MTS o‘zbekistonlik xodimlariga Rossiyadan ish berishi mumkin

Image copyright mts.ru

Uzmetronom saytiga ko‘ra, MTS kompaniyasi "Uzdunrobita"ning ishdan bo‘shagan xodimlariga Rossiya hududidagi MTS bo‘limlaridan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topib berish kafolatini bergan.

Uzmetronom sayti ishonchli manbalariga asoslanib bu xabarni tarqatgan.

"Uzdunrobita" xodimlari bunday taklifdan foydalanib qolishi mumkin. Chunki Rossiyaga doimiy yashash uchun ko‘chib ketish va yaxshi ish topish imkoniyati har doim ham bo‘lmasligi mumkin", - deb yozadi Uzmetronom.

Bundan oldinroq, O‘zbekiston internet nashrlari MTS ("Uzdunrobita")xodimlari 10 kun ichida ishdan bo‘shatilishi ogohlantirilgani haqida ma‘lum qilgan.

O‘tgan oyda O‘zbekistonda to‘qqiz million abonentga ega bo‘lgan "MTS-O‘zbekiston" - "O‘zdunrobita" amal qilish litsenziyasi o‘n kunga bekor qilingan edi.

30 iyulda O‘zbekistondagi mahkama bu muddatni yana uch oyga uzaytirgan.

O‘zbekiston mobil aloqa bozorida eng yirik shirkatlardan biri bo‘lib kelgan MTS shirkati prezidenti Andrey Dubovskov Prezident Islom Karimovga ochiq maktub yo‘llab, agar shirkatning litsenziyasi va faoliyati qayta tiklanmasa, "zarur yuridik amallarni qo‘llash"ga majbur bo‘lishini aytgan.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi ham O‘zbekiston hukumatidan MTS kompaniyasiga aloqador masalaga qisqa muddatda aniqlik kiritishni so‘ragan edi.

MTS xodimlariga Rossiyadan ish berilishi haqidagi xabarlar vazirlikning bu ishga aralashgani natijasi, degan taxminlar ham aytilgan.