O‘zbekistonda 1,5 milliard dollarga nima ish qilish mumkin?

Image copyright Reuters
Image caption Markaziy bankka ko‘ra banklarning ichki zahiralari hisobiga kichik biznesga kreditlar ajratilgan.

O‘zbekiston banklari yarim yil davomida kichik biznes uchun 1,5 milliard dollardan ortiq kredit ajratgan. Bu haqda respublika Markaziy banki Toshkentda xususiy banklar ishtirokidagi matbuot anjumanida ma‘lum qilgan.

Markaziy bank ushbu mablag‘ning aksariyati banklarning ichki zahiralari hisobiga ajratilganini ta‘kidladi. Kuzatuvchilar ushbu summaning juda ham kattaligini va mablag‘larning aksari tadbirkorlar daromadi va mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar evaziga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytishmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan xususiy banklar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘tgan 6 oy davomida kichik tadbirkorlik tuzilmalariga ajratilgan kreditlar miqdori 2,9 trln. so‘mni tashkil etgani haqida bildirildi.

Bu haqda Markaziy bank veb-sahifasida joylashtirilgan materialdan xabardor bo‘lish mumkin. Ushbu mablag‘ni Markaziy bank kursi bo‘yicha chaqsa 1,5 milliarddan ko‘proq dollarni tashkil qiladi.

Markaziy bank kichik biznes departamenti direktori Aktam Sayfullayev BBC bilan suhbatda ushbu raqamlarni tasdiqladi.

"3 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yil boshidan buyon berilgan. Ushbu mablag‘ banklarning o‘z ustav kapitali, aholidan jalb qilingan depozitlar, bankda shakllanadigan mablag‘lar hisobiga berilgan. O‘zbekistonda tadbirkorlik juda qattiq rivojlanayapti, shuning uchun mana shunday kreditlar berilayapti", - deydi Aktam Sayfullayev.

Markaziy bank hisobotida aytilishicha, bu yilgi ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu vaqtgacha bo‘lgan ko‘rsatkichidan 1,4 barobar ko‘pdir.

O‘zbekistondagi banklarning birida ishlovchi mutaxassisning aytishicha, bu yil kredit berish ancha yengil yo‘lga qo‘yilgan va tadbirkorlar ko‘p miqdorda kredit olishmoqda.

"Bu yil kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e‘tibor berilayapti. Foizlar ham imtiyozli berilayapti. Oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshi", deydi bank xodimi.

Kuzatuvchilar 6 oy davomida kichik biznes uchun 1,5 milliard dollardan ortiqroq mablag‘ning ajratilishii juda katta raqam ekanligini aytishadi. Toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinov ushbu mablag‘ banklarga aholining o‘zidan chiqqan bo‘lishi mumkin, deydi.

"Menimcha, ajratilgan milliard dollarlarning katta bir qismi kichik biznesning, fermerlarning o‘z sarmoyasidir. Bu yerda banklar shu tadbirni tashkil qiluvchi bo‘lib chiqqan. Bu ishda O‘zbekistonda eng ko‘p jon kuydirayotganlar bu prokuraturalar", deydi Anvar Husayinov.

Mehnat muhojirlari yuborgan pullar ham biznesga

Iqtisodchiga ko‘ra bunday katta mablag‘larning shakllanishida chetdan mehnat muhojirlari yuborayotgan kapitalning ham o‘rni katta.

- Xorijda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan kelayotgan mablag‘lar. Biz bilamizki o‘zbekistonlik 100 minglab, millionlab yoshlar xorijda ishlayapti va ular topgan pullarining asosiy qismini o‘z oilalariga yuborayapti, - deydi Anvar Husayinov.

Tahlilchiga ko‘ra shu vaqtgacha yuborilgan mablag‘lar to‘y-hasham, uy solish va mashina olish kabi narsalarga harj qilingan bo‘lsa, endi pul yuborayotganlarning orasida qarindoshlar birikkan holda kichik biznesni yo‘lga qo‘yish hollari ko‘proq uchramoqda.

Banklar tomonidan kichik tadbirkorlarga ko‘p miqdorda kredit berilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, tahlilchilar O‘zbekiston iqtisodida ularning o‘rni sezilarli darajada emasligini aytishadi.

Toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husaynovga ko‘ra kichik tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarning eksporti hajmi juda ozligi kuzatiladi.

"Afsuski, statistikasiz jonli hayotga qaraganda, xorijga mol chiqarish oshmayapti. Chunki bir qator qiyinchiliklar bor. Jumladan, O‘zbekiston bojxona tizimlari shartnomasiga kirgan bo‘lsa ham, xorijga mol chiqarish uchun ayniqsa, kichik tadbirkorlarga, fermerlarga yengil imtiyozlar ko‘zga tashlanmayapti", - deydi Anvar Husayinov.