Qozog‘istonning London olimpiadasidagi g‘alabalaridan nega hamma shod emas?

Image copyright BBCUZBEK.COM

Qozog‘iston o‘z olimpiada tarixida erishmagan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Shu kungacha 6 ta oltin va bitta bronza bilan qozog‘istonlik sportchilar kuchli 10 talikka kirib Olmoniya, Avstraliya kabi kuchlilarni ortda qoldirmoqda. Biroq medallar shodasi hammani ham xursand qilayotgani yo‘q. G‘oliblar orasida asli xitoylik sportchilarning borligi va sportga katta mablag‘ sarflanayotgani ushbu quvonchlarga soya solib turibdi. Lekin shunga qaramay, qozog‘istonliklar o‘z suyuklilarini aeroportda tantana bilan kutib olmoqda.

100 dan ortiq sport ishqibozlari og‘ir atletika bo‘yicha Qozog‘istonga yana bir oltin medalni olib bergan polvon Ilya Ilinni kutib olish uchun Olma ota xalqaro aeroportiga yig‘ilgan.

Ilin o‘tirgan uchoq ayrim sabablarga ko‘ra kech qolayapti, ammo bu ishqibozlarni repetitsiya qilib baqirishiga xalaqit bera olgani yo‘q. Yig‘ilganlarning kayfiyati a‘lo.

"Kuni bo‘yi ushbu kutib olishga tayyogarlik ko‘rdik. Bayroqlarni yig‘dik, "Jas Otan" va "Nur Otan" birlashdik. Hozir hammamiz Ilya Ilinni kutayapmiz", - deydi Arman ismli yigit.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Kutib oluvchilar turli yozuvlar yozilgan plakatlar, bayroqlar ko‘tarib olgan. Yosh O‘rinbosarovlar oilasi kech bo‘lishiga qaramay chempionni kutib olishga chiqqan.

"Tuyg‘ularimiz juda ham zo‘r. Chunki biz yurtimizning eng zo‘r vatanparvarlarimiz. Ayolim, o‘g‘limdan iborat yosh oila qahramoniimizni kutib olishga keldik. O‘g‘limiz ham Ilya Ilin kabi botir bo‘lishini istaymiz. O‘zimiznikilarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Olg‘a Qozog‘iston", - deydi Ag‘adil O‘rinbosarov.

Image copyright bbcuzbek.com

Aeroportning tashqarisi va ichkarisida bayram shukuhi hukmron edi. Qozog‘iston markaziy telekanallari chempionni kutib olish jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi.

Nihoyat uzoq kutishlardan so‘ng ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ilya Ilin ko‘rinish berdi. Bir amallab kutish zaliga kirgan kutib oluvchilar va suratga olish ilinjida bo‘lgan jurnalistlar sportchi tomon yopirildi.

Ilya Ilin kelgusi yarim yil vaqtini aqliy salohiyatini ko‘tarishga bag‘ishlashini aytdi.

"Men til o‘rganish bilan shug‘ullanaman. Ingliz tilini o‘rganmoqchiman. Yarim yilimni shunga bag‘ishlayman. Keyin esa yanada yuqoriga ko‘tarilaman. Sport bilan albatta shug‘ullanaman", deydi Ilya Ilin.

Sportchi oltin medalni qo‘lga kiritishda qazi katta yordam berganini ham aytib o‘tdi.

Qozog‘iston ayni damgacha 6 ta oltin va bitta bronza medal bilan kuchli o‘ntalikka kirib turibdi.

Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption "O‘g‘limiz ham Ilya Ilin kabi botir bo‘lishini istaymiz", - deydi Ag‘adil O‘rinbosarov.

Biroq Qozog‘istonning tarixda ko‘rilmagan muvafaqqiyatlariga tanqidiy ko‘z bilan qarovchilar ham topiladi.

"Bu umuman uyat. Chunki medallarning yarmi sotib olingan, birorta ham titul millatiga oid sportchi yo‘q. Nimadan faxrlanish kerak? Bu narsalarni hamma biladi, ammo jim yurishni afzal bilishadi", deydi ismini oshkor qilishni istamagan sport faoli.

Tanqidchilarning noroziligiga sabab bo‘layotgan jihat shulki, oltin medallarni qo‘lga kiritgan ikki og‘ir atletikachi asli xitoyliklardir.

Qozog‘istonlik rasmiylar dungan millatiga mansub Zulfiya Chinshanlo va Maya Manezalarning biri Olma ota viloyatida tug‘ilgani va ikkinchisining bu yerda qarindoshlari borligini da‘vo qilayotgan bo‘lsa-da, xitoyliklar ushbu sportchilarni Xitoyga qaytarilishi kerak deya hisoblaydi.

Hattoki dailynews.sina.com sayti jurnalisti Zulfiyaning ota-onasi bilan uchrashib ularning bu boradagi fikri bilan ham qiziqqan. Xitoyliklar Zulfiyaning asli ismi Jao Changling deyishgan.

Maqolaga ko‘ra, Zulfiya Xunan Yunchjou bo‘lgasidagi kambag‘al oilada o‘sib ulg‘aygan. Otasi Chjan Lin Chjao veb-portal jurnalistiga bergan intervyusida qizi Xitoyga qaytib kelishiga ishonishini bildirgan.

Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption Ilya Ilin oltin medalni qo‘lga kiritishda qazi katta yordam berganini ham aytib o‘tdi.

"Qizim va uning qalbi Xitoy bilan ekanligini bilaman. Vatanparvarlik, oilasiga muhabbat uning Vatan nomidan bundanda yaxshi natijalarga erishishiga sabab bo‘lishiga ishonaman", degan Chjan Lin Chjao.

Qozog‘istonlik taniqli jurnalist Bo‘lat Atabayev mutasaddilarning boshqa davlat sportchilarini jalb qilish siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi.

"Sportchilarni tayyorlash ko‘p vaqtni va katta pul tikishni talab qiladi. Shuning uchun rahbarlar milliy sport maktablarini ochishdan manfaatdor emas. Tayyor sportchilarni sotib olish arzonga tushadi. Keyin ushbu puldan o‘g‘irlash ham mumkin", deydi Bo‘lat Atabayev.

Pekinda bo‘lib o‘tgan 29 chi yozgi o‘yinlarda boks bo‘yicha Qozog‘istonga oltin medallarni olib bergan Baxit Sarsekbayev ham asli o‘zbekistonlik sportchi bo‘lgan. 2004 yili O‘zbekiston olimpiada termasiga kira olmagach, u Qozog‘iston sharafini himoya qilishga qaror qiladi.

Yerosti tabiiy boyliklariga boy Qozog‘iston xalqaro miqyosda mamlakat imidjini ko‘tarish uchun millionlab dollarlarni sarflaydi. Oltin medal sohibiga Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta pul - 250 ming AQSh dollari va‘da qilingan.

Tanqidlarga qaramasdan ushbu mablag‘lar o‘z mevasini berayotgandek, xalqaro miqyosda sportchilar Qozog‘iston madhiyasi baralla yangrashiga hissa qo‘shishmoqda.