London masjidlarida "Olimpiada iftorliklari" uyushtirilmoqda

Londonda musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan Yozgi Olimpiada O‘yinlari qiyomiga yetib borarkan, bu yerdagi masjidlarning faoliyati ham qizigandan qizigan.

Mahalliy mulozimlar va islomiy tashkilotlar O‘yinlarda ishtirok etish va tomosha qilish uchun kelgan minglab musulmon sportchilari va sayyohlari uchun maxsus iftor dasturini ishlab chiqishgan.

Ushbu dastur doirasida diniy ulamolar ular uchun iftorlik dasturxonlari uyushtirishadi, ularni o‘z masjidlariga taklif etishadi va musulmonlar qatori o‘zga din vakillari ishtirokida ham turli tadbirlar o‘tkazishadi.

Britan hukumati mulozimlariga ko‘ra, tashabbuslaridan maqsad nafaqat musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyini bayram qilish, balki Britaniyadagi turfamadaniyatlilikni ham tantana qilishdir.

Men shundoqqina Olimpiya Xiyoboni biqinida joylashgan Sharqiy London masjidi va London Musulmonlari Markazi voizi Salmon Forsiy bilan bog‘lanib, undan iftor dasturi tafsilotlari haqida so‘radim:

Salmon Forsiy: Bu yilgi Ramazon oyi davomida masjidimiz kuniga olti yuz kishiga iftor dasturxoni yozmoqda. Kecha esa, maxsus iftor tadbiri uyushtirdik. Unda o‘zimizning musulmon jamoasi vakillaridan tashqari, boshqa dinga mansub hamkasblarimiz ham hozir bo‘lishdi. Yana shuningdek, musulmon olimpiyachilarini ham taklif qildik. Ularning orasida Buyuk Britaniya xokkey jamoasi o‘yinchisi Darren Chizman, falastinlik suzuvchi Ahmad Jibril, Misr Suzish va futbol harakati asoschisi, FIFA vakilasi Sahar Al-Havoriy hamda boshqa yuqori martabali mehmonlar ham bor edi. Menimcha, iftor kechasi Ramazon oyida borini birga baham ko‘rish va uyg‘unlik kabi islomiy qadriyatlarni targ‘ib etishning yaxshi imkoniyati bo‘ladi. Masjidimiz shu paytga qadar bu kabi o‘ziga xos va yirik iftor kechasi uyushtirmagandi. Bu kabi tadbirlarni iloji bo‘lsa har kuni o‘tkazardik, ammo uyushtirish ko‘p sa‘y-harakat talab qiladi. Shuning uchun ham imkoni bo‘lmasa kerak.

BBC: Yozgi Olimpiada O‘yinlari sabab, Londonga yuz mingga yaqin xorijiy sayyohning kelgani aytiladi. Agar masjidlarga kelayotgan kundalik ziyoratchilar va ro‘zadorlar nazarda tutilsa, ularning orasida xorijliklar ko‘pmi?

Salmon Forsiy: Ha, dunyoning boshqa islomiy davlatlaridan masjidimizga kelayotgan ziyoratchilar talaygina. Ular masjidimizga namoz o‘qish va iftorlik qilish uchun kelishadi. Xorijlik ziyoratchilar orasida, shaxsan o‘zim, malayziya, indoneziya, marokash va qozog‘istonlik musulmonlarni ko‘rdim.

BBC: Masjidingiz shundoqqina Olimpiya xiyoboni yaqinida joylashgan ekan. O‘yinlar aynan masjidlar musulmonlar bilan gavjud bo‘ladigan Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgan. Bu faoliyatlaringizga hech halaqit bermayaptimi?

Salmon Forsiy: To‘g‘ri, ko‘pchilik Ramazon va ustiga ustak, Olimpiada O‘yinlari sabab odam va mashinalar rosa tiqilib ketsa kerak, deb o‘ylagandi. Keyin masjidimizga kelayotgan aksariyat musulmonlar jamoat naqliyotidan foydalanishadi. Agar shaharga kelayotgan ziyoratchilar ham ularning ustiga qo‘shilsa, jamoat naqliyoti bunga qanday bardosh berarkan, degan xavotirlarimiz ham bor edi. Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Hozircha biror bir jiddiy muammoga to‘qnash kelayotganimiz yo‘q. Hammasi ko‘ngildagidek, silliq kechmoqda. Juma va taroveh namozlarini o‘qishda ham biz qo‘rqqanchalik qiyinchiliklar yo‘q.

