Qoradori bilan ushlangan tojik politsiyachisiga hukm o‘qilgan

Image copyright AFP

Xatlon viloyati Farhod tumani Ichki Ishlar boshqarmasida giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Faridun Umarov yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Tojik mahkamasi politsiya xodimini giyohvand moddalarni saqlash va sotish bilan shug‘ullanishda aybdor deb topgan.

Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi rais o‘rinbosari Mansur Umarovning kichik ukasi bo‘lgan Faridun Umarov shu yilning boshida giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda gumon qilingan bir qancha politsiya xodimlari bilan birga qo‘lga olingan.

Surishtiruv tomoniga ko‘ra, politsiyachi Umarov yuqori lavozimli qarindoshining xizmat vazifasidan foydalanib, Afg‘oniston bilan chegaradosh Xatlon viloyatidagi tumanlar va Dushanbe shahridagi qoradori savdosini nazorat qilib kelgan.

Huquq tashkilotlarining ma‘lumotlariga binoan, Faridun Umarov Tojikiston Ichki Ishlar Vazirligi va mamlakat xavfsizlik qo‘mitasining ko‘pgina xodimlaridan tashkil topgan noqonuniy guruhga boshchilik qilgan.

Giyohvand moddalarning savdosi bilan shug‘ullangan yana uch Tojikiston fuqarolari, jumladan "Xamer" laqabli Rustam Haitovga uzoq muddatli qamoq jazolari berilgan.

Kuzatuvchilar bu kabi hodisalar Tojikistonda xavfsizlik xodimi, yuqori lavozimli mansabdor yoki uning qarindoshi narkobiznesga aralashgan birinchi ish emasligini aytishadi.

O‘tgan haftada chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi Panjdan Dushanbega tomon qoradorini olib o‘tmoqchi bo‘lganda ushlangan edi.

Tintuv vaqtida harbiy xizmatchining shaxsiy mashinasidan 20 kgdan ortiq geroin, 320 kilo gashish va 37 kilogramm opium moddasi topilgani aytilgan.