon payti sotoviy telefonni ishlatsa, darhol chetlatish haqida yozilgan ekan. Bu qarorni qo‘llashadimi-yo‘qmi, deb o‘ylab turgan edik. Organ xodimlari abituriyentlarni sinchiklab tekshirib auditoriyalarga kiritishdi. Qarorni qo‘llashdi - ikki-uch kishini telefon bilan tutib olishipti, ularni yig‘lab tashqariga chiqarib yuborishganini ko‘rdik", dedi onaxon.

"Shuning uchun ham bu yil umid qilib turibmiz haqiqiy bilimi bor bolalarning o‘qishga kirib ketishiga", dedi u.

"Pul bilan o‘qishga kirish" degan ibora o‘zbek tilida qachon paydo bo‘lgan?

O‘zbekistonda bepul oliy ta‘lim tizimidan 1990 yillar o‘rtalaridan voz kechilgan, dastlab jami talabalarning yarmi davlat byudjetiga, yarmi kontrakt bilan to‘lash tartibiga o‘tilgan.

Shundan keyin yil sayin tahsili davlat byudjetidan qoplanadigan talabalarning soni kamaytirib kelinadi.

2012 yilda jami talabalarning 34 foizi - 19340 kishi davlat grantlariga, 66 foizi yoki 37300 ga yaqin talaba to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishadi.

Oliy ta‘lim O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi, hali Sho‘rolar davridan "pul bilan o‘qishga kirish" muammosi keng tarqalgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin davlat imtihonlari o‘rniga test sinovlari joriy etilishi sabablaridan asosiysi ham tanish-bilishchilik yoki pora berib o‘qishga kirish oldini olishga qaratilgan edi.

Biroq sohani ichidan yaxshi biladigan insonlarning aytishlaricha, test tizimiga o‘tilganidan keyin "muammo yanada kuchaygan bo‘lsa kuchaygan, kamaymagan".

Har yili 1 avgust kuni butun O‘zbekiston bo‘yicha mobil telefonlardan sms-xabarlar yuborish xizmatlari butkul to‘xtatilishi ham oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi poraxo‘rlikni kamaytira olmagan.

O‘zbekistonda yuristlikka o‘qishga kirish eng qimmat hisoblanadi, uning "narxi" 20-25 ming dollar, iqtisod yo‘nalishidagi fakulьtetlar uchun 9-10 ming dollar to‘lansa bir student joyi kafolatlanishi mumkin.