Olimpiya O‘yinlarida qanday "qing‘ir o‘yinlar" yuz bermoqda?

Image caption Turkman hakami Ozarbayjon bokschisini nohaq qo‘llagani uchun Olimpiya O‘yinlaridan chetlatildi

Ko‘plab mamlakatlardagi matbuot vositalari va kuzatuvchilar London Olimpiya o‘yinlari chog‘i o‘z sportchilariga adolatsiz va nohaq munosabat ko‘rsatilayotgani haqida yozishmoqda.

Ko‘pchilik hakamlardan norozi. Ba‘zilar sport siyosiylashgan va hammasi pulga borib taqaladi, deya xulosa qilishmoqda.

Ayni da‘volar neqadar haqiqat va ne bois muayyan davlat sportchilariga adolatsiz munosabat ko‘rsatilishi mumkin?

--------------------------------------------------------------------------------

XITOY

Xitoy matbuoti sport gimnastikasi bo‘yicha yakkama-yakka bellashuv finalida o‘z sportchisi atigi 0.1 ochko farq bilan oltin medalsiz qolganidan g‘azabini yashirmayotir. Medallar jadvali boshida turgan Xitoy matbuoti finalni lahzama-lahza taftish qilgan va o‘z o‘yinchisi - Chen Yibing mukammal o‘yin ko‘rsatganini qayd etgan. Aksincha, oltin medal olib ketgan braziliyalik Artur Zanetti matga "liqillab" tushganini urg‘ulaydi. Hong Kong telesharhlovchilariga ko‘ra, "Xitoy sportchilariga hasad qilayotgan va ular haqida o‘zicha muayyan xulosaga kelib qo‘ygan xorijiylar ataydan Chen Yibingga kam baho berishgan". Xitoydagi People's Daily gazetasi esa "Hakamlar qarori Olimpiya O‘yinlarini buzdi" degan sarlavhada maqola chop etdi.

JANUBIY KOREYA

Medallar jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan Janubiy Koreya ham London Olimpiya O‘yinlari hakamlaridan norozi. Koreya matbuoti suzish, qilichbozlik va dzyudo bo‘yicha musobaqalarda o‘z sportchilariga nohaq ravishda past baho berilganini yozmoqda. The Korea Times nashriga ko‘ra, qilichbozlik bo‘yicha yulduz Shin Lam Olmoniya sportchisi Britta Xeydemanndan "mag‘lub bo‘lgach", tashkilotchilar koreyalik o‘yinchini kumush medal bilan ovutmoqchi bo‘lishgan. Koreyalik kuzatuvchilarga ko‘ra, negadir aynan koreyalik sportchilar yo‘l qo‘yadigan xatolarni hakamlar obdon sinchiklab kuzatishmoqda.

Image copyright AP
Image caption O‘zbekistonlik umidli gimnastikachi Luiza Galiulina ham, o‘zbek rasmiylari ham sportchi taqiqlangan dori mutlaqo iste‘mol qilmaganini ta‘kidlashgandi

"Sport diplomatiyasi degan voqelik sportchining qaysi mamlakatdan ekanini inobatga olishi hatto havaskor o‘yinchilarga ham ta‘sir qilmoqda" - deb yozadi The Korea Times.

O‘ZBEKISTON

O‘zbekistonlik sportchilarga musobaqa chog‘i ochiqdan-ochiq nohaqlik bo‘lgan hollar haqida xabarlar yo‘q. Lekin umidli sport gimnastikachisi Luiza Galiulina peshobida taqiqlangan modda topilgan, deya Olimpiya O‘yinlaridan vaqtincha chetlatilishi bilan O‘zbekiston Olimpiya Hay‘ati norozilik bildirdi va Jahon Doping Qo‘mitasiga yubordi.

