MTS bilan bog‘liq mojaroga Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi aralashdi

Image copyright mts.ru
Image caption MTS hisoblashicha, O‘zbekiston davlat organlarining harakati kompaniyaning qonuniy huquqlarini paymol qilmoqda.

MTSning O‘zbekistondagi shirkati hisoblangan "Uzdunrobita" ("MTS-O‘zbekiston") ga aloqador masalalar Rossiya Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Krasin va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Ziyodulla Po‘latxo‘jayev bilan telefon orqali suhbatida muhokama qilingan.

Rossiya tomoni O‘zbekiston hukumatidan MTS kompaniyasiga aloqador masalaga qisqa muddatda aniqlik kiritishni so‘ragan.

"Rossiya vakili MTS bilan bog‘liq muammo borgan sari jiddiy tus olayotganligi va uni iloji boricha tezroq ijobiy hal qilish choralarini ko‘rish lozimligini ta‘kidladi", - deb xabar beradi Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi.

Avvalroq 17 iyulida O‘zbekistonda to‘qqiz million abonentga ega bo‘lgan "MTS-O‘zbekiston" - "O‘zdunrobita" amal qilish litsenziyasi o‘n kunga bekor qilingan edi.

30 iyulda O‘zbekistondagi mahkama bu muddatni yana uch oyga uzaytirgan.

O‘zbekiston mobil aloqa bozorida eng yirik shirkatlardan biri bo‘lib kelgan MTS shirkati prezidenti Andrey Dubovskov Prezident Islom Karimovga ochiq maktub yo‘llagan.

Maktubda keltirilishicha, "O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hozirgi paytda bizga noma‘lum bo‘lib turgan maqsadlar bilan ishga "mustaqil" baho bermoqda. Ikki viloyatning bo‘limlarida kompaniyaning bank hisoblari muzlatilgan". "Bundan tashqari prokuratura boshchiligida Kompaniyaning idoralarida noma‘lum horijiy mutaxassislar hamma hujjatlarni tekshirmoqda", - deyiladi ochiq xatda.

MTS hisoblashicha, O‘zbekiston davlat organlarining harakati kompaniyaning qonuniy huquqlarini paymol qilmoqda.

MTS prezident Karimovdan O‘zbekistonda qonun va huquqni ta‘minlaydigan shaxs sifatida "mojaroli vaziyatni hal qilishga aralashish, kompaniya xodimlarining qonuniy huquqlarini ta‘minlash va MTSning o‘z faoliyatini odatdagidek davom ettirishiga erishish"ga yordam berishni so‘ragan.

Andrey Dubovskovning ochiq xatida "Agar MTS shirkatining litsenziyasi va faoliyati qayta tiklanmasa, "zarur yuridik amallarni qo‘llash"dan boshqa chora qolmasligi ta‘kidlangan.