Tatariston:Bolalarni qabr-erto‘lada saqlagan Islomiy oqim topilgan

Image caption Fayzrahmon Sattarov hali 50 yilcha oldin o‘zini Musulmonlarga tushirilgan so‘nggi payg‘ambar, deya e‘lon etgandi

Tatariston politsiyasi Qozon yaqinida yer ostida qabrdek qilib qurilgan hujrachalarda majburan saqlangan 27 nafar yosh bolani topgan.

Shuningdek, qirqqa yaqin katta yoshli odamlar ham lahadsimon katakchalarda tutib turilgani ma‘lum bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bu Fayzrahmoniylar nomli Islomiy oqimning ishidir. Hozir ayni oqimning 4 nafar rahbari ustidan jinoiy ish ochilgan.

Ushbu oqim rahbari Fayzrahmon Sattorov hali 50 yilcha burun o‘zini payg‘ambar, deb e‘lon etgandi.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, ba‘zi bolalar hayotida hech qachon quyosh nurini ko‘rishmagan.

Bir necha hafta oldin Tataristondagi Islomiy olimga qarshi uyushtirilgan hujumni tekshirayotgan politsiya Qozon chekkasidagi bino ostida saqlanayotgan odamlarni tasodifan topgan.

Hozir bolalarni davlat o‘z qaramog‘iga olgan va ba‘zilarini kasalxonaga joylashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Rossiyadagi Islam News websahifasining yozishicha, hozir 83 yoshga kirgan Fayzrahmon Sattorov hali 1960-yillari o‘zini Musulmonlarga yuborilgan yangi payg‘ambar, deb e‘lon qilgandi.

Fayzrahmoniylar o‘zlarini tashqi dunyoda uzib qo‘yishadi va ular Rossiya qonunlari yoki Tatariston Musulmon ulamolarini aslo tan olishmaydi.

Yer ostidagi sakkiz qavatli qabriston

Ma‘lum bo‘lishicha, yer ostida sakkiz qavatli qilib qurilgan tuynuksiz lahadsimon hujralar uch qavatli bir g‘ishtin bino ostidan topilgan.

Ushbu oqim rahbarlari o‘z tarafdorlarini yer ostida saqlashgan va juda kam sonli a‘zolarining mahalliy bozorda sotuvchilik qilishiga ruxsat bergan, xolos.

Tataristonlik ulamolarga ko‘ra, o‘zini musulmon sanaydigan Fayzrahmon Sattorovning o‘gitlari Islomga butunlay ziddir.

"Islomga binoan Muhammad S.A.V.dan so‘ng boshqa payg‘ambar kelmaydi" – degan gazeta.ru websahifasi bilan suhbatda Qozonlik islomshunos Rais Sulaymonov - "O‘zini payg‘ambar e‘lon qilgan Sattorovning qarashlarini Islom rad etadi".

O‘tgan 19 iyul kuni Tatariston diniy mulozimlaridan Valiullo Yoqubov o‘z uyida otib o‘ldirilgan edi.

Xuddi o‘sha kuni Tatariston muftiysi Ildiz Fayzov avtomashinasi portlatilishi oqibatida yarador bo‘ladi. Mazkur voqealar bo‘yicha kamida to‘rt kishi hibsga olingan.

Biroq ushbu hujumlarga Fayzrahmoniylar oqimi vakillari aloqador, degan farazlar yo‘q.