Samarqandda "MAN" yuk mashinalari ishlab chiqariladi

Samarqandda "MAN" rusumli og‘ir yuk avtomashinalarini ishlab chiqaruvchi yangi zavod ish boshlagan.

Qo‘shma korxona "O‘zavtosanoat" aktsiyadorlik kompaniyasi va Olmoniyaning "MAN Truck & Bus AG" kompaniyalari o‘rtasida barpo etilgan.

Korxonada turli yuk ko‘tarish quvvatiga ega qazish sohalari uchun moslamalar, yuk mashinalari va samosvallar chiqariladi.

Ikkala kompaniya hamkorligi 2009 yil "SamAvto" zavodining maydonlarida nemis yuk avtomashinalarini yig‘ish bilan boshlangani aytiladi.

Yangi zavod ochilishiga sabab, mintaqada tijorat transportlariga talab kattaligi va O‘zbekistonning ishlab chiqarish imkoniyatlari oshayotganligi, deb ko‘rsatilgan.

"MAN" katta yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi zavod hududi 15 ming kv. metrni o‘z ichiga olgan.

Zavod yiliga 5 mingdan ortiq yuk mashinasini yig‘ish quvvatiga ega deyilmoqda.

Bundan oldin O‘zbekiston yuk mashinalarini asosan Belorussiya va Rossiyadan sotib olganligi ma‘lum.

Yangi ishga tushirilgan zavod mashinalari avvalo O‘zbekistonning ehtiyojlari uchun ishlatilishi aytilgan.

Shuningdek, keyinchalik, ikkinchi yig‘uv liniyasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Bu yangi 1000 ta ishchi o‘rinlarini ochishga imkon beradi.

O‘zbekistonda "MAN avtotransport vositalarini ishlab chiqarish va texnik xizmat kompleksi"ni tuzish loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi xabar qilingan.

Birinchi bosqichda "dilerlik va xizmat ko‘rsatish markazi" qurilgan. 2011 yil dekabrida ochilgan markaz yiliga 1500 yuk mashinalariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Yangi zavod loyihaning ikkinchi bosqichi hisoblanadi.

Uchinchi bosqichda yuk mashinalari uchun ko‘tarish va tortish jihozlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bundan avval O‘zbekiston va nemislarning boshqa bir shirkati - Daimler AG hamkorligida, mamlakatda Mercedes Benz avtobuslari yig‘ilishi haqida aytilgandi.

Lekin bu loyiha nima uchun amalga oshmay qolganligi noma‘lum.