Lillis: "O‘zbek elitasi kelajak haqida qayg‘ursa, sarmoyadorlarga bunday munosabat qilmasdi"

Image copyright gazeta.uz
Image caption O‘zbekiston mobil aloqasi bozorida 40 foiz hissalarga ega bo‘lgan Uzdunrobita shirkati faoliyati to‘xtatilishi ortidan yirik yo‘qotishlarga yuz tutmoqda.

Markaziy Osiyo masalalarini yorituvchi jurnalist Joanna Lillisning eurasia.net sahifasida yozishicha, O‘zbekistondagi iqtisodiy elitaning siyosati xorijiy sarmoyadorlar faoliyatiga yomon ta‘sir qilmoqda.

"O‘zbekiston: Toshkentning ochko‘zligi xorijiy sarmoyadorlarning ishtahasini buzayapti" sarlavhali maqolasida jurnalist oxirgi yillarda O‘zbekistonda muammoga uchragan qator xorijiy shirkatlarni sanab o‘tadi.

Unda sarmoyadorlardan muntazam ravishda keladigan shikoyatlar oshib borayotgani va bugunga kelib o‘zbek elitasi marhamatidan chetda qolgan shirkatlar qatoriga G‘arb, Turkiya, Osiyo, Rossiya shirkatlari kirgani yoziladi.

"Toshkent sarmoyadorlar uchun mehmondo‘st imidjni yaratishga urinsada, ekspertlar fikrida, keng tarqalgan korruptsiya sarmoyadorlar amal qilishi mumkin bo‘lgan fazoni deyarli yo‘qqa chiqaradi", - deydi Lillis.

BBC maqola muallifiga bog‘lanib, O‘zbekistondagi xorijiy sarmoyadorlar boshiga tushgan muammolardan qanday saboq chiqarish mumkinligi va keyingilari omon qolish uchun nima qilishlari kerakligi haqida so‘radi.

Lillis: Menimcha, ko‘p sarmoyadorlarning tajribasidan kelib chiqadigan bir yaqqol saboq shuki, O‘zbekistondagi xorijiy sarmoya iqlimini barqaror deya tasvirlab bo‘lmaydi va O‘zbekistonga kirib kelayotgan har bir chet ellik sarmoyador xavflarga yuz tutadi, ularning huquqlari himoya qilinmagan. Qog‘ozda ham huquqlar bitilgan bo‘lsada, amalda bunday emas. O‘tgan bir necha hodisalarga qaralsa, xavflar va moliyaviy yo‘qotishlar miqdori juda yirik. Omon qolishga kelsak, tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodni boshqaradigan kishilarga juda yaqin aloqasi bor doiralar tilini topmasdan turib, biznes qilish juda qiyin. Tahlilichlar bu kishilarni Prezident Islom Karimov va uning oilasiga yaqin shaxslar ekanini aytadilar. Lekin, tajribaga qaralsa, aftidan bu sizga kafolat bera olmaydi. Va ba‘zi hollarda yillab muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan shirkatlar to‘satdan muammoga duch kelib, bizneslaridan ayriladilar.

BBC: Siz prezident va uning oilasi, hamda elita haqida gapirayapsiz. Bu elita uchun O‘zbekistonning iqtisodiy imidji muhim emasmi? Ular nima uchun sarmoyadorlarni sarson qilib, O‘zbekistonning sarmoya sahnasidagi obro‘sini to‘kadilar?

Lillis: Bu juda yaxshi savol. Bu albatta O‘zbekiston imidjiga katta dog‘ tushiradi. Mening o‘ylashimcha, O‘zbekiston iqtisodini boshqaradigan muhim shaxslar faqat uzoqni ko‘zlab emas, faqat qisqa muddatli foydani o‘ylab ish ko‘rayaptilar. Bu mening farazim, xolos. Hammaga ma‘lum, O‘zbekistonda kelajakda nima bo‘lishi noaniq, chunki Islom Karimovning aniq vorisi yo‘q. Balki, shuning uchun, hozirda elitada bo‘lgan odamlar imkoniyat bor vaqtida iloji boricha tez va ko‘p foyda ko‘rib qolmoqchidirlar. O‘zbekistonda sarmoya bozorida bo‘layotgan voqealarni xorijiy sarmoyadorlar "o‘g‘rilik" deya tasvirlashayapti. Agar o‘zbek elitasi haqiqatdan ham O‘zbekiston xalqi farovonligi, kelajagi va imidjini o‘ylaganda, bunday yo‘l tutmagan bo‘lardi.

BBC: O‘zbekiston biznes sohasida juda past ko‘rsatkichlarga ega, Jahon Bankining 2011 yilgi biznes hisobotida u 183 mamlakat ichida 166-o‘rinda, Xalqaro Transparensining korruptsiya hisobotida esa 182 mamlakat ichida 177-o‘rinda. Xorijiy sarmoyadorlar birin-ketin muammolarga yuz tutayapti. Lekin nima uchun shunga qaramay, xorijiy sarmoyalar O‘zbekistonga kelishda davom etmoqda?

Lillis: Ha, xorijiy sarmoyadorlar kelishda davom etayapti va bunga sabab shuki, O‘zbekistonda biznes qilishning xavfi katta bo‘lgani bilan, unda qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan daromadning ham ehtimoli katta. O‘zbekistonning hajmi, uning aholisi soni va undagi zahiralarni ko‘lamini hisobga olsak, O‘zbekistonda hozirda anchagina xorijiy sarmoyadorlar mavjud. Bu xavfli bozorga kirishga botina olgan sarmoyadorlar katta moliyaviy foyda ko‘ra olishlari mumkin, lekin buning uchun ular o‘z mol-mulkini qo‘ldan chiqarib yubormasliklari kerak bo‘ladi. Lekin, ko‘rib turganimizdek, mol-mulkingizni qo‘ldan boy bermaslik har doim ham oson emas.

BBC: Lekin, Osiyo Taraqqiyot Banki O‘zbekistonda 2011 yilda 8.3 foiz iqtisodiy o‘sishga erishganini aytib, bu yil ham shunga o‘xshash o‘sishni bashorat qilayapti. Bu degani, xorijiy sarmoyadorlarsiz ham iqtisodiy o‘sish yuz berishi mumkin, xorijiy sarmoyadorlar o‘ta muhim emas, shundaymi?

Lillis: Albatta, xorijiy sarmoya rol o‘ynaydi va u kirib kelishda davom etayapti, lekin u iqtisodiy o‘sishdagi yagona faktor emas. Iqtisodiy o‘sish asosida turli ichki sektorlar yotadi. O‘zbekiston 20 yil avval mustaqillikka erishganiga qaramay, hali ham sho‘roviy markaziy iqtisod jihatlarini saqlab qolgan, davlat deyarli barcha sohalarda asosiy rolni o‘ynaydi. O‘zbek iqtisodiy o‘sishi nafaqat xorijiy sarmoyalar, balki o‘ta yirik davlat sektorlari va o‘zbek sarmoyadorlari amal qiladigan xususiy sektorlar faoliyati tufayli amalga oshayapti.