BBC: Agar ta‘bir joiz bo‘lsa, shaxsan o‘zingiz va masjidingiz xodimlari O‘yinlar chog‘ida qay bir terma jamoaga ishqibozlik qilayapsiz?

Salmon Forsiy: Biz eshkak eshish musobaqalariga ishqibozlik qilayapmiz. Britaniyalik eshkak eshuvchilar orasida bir musulmoni ham bor. Bundan tashqari, britan velosportchisi Bredli Vigginsni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Oramizda qilichbozlik bellashuvlarini bevosita tomosha qilish uchun chipta olganlar ham bor. Biz britaniyalik bo‘lganimiz uchun ham, Buyuk Britaniya terma jamoasini qo‘llashimiz adolatdan bo‘ladi, menimcha.

BBC: Har 44 yilda Olimpiada O‘yinlari musulmonlarning ro‘za tutishlari taqozo etiluvchi muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri keladi. Uch mingga yaqin musulmon sportchi ishtirok etayotgan London Olimpiada O‘yinlari ham bundan mustasno emas. London Olimpiada O‘yinlari Tashkiliy qo‘mitasi esa, musulmon sportchilari to‘qnash kelajak muammoni nazarda tutib, muayyan rejalarga qo‘l urgani, har bir sport inshootida iftor mahali ular uchun maxsus dasturxon hozirlanib, Olimpiya Qishloqchasidagi restoranlar ham tun bo‘yi faoliyat ko‘rsatishini aytgandi. Xo‘sh, amaldagi vaziyat qanday? Men bundan avvalroq bellashuvlariga qaramay, O‘yinlar chog‘ida Olimpiya qishloqchasida ro‘za tutishini aytgan Misr terma jamoasi a‘zosi Hadiya Husni El-Sayiddan ko‘rgan-kechirganlarini tasvirlab berishini so‘radim:

Hadiya Husni El-Sayid: Ramazon oyi bahona Olimpiya qishloqchasida musulmon sportchilari uchun xos bir narsa uyushtirilgan deb aytolmayman. Ammo oshxonalar kechayu kunduz ochiq. Sportchilar ko‘ngillari tusagan paytda ovqatlanishlari mumkin. Boshqa ko‘zga alohida tashlanib turadigan jihati yo‘q. Agar Misr Olimpiya terma jamoasi misolida aytadigan bo‘lsam, aksariyat sportchilar mashg‘ulotlari payti ro‘za tutib, musobaqalari kuni og‘izlarini ochishdi. Chunki ro‘za tutgan holda bellashish juda og‘ir edi. O‘zim ham mashg‘ulotlarim bilan kechgan o‘tgan hafta to‘liq ro‘za tutdim. Ammo bellashuvim kech soat sakkizga rejalangani uchun o‘sha kuni og‘zimni ochdim. Biror bir sovrinli o‘rinni ololmagan bo‘lsam ham, dunyoning yuqori rankli badmintonchilariga munosib qarshilik ko‘rsatdim, deb o‘ylayman.

BBC: Demak, Olimpiya qishloqchasidagi oshxonalarda musulmon sportchilariga taqozo etilganidek halol taomlar tortildi, shundaymi?

Hadiya Husni El-Sayid: Ha, oshxonalarda halol taomlar ko‘p edi. Keyin ularning halolligi maxsus yorliqlar bilan ham ko‘rsatib qo‘yilgan. Halol qo‘y, mol, tovuq go‘shtidan tayyorlangan taomlar, og‘zingizni ochgan paytda iste‘mol qilishingiz uchun quritilgan xurmo, yong‘oq, turshak, hammasi hozirlangan edi. Istang arabcha, xohlang, mahalliy uslubda pishirilgan ovqatlar bor edi.

BBC: Musulmon sportchilarning namoz o‘qishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar-chi, ularni qanday baholagan bo‘lardingiz?

Hadiya Husni El-Sayid: Namozni biz xonamizda o‘qidik. Ammo Qibla qay tarafda ekani ko‘rsatib qo‘yilgan edi. Maxsus namoz o‘qiydigan xonalarga shaxsan mening ko‘zim tushmadi. Chunki hammaning o‘z xonasida namoz o‘qiyotganini ko‘rdim.

Olimpiada O‘yinlari kabi yirik sport musobaqalari chog‘ida ro‘za tutish-tutmaslik borasida bir qarorga kelish esa, musulmon sportchilari uchun osonlaridan emasdi. Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi esa, shu O‘yinlar o‘tib olgach, kelajakda dunyodagi eng katta sport tadbirining musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelib qolmasligining biror chorasini topish ustida o‘ylab ko‘rishini aytmoqda.