Putin dzyudoni tomosha qilish uchun London Olimpiadasiga kelmoqda

Image caption Putin dzyudoning ashaddiy ishqibozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oxirgi yetti yil ichidagi birinchi rasmiy tashrifi bilan Britaniyaga kelmoqda.

Dzyudo sportida qora kamar sohibi hisoblanmish janob Putin payshanba kuni London Olimpiadasi doirasida dzyudo bellashuvlarini tomosha qilishi kutiladi.

U o‘tmishda Sankt-Peterburg dzyudo chempionatida g‘olib chiqqan va ayni sportni targ‘ib qilish uchun videoroliklar nashr etgan.

Janob Putin, shuningdek, Dauning Stritda Bosh Vazir Deyvid Kameron bilan uchrashadi va Suriyadagi mojaro borasida muzokara olib boradi.

Putinning voizi Rossiya prezidenti Moskvaning asosli, muntazam va mutlaqo aniq mavqeini himoya qilishini aytdi.

Bu janob Putinning Londonga oxirgi to‘qqiz yil ichida qilayotgan birinchi safaridir - oxirgi marta u Londonga davlat tashrifi bilan 2003 yil iyunida kelgandi. Britaniyaning Glenagls shahridagi sammitda u 2005 yil iyulida ishtirok etgan.

Janob Putinning safari o‘z mamlakatidagi siyosiy noroziliklar davriga to‘g‘ri kelmoqda.

U mart oyida uchinchi muddatga prezident etib saylangan esada, 1990-yillar boshidan beri ilk marta yuz bergan eng yirik norozilik namoyishlariga yuz tutdi. Muxolifat boshchiligidagi namoyishchilar Putinni ovozlarni soxtalashtirishda aybladilar.

Putin prezident kursisiga qaytganidan beri muxolifatga bosim oshgan, va ba‘zi faollar qamoqqa tashlanganlar. Bu hafta Pussy Riot aksil-Putin pank guruhining uch ayol a‘zosi mahkamaga tortilmoqda. Ular Moskvadagi Iso Masih cherkovi mehrobida Putinga qarshi qo‘shiq ijro etganlari uchun besh oy avval hisbga olingandilar.

"Xavfsiz hudud"

Suriyada hukumat qo‘shinlari mamlakatning eng yirik shahri Aleppo ustidan nazoratni qo‘lga olish yo‘lida janglarni davom ettirmoqdalar.

Rossiya va Xitoy esa ikki hafta avval BMTning Suriyadagi ziddiyatga nuqta qo‘yish harakatlariga yana veto qo‘ydilar.

Rossiya Prezident Assadni qo‘llab-quvvatlashi tufayli BMTning yangi rezolyutsiyaga erishish intilishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lib kelmoqda.

Prezident Putinning maslahatchilaridan biri BBCga xalqaro hamjamiyatning Suriya muxolifatiga bo‘lgan dastagi "mas‘uliyatsiz va nomutanosib" ekanini aytdi.

Ayni damda, BMT koordinatori Barones Amos Suriyada xavfsiz hududlarning yo‘qligi janglar orasida qolib ketgan oddiy odamlarga yordam berish harakatlariga to‘siq bo‘layotganini bildirdi.

"Odamlar xavfsizligi uchun eng avvalo otashkesimga erishish kerak, lekin buning uddasidan chiqa olmadik", - dedi Ledi Amos.

"Otashkesim bo‘lmagan holda biz qandaydir dahliz yo xavfsiz hududni yaratish yo‘lida ishlashimiz kerak. Ammo, gap shundaki bu kabi hudud uchun yo‘l ochib beradigan rezolyutsiyaning o‘zi yo‘q", - dedi u.