Tojik ofitseri katta miqdordagi qoradori bilan ushlangan

Image copyright AFP
Image caption Tojikiston giyohvand moddalarni qo‘lga tushirish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi

Tojikiston xavfsizlik xizmati xodimlari yirik miqdordagi giyohvand moddalarni qo‘lga tushirganlar.

Mamlakat chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi Panjdan Dushanbega tomon qoradorini olib o‘tmoqchi bo‘lganda ushlangan.

Tintuv vaqtida harbiy xizmatchining shaxsiy mashinasidan 20 kgdan ortiq geroin, 320 kilo gashish va 37 kilogramm opium moddasi topilgan.

Tojikiston chegara qo‘shinlarining BBCga ma‘lum qilishicha, xavfsizlik ofitseri iyul oyining oxirlarida hibsga olingan. Bu haqdagi xabar esa matbuotga endi chiqqan.

"Kuch ishlatar tizimlaridagi xodimlar tomonidan sodir etiladigan har qanday qonunbuzarliklar, ayniqsa yuqori lavozimli mulozimlarning jinoyatlari haqida darrov e‘lon qilinmaydi. Ba‘zida hafta, hatto oylar o‘tib ketgan hollar mavjud. Bu vaqt oralig‘ida izlar yo‘qotiladi, ko‘rsatmalar o‘zgartiriladi, mansabdorlarni jinoyatini ko‘rsatmaslik uchun kerakli "guvoh"lar topiladi", - deb aytadi huquqshunos Shuhrat Qudratov.

Qo‘lga olingan chegarachiga yirik miqdordagi giyohvand moddalarni noqonuniy aylantirish va chegarani xizmat vazifasidan foydalangan holda noqonuniy kesib o‘tish ayblovlari qo‘yilgan.

Shov-shuvli jinoiy ish tafsilotlari haqida "qidiruv siri"ekanini ro‘kach qilgan Tojikiston Ichki Ishlar vazirligi va Xavfsizlik qo‘mitasi vakillari ma‘lumot berishni istashmagan.

Kuzatuvchilar bu hodisa Tojikistonda xavfsizlik xodimi, yuqori lavozimli mansabdor yoki uning qarindoshi narkobiznesga aralashgan birinchi ish emasligini aytishadi.

Bundan oldin Tojikiston temir yo‘llari rahbarining o‘g‘li Rossiyada giyohvand modda bilan qo‘lga tushgan.

G‘arb davlatlari Tojikiston hukumatini giyohvand moddalar olib chiqilishiga qarshi yetarli ishlar qilmayotganini tez-tez tanqid qilib keladi.

Giyohvand moddalarni nazorat qilish agentligiga ko‘ra, 1 kg geroin Afg‘onistonda 800dan 2000 dollargacha, Tojikistonda 4-5 ming dollar, Rossiyada 8-10 ming dollarga baholanadi.

Narkotrafikka qarshi kurash Afg‘onistondagi katta hududlar hukumat tomonidan nazorat etilmasligi bois murakkablashadi.