Suriya isyoni yangi mujohidlarni yaratmoqda

Image copyright AFP
Image caption Ozod Suriya Armiyasi va jihodiy guruhlar o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik kayfiyati mavjud

Bundan bir yarim yil burun Suriyada tinch namoyishchilar yakkahokim tuzumni o‘zgartirish uchun ko‘chaga chiqishgani payti mamlakatda biron bir jihodiy guruhdan asar ham yo‘q edi.

Zotan o‘shanda Suriyada hukumatdan tashqari biron harbiy kuch va jang olib borish iqtidoriga ega muqobil guruh ham yo‘q edi.

Biroq Suriya hukumati tinch aholiga qarshi kuch ishlatarkan, odamlar ham qo‘llariga qurol oldilar.

Shu asno Ozod Suriya Armiyasi tashkil topdi. Bu guruh namoyishchilarni dastaklagan sobiq askarlardan tashkil topgan va ular "Bashar al-Assad tuzumiga qarshi kurashib, xalqni himoya qilishni maqsad qilganmiz", deb aytishadi.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Suriyadagi nizolar sahnida mujohidlar paydo bo‘lishdi.

Ular o‘z vebsahifalarida qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, Suriyada islomiy tuzum o‘rnatamiz, deb takrorlashadi.

Ozod Suriya Armiyasidagi isyonchilar esa mujohidlarni ko‘p ham xush qarshilashmaydi.

"Bashar al-Assad tuzumi qulagach, bu mujohidlar Suriya hamda mintaqa uchun boshog‘riq va haqiqiy xavf-xatarga aylanishadi", – deydi isyonkor qo‘mondon Ahmad Nimah.

Polkovnik Nimah mujohidlarning Suriyadagi ishtiroki cheklangan, degan fikrda.

Biroq, xabarlarga binoan, notinchlashgan mamlakat bo‘ylab jihodiy harakatlar kuchaymoqda.

Al-Qoidaga bayat

Al-Qoidaga o‘xshash jihodiy guruhlardan biri bu - Jabhat al-Nusrali-Ahl ash-Shom (Suriya Ahlini Himoya Qilish Jabhasi) guruhi.

Qisqacha "al-Nusra" nomi bilan ham tanilgan bu guruh "Manara al-Bayda" ("Oq Minora") nomli media guruhi orqali bayonotlar va videotasvirlar tarqatadi.

Joriy yil boshida tashkil topgan ayni guruh allaqachon Suriya armiyasi, xavfsizlik kuchlari va hukumatparast "Shabiha" jangarilariga qarshi bir nechta hujumlar uyushtirganini aytadi.

Yangi Iroq tug‘ilmoqda

Suriya isyonkorlari ham, mujohidlar ham Bashar al-Assad tuzumini qulatishni istaydilar.

Biroq undan keyingi amallar borasida ular tamomila zid mavqeda.

Suriya isyonkorlari fuqaroviy jamiyat va demokratik tuzum o‘rnatish niyatidalar.

Biroq hozir Bashar al-Assad tuzumiga qarshi kurashda isyonkorlarga madadkor bo‘layotgan jihodiy guruhlar esa Suriyada shariat ahkomlarini o‘rnatib, Islomiy tuzum barpo etishmoqchi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu farq xuddi 2003 yili Amerika ishg‘oli oldida bosh ko‘targan Iroqdagi qarshilik kuchlari va jihodiy guruhlar orasidagi farqqa o‘xshaydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, hozir Suriyada jang olib borayotgan isyonkorlar va mujohidlar kurash usullari ham har xil.

Masalan, aksilhukumat isyonkorlari ochiq jang va bosqin usullarini afzal bilishadi.

Jihodiy guruhlar esa, asosan, pistirma qo‘yish, suiqasd qilish, xudkushlik hujumi uyushtirish va yo bomba o‘rnatish kabi terrorchi guruhlar usullaridan foydalanishmoqda.

Shuningdek, odam o‘g‘irlash va tovon talab qilmasdan, tutqunlarni qatl etish usullari ham ularning Iroqdagi jihodiy guruhlarga o‘xshashligini ko‘rsatadi.

"Mujohidlar yomon jangchi emas, ammo odam o‘ldirish usullarini qabul qilib bo‘lmaydi" – deydi suriyalik isyonkor qo‘mondon Salim Abu Yasir – "Ular bir askarni tutib olishadi-da, keyin boyoqishning peshonasiga to‘pponcha tirab, otib tashlashadi".

"Bu noto‘g‘ri amal-ku, u tutqunni hech bo‘lmasa shariat mahkamasiga yuzlantirib, aybini isbotlash va qonunga muvofiq jazolash kerak emasmi?"

Xalqaro jihod

Suriyadagi notinchliklar bois uzoq-yaqindan ham ko‘plab mujohidlar bu mamlakatga kelishmoqda.

Bir necha yil ilgari Iroqda ham xuddi shunday bo‘lgan.

New York Times nashriga ko‘ra, AQShdagi josuslik xizmatlari al-Qoida guruhining Iroq bo‘limi mujohidlari endi Suriya bo‘ylab yoyilmoqda.

O‘tgan fevralda videomurojaat bilan chiqqan al-Qoida rahbari Ayman az-Zavohiriy qo‘shni Iroq, Iordaniya, Livan va Turkiyadagi mujohidlarni qo‘zg‘alishga hamda Suriyadagi birodarlarini qo‘llashga chaqirgan edi.

Jihodiy forumlarga qarasangiz, bugun ular Suriya tuprog‘ida halok bo‘layotgan xorijiy mujohidlar borasida tinimsiz xabar berishadi.

Bu mujohidlar Saudiya Arabistoni, Livan yo Misr kabi mamlakatlardan kelishgan.

Bir necha kun oldin esa ayrim xabar agentliklari Suriyada bugun hatto O‘zbekistondan ham mujohidlar borligi haqida yozishgandi.

Ammo aksar Pokiston va Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati mujohidlari hozir Suriyada ham mavjudligi to‘la tasdig‘ini topgani yo‘q.

Lekin Suriyada boshqa chet ellik jihodiy guruhlar ish olib borayotgani ma‘lum. Bular orasida Livanda joylashgan va Isroilga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtirgan Fatah al-Islom guruhi bor.

Suriyaning o‘zida ham al-Nusra va Ahror ash-Shom kabi yangidan yangi jihodiy guruhlar tuzilmoqda.

Hozircha, Suriyadagi mazkur jihodiy guruhlar va aksilhukumat isyonkorlarining qisqa muddatli maqsadlari mushtarak.

Biroq dunyoviy Suriyada bu jihodiy guruhlar ta‘siri oshib boraversa, mushtarak maqsadlar ulkan ziddiyatga aylanishi ham tabiiy.