Aleppo uchun janglar davom etmoqda

Image copyright Reuters

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hukumatning 20 mingdan oshiq qurolli kuchlari Aleppodagi janglarga tashlangan.

Aleppoda qaqshatqich janglar davom etar ekan, armiya shaharga yanada yirik ko‘lamdagi hujumni tayyorlayotgani borasida xavotirlar oshgan.

Alepponing isyonchilar joylashgan mavzelari bombardimon qilingan. Suriya armiyasi Aleppo atrofidagi qo‘shinlari sonini tanklar va qurolli mashinalar bilan muntazam ravishda boyitib bormoqda.

Armiya Alepponing janubiy va sharqiy qismlarini egallagan isyonchilarni siqib chiqarishga urinmoqda.

Isyonchilar soni ham boshqa shaharlardan kelgan safdoshlari bilan oshgan va ular o‘z mavqelarini osonlikcha topshirish niyatlari yo‘qligini namoyish qilishayapti.

Qiruvchi uchoqlar va tikucharlardan foydalanayotgan hukumat qo‘shinlarining qo‘li ustun ko‘rinadi, lekin agar qo‘shinlarning rejasi Aleppo ustidan to‘la nazoratni olish bo‘lsa, ular ko‘proq askarlarini shahar ichiga kiritishlari kerak bo‘ladi. Bu esa yanada kengroq ko‘lamli janglarga olib kelishi mumkin.

BBC bilan suhbatda Ozod Suriya Armiyasining qo‘mondoni Abdul Jabar Oqayda isyonchilar joylashgan Salohiddin mavzesi hujumlar 20 iyulda boshlanganidan beri eng qattiq bombardimonga uchraganini aytdi.

Hukumatning nufuzli xavfsizlik mulozimi esa: "Aleppo uchun kurash hali boshlanganicha yo‘q, hozir bo‘layotgan janglar bu bir xamir uchidan bir patir. Asosiy jang endi boshlanadi", - deb aytgan.

Suriya televideniyesi oxirgi kunlarda Salohiddin va yaqin atrofdagi boshqa mavzelarda "terrorchilar" katta yo‘qotishlarga uchraganlarini xabar qilgan.

Ayni damda poytaxt Damashqdagi armiya manbalari isyonchilarni ularning eng oxirgi istehkomidan siqib chiqarganlarini bildirganlar. Isyonchilar ham o‘z mavqelarini tark etganlarini tasdiqlashdi.

Kecha Shia ziyoratgohi yaqinida 48 eronlik ziyoratchi o‘g‘irlab ketilgan. Eronlik diplomatlar va Suriya televideniyesi bunda qurolli guruhlarni ayblashgan.