MTS: "O‘zbekistondagi qudratli kuchlar bizning biznesimizni tortib olmoqchi"

Image caption "Uzdunrobita"ning mobil aloqa xizmati ko‘rsatish ruxsatnomasi 3 oyga to‘xtatildi.

O‘zbekistondagi monopoliyaga qarshi hududiy idoralar hujjatlari bilan tanishgan Rossiyaning MTS shirkati so‘nggi bayonotiga ko‘ra, bu buyurtma hujjatlar oldindan tayyorlanib tarqatilgan va oxirgi paytda bo‘layotgan hodisalar O‘zbekistondagi ta‘sirli strukturalarning biznesni tortib olish istagida ekanliklaridan dalolat beradi.

BBC bilan suhbatda "Mobilnye TeleSistemy" shirkati matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, antimonopol organlarning majlislari 6-7 avgust kunlari birin-ketin o‘tkazilgan va bu majlislarda MTSning O‘zbekistondagi bo‘limi hisoblangan "Uzdunrobita" shirkati qator qonunlarni buzgani haqida qarorlar qabul qilingan.

Valeriya Kuzmenko ikki kun mobaynida O‘zbekistondagi 16 ta monopoliyaga qarshi kurash idorasi qarorlar qabul qilganini ma‘lum qiladi va bu qarorlarda "Uzdunrobita" mamlakatning antimonopoliyaga taalluqli, iste‘molchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklamaga bag‘ishlangan qonunlarini buzgani ta‘kidlangan.

Xususan, gap "Uzdunrobita"ning signallari O‘zbekistonning hamma joyiga yetib bormasa ham mijozdan 100 foiz abonent to‘lovi to‘lash talab qilingani haqida boradi.

"Mobilnye TeleSistemy" matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, mobil aloqa shirkatlari faoliyati uchun bunday amaliyot normal va bu ham O‘zbekiston va ham dunyo amaliyotida qo‘llanadi.

Shuning uchun ham Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekiston aksilmonopol idoralarining bunday qonun buzilishi haqidagi ayblovni "absurd va asossiz" deb ataydi, ushbu ayblovlar bitilgan qog‘ozlar oldindan bir joyda tayyorlanib, keyin mintaqaviy monopoliyaga qarshi organlariga yuborilgan, deydi.

"Qonun buzilishlari aniqlangani haqidagi aktlarning matnlari to‘la mos kelishi, xususan, jumlalar tuzilishi va yo‘l qo‘yilgan xatolar bir xil ekani bu hujjatlarning buyurtma xarakterga ega ekanini anglatadi", deyiladi MTS shu munosabat bilan tarqatgan matbuot xabarida.

Natijada O‘zbek monopoliyaga qarshi idoralar "Uzdunrobita"ning yetkazgan zararlari 80 million dollardan ziyodni tashkil etadi, degan qaror chiqarganlar.

"Biznesga avvaldan rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan hujum"

MTS O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshiruvlari ortidan chiqarilayotgan aksilmonopol idoralarning qarorlarini, "Uzdunrobita" aktivlarining muzlatib qo‘yilishini hamda shirkat xodimlarining hibsga olinishini O‘zbekistondagi muayyan ta‘sirli strukturalarning biznesni tortib olish niyatidagi amallari deb ko‘radi.

BBC bilan suhbatda "Mobilnye TeleSistemy" shirkati matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, bunday jiddiy ayblovni ilgari surishlariga aksilmonopoliya idoralarining "Uzdunrobita"ga o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishga imkon va fursat bermagani ham turtki bergan.

MTSga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi shirkat faoliyati tekshirishlarini mamlakat qonunlarini buzgan holda amalga oshirayotgani, hali mahkamaning qarori chiqmasdan turib "Uzdunrobita" hisoblari muzlatilishi, shirkatga o‘z texnologik uskunalaridan foydalanishga izn berilmagani va shirkat xodimlarining hibsga olinishidan kimdir "Uzdunrobita"ning biznesini tortib olmoqchi bo‘layapti, degan xulosaga undagan.

"Birinchidan, bu asossiz hibslar. Bizning to‘rt xodimimiz hibsga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Bu ayblovlarning ma‘nosi haligacha bizga qorong‘u, ularni nimada ayblayotganlari haqida bizga birorta hujjat taqdim etishgani yo‘q. Keyingisi, tinimsiz davom etayotgan tekshiruvlar va bu tekshiruvlar asosida ilgari surilayotgan mantiqsiz va moliyaviy asoslanmagan ayblovlar. Va sud bir qarorga kelmasdan turib "Uzdunrobita" hisoblari va uskunalari to‘xtatib qo‘yilishidan biz biznesimizga hujum bo‘layapti, degan xulosaga kelayapmiz", deydi Valeriya Kuzmenko.

"O‘zbekistondagi bu qudratli yo katta ta‘sirga ega strukturalar kim bo‘lishi mumkin", degan savolga MTS matbuot kotibasi Kuzmenko xonim, "hozircha bizda bu borada axborot yo‘q", deydi.

"Ammo biz biznesimizga hujumning avvaldan rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan amal ekanini ko‘rib turibmiz", dedi "Mobilnye TeleSistemy" matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenko.

Shu yil aprelida MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi "Uzdunrobita" moliyaviy faoliyatini tekshirish boshlangan, bu tekshirishlarda qonun buzilishlari aniqlangani ortidan "Uzdunrobita" rahbarining O‘zbekistondan qochgani haqida xabarlar tarqatilgan.

Iyul oyida O‘zbekistondagi mas‘ul idora "Uzdunrobita"ning mobil aloqa xizmati ko‘rsatish ruxsatnomasini 10 kunga to‘xtatib qo‘ydi, oqibatda 9 milliondan ortiq mijoz mobil aloqasiz qoldi.

Mamlakatdagi boshqa mobil shirkatlarning sim-kartalari bir necha kun "talash" bo‘ldi, "Uzdunrobita"ning raqiblari yangi mijozlar uchun tunlari bilan ishlash tartiblarini joriy etdilar.

Iyulning oxirida "Uzdunrobita" faoliyatini uch oy to‘xtatishga qaror qilindi.

O‘zbekistondagi ayrim inson haqlari faollari o‘zlarini mobil aloqasiz qolishlariga mas‘ul idoralarni mahkamaga tortmoqchi ekanlari haqida xabar tarqatganlar.