Velosport: Qirolicha yutqazdi, ammo Qirol taxtda qoldi

Image copyright Getty
Image caption Britan erkak sprintchilari g‘alabasi shu kungacha London Olimpiadasida erishilgan eng dramatik yutuqlardan biri bo‘ldi.

Britaniya olimpik jamoasi uchun shu kungacha eng muvaffaqiyatli deb ko‘rilgan kunda britan sportchilari uchta oltin va uchta kumush medalni qo‘lga kiritdilar. Oltin medallardan biri velosport bo‘yicha erkaklar sprint jamoasiga tegdi. Ibrat Safo velodromdagi ilk musobaqalarga guvoh bo‘ldi.

Britanlar intiqib kutgan kun nihoyat yetib keldi. 2008 yil Pekin Olimpiadasida oltin medallarni qo‘lga kiritgan Kris Hoy va Viktoriya Pendltonlarning yo‘lakka tushishlarini ko‘plar kutgandi. Velosport oxirgi yillarda britan jamoasiga zafar keltirayotgan eng asosiy sport turlaridan biri bo‘lib, ayniqsa Pekin o‘yinlaridagi muvaffaqiyatdan so‘ng unga bo‘lgan e‘tibor va hukumat moliyaviy dastagi oshgan.

Kartofel chipsiga o‘xshagani uchun "Pringl" laqabini olgan ajoyib velodromga kirib borar ekanman, u yerda mavjud hayajon va hissiyotlar havoda sezilib turardi. Butun velodrom britan bayroqlariga to‘lgan, onda sonda Avstraliya yo Gollandiya bayroqlari ko‘zga tashlanardi.

Velosportga qiziqmagan odam ham velodromdan katta taassurot olishi tayin. Bu ajoyib inshootning dizayni Olimpiya medalisti Kris Hoy yordamida chizilgan bo‘lib, uning qayrilgan tomi velosiped yo‘lagining geometrik jihatlarini aks ettiradi.

Qirolicha mag‘lub bo‘ldi

Musobaqa ayollar sprint jamoalari poygasi bilan boshlandi. Jahonning eng nufuzli ayol velosportchisi bo‘lmish 31 yoshli Viktoriya Pendlton o‘zidan o‘n yosh kichik sherigi Jess Varnish bilan xitoyliklarga qarshi yo‘lakka tushar ekan, velodromda ko‘tarilgan qarsaklar va hayqiriqlar quloqni kar qiladigan darajada edi.

Viktoriya Pendleton britanlar orasida "Queen Vic", ya‘ni "Qirolicha Vik" nomini olgan bo‘lib, u mamlakatdagi eng jozibali va go‘zal ayol sportchilardan biri hisoblanadi. Uning shampun reklamalari va erkaklar jurnallari uchun tushgan fotosuratlari Qirolicha Vikning ishqibozlari sonini yanada oshirgan. U ko‘p britanlar uchun ham go‘zallik va ham kuch-quvvatni o‘zida mujassam eta olgan sportchidir.

O‘z suhbatlaridan birida Viktoriya velosportga qo‘shilganida, ko‘plar uni "nimjon qizcha" deya kalaka qilishganlari, murabbiysi esa unga boshqa sportni tanlashni tavsiya qilganini aytgan. Uning Pekin Olimpiadasida ayollar individual poygasida g‘olib chiqib oltin medalga sazovor topilishi minglab yosh britan qizlarni sport bilan shug‘ullanishga ilhomlantirgan.

Image caption Viktoriya Pendltonning mag‘lubiyati hali uning uchun London Olimpiadasida oltin medalga erishish orzusi butkul chippakka chiqqanini anglatmaydi.

Nihoyat yo‘lakka chiqar ekanlar, Viktoriya va Jessning qudrati xitoyliklarni ortda qoldirdi va ular g‘alaba qozondilar. Aftidan bu ikki britan sportchisini endi hech nima to‘xtata olmasdi. Ikkinchi raundda ular ukrainalik juftlikka qarshi yo‘lakka tushib, ularni ham yangicha jahon rekordi bilan yenganlarida velodromdagi hayqiriqlardan naq tom o‘pirilib tushadigandek edi.

Lekin, bir necha soniya o‘tmay yangragan e‘lon hammaning ruhini tushirdi. Qirolicha Vik va uning sherigi Jes yo‘lakning noto‘g‘ri qismida o‘rin almashganlari uchun musobaqadan chetlatildilar. Atrofimdagi ishqibozlar norozilik bildirib qichqirar ekanlar, velodrom markazidagi kataklardan birida o‘tirgan Viktoriya va Jess ko‘zlariga yosh olib, bir-birlarini ovutdilar. Jess uchun bu Olimpiadadagi ishtirokining yakunini anglatdi, lekin Qirolicha Vik bugun yana ikki musobaqada qatnashishi kutiladi.

Ser Kris taxtdan tushmadi

Ayol velosportchilarning chetlatilishi ortidan endi hamma britanlarning umidi erkaklar jamoasidan edi.

Ser Kris Hoy jamoadoshlari Filip Haynds va Jeyson Kenni bilan yo‘lakka chiqar ekanlar, velodromdagi 6 mingta ishqiboz ko‘targan shovqin bir kommentator tomonidan "London na‘rasi" deya tasvirlandi. Chunki bu bir bahaybat she‘rning na‘ra tortishiga o‘xshardi. Hatto tarixiy voqeaga guvoh bo‘lishni istab kelgan yaqinimdagi Shahzoda Vilyam va rafiqasi Keyt hayajondan o‘rinlaridan turib olishgandi.

Bu na‘ra britan velosportchilarining ruhini yanada ko‘targan bo‘lsa ajabmas. Bir tomonda o‘z o‘yingda shuncha vatandoshlarning hafsalasini pir qilmaslik bosimi, boshqa tomondan esa bu sadoqat va dastak.

Image copyright PA
Image caption Jeyson Kenni, Filip Haynds va Ser Kris Hoy ajoyib tomosha uchun munosib taqdirlandilar.

Kris Hoy Britaniya tarixidagi eng ko‘p oltin medalga sazovor bo‘lgan sportchilardan biri bo‘lib, Pekin Olimpiadasidagi g‘alabasi ortidan unga Qirolicha Yelizaveta ritsar unvonini taqdim etgan va bugunda u oddiygina Kris Hoy emas, balki Ser Kris Hoy deb ulug‘lanadi.

Ser Kris va uning sheriklari ilk bor yo‘lakka chiqar ekanlar, uchovlonning eng yoshi - 19 yoshli Filip Haynds startdan uch soniya o‘tib yiqilib tushdi. Britanlar baxtiga poyga to‘xtatildi va hakam bu hodisani mexanik xato deya tan olishi ortidan, Ser Kris jamoasiga yana imkoniyat berildi.

Britan sprintchilari birin-ketin boshlang‘ich bosqichlarda g‘alaba qozonib, oxiri eng ashaddiy raqiblari bo‘lmish Frantsiya jamoasiga qarshi yo‘lakka chiqdilar.

Ilk poygada yiqilgan yosh Haynds bu safar haqiqiy chopar otdek qudratga to‘lgandi. Aftidan britan jamoasini endi hech nima to‘xtata olmasdi. Ser Kris va sheriklari shunchalar tez harakat qilishardiki, huddi yo‘lakdan o‘t chiqardi. Qudratli frantsuzlarning barcha harakatlari natijasiz bo‘ldi. Britaniyalik uchovlon frantsuzlardan yarim soniya oshib, nafaqat g‘alaba qozondi, balki 42.6 soniya bilan yangi jahon rekordini o‘rnatdilar.

Mazkur g‘alaba Kris Hoyga beshinchi oltin medalni keltirdi va britanlar uchun o‘ta muvaffaqiyatli kelgan va ehtiroslarga to‘la kunga yakun yasadi. Velodromning qirolichasi taxtdan chetlatilganiga qaramay, uning qiroli taxtda qoldi.

G‘alabasi ortidan bergan televizion intervyusida Ser Kris "men jismonan qo‘limdan kelganidan ham ko‘prog‘ini qilishga urindim, yonimdagi bolalar g‘alabasi uchun kurashdim", - dedi.