"Biz Luizaning aybsizligiga ishonchimiz komil, ammo uning gaplariga bu yerdagi mas‘ullar ishonishmadi" - degan edi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda o‘zbekistonlik hay‘at rahbari Jasur Akramov - "Luiza begunoh, u taqiqlangan dorilar qabul qilmagan va faqat ovqat yegandi". Ammo ikkinchi tekshiruv ham Luiza peshobida taqiqlangan furotsemid bor, degan xulosaga keldi va toshkentlik sportchi Luiza Galiulina bellashuvlardan butkul chetlatildi.

BELARUS

Image caption Olmon hakami eronlik Ali Mazaheriy zarariga jangni to‘xtatganida atrofni norozi qichqiriqlar tutgan

Belarus televideniyesi esa o‘z bokschisi Sergey Korneyevning chorak finalda Ozarbayjon bokschisi Teymur Mamedovga yutqazishini adolatsiz, deb atagan. Korneyevning o‘zi ham keyinchalik ijtimoiy tarmoqda mujda qoldirib, natijadan noroziligini bildirgan va "Bizga kimsan, belarusmisan? Unda xayr-xo‘sh, deb aytishdi. Hammasi siyosat va pulga bog‘liq" - deb yozdi.

UKRAINA

Ukraina nashrlari ham Ozarbayjon sportchilariga yon bosilgan, degan fikrlarni bildirishmoqda. "Kim biladi, neftga boy bu mamlakat balki Xalqaro Boks Federatsiyasining moliyaviy homiysi emasmikan, degan fikrga bormaslik qiyin" - deya yozadi Ukraina Moloda gazetasi.

Ozarbayjonlik bokschiga bir uchrashuvda "yon bosgan" degan ayblov bilan Turkmanistondan kelgan hakam o‘yinlardan chetlatildi. Gazga boy Turkmaniston uchun neftga Ozarbayjon nimani anglatishi ma‘lum emas. Kimdir balki qo‘shnichilik dastagi va yo turkiy birodarlik, deb izohlasa ham ehtimol.

Ukraina sport vebsahifalari "dunyoda tengi yo‘q" ukrain bokschisi Yevgeniy Xitrovning britaniyalik Antoni Ogogo tarafidan mag‘lub etilishini ham borib turgan "qaroqchilik" deb atagan.

ERON

Image copyright london2012.com
Image caption Hind matbuotiga ko‘ra, Vikas Krishan jangda ustun bo‘lishiga qaramay, hakamlar "Amerika bosimiga bo‘yin egishgan"

Eron ham o‘z bokschisi Ali Mazaheriyning o‘yindan chiqarib yuborilishini "fitna amali" deb izohlamoqda. Eron Olimpiya Qo‘mitasi Bosh Kotibi Bahrom Afsharzoda esa "Mehr" xabar agentligi bilan suhbatda "Boks va kurash musobaqalarida ba‘zi mamlakatlar o‘z ta‘sirlarini o‘tkazishadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hakamlarga ta‘sir qilishadi" - deb da‘vo qilgan.

Eronliklar hatto bellashuvni sharhlab turgan BBC sharhlovchisi Richi Uodhol ham hakam qaroridan "hayratga tushganini" qayd etgan. Eron radiosi Olmoniyadan kelgan hakam juda nohaq yo‘l tutganini ta‘kidlab, minglab tomoshabinlar eronlik sportchini qo‘llab qichqirishgani ham buning dalilidir, deb aytadi.

HINDISTON

Medalga tashna Hindiston matbuoti ham o‘z bokschisi Vikas Krishan AQShlik raqibi Errol Spensdan yutilishini adolatsiz qaror natijasi, deb atamoqda. Bir nashr "Hindistonning medal olish umidi g‘irromlik bois chippakka chiqdi" deb yozsa, ikkinchi nashr "Amerika o‘tkazayotgan bosimlar ish bergan" deya xulosa chiqaradi. Hind bokschisi Meri Kom va britaniyalik Nikola Adams hali bellashmasidan oldinroq hind nashrlari o‘z fikrlarini yozib qo‘ya qolishgan va "Bokschilar ham, trenerlar ham hakamlar Britaniya sportchilariga qayishayotganiga ishonishadi" deb bashorat qilishgandi.