Tataristondagi radikal islom Rossiyaga boshog‘riq bo‘lmoqdami?

Image caption Rossiya hukumati dindorlarga katta xavf sifatida qarab keladi

Tataristonda radikal islom aqidalari keng tarqalayotgani haqida Rossiyaning o‘zida ko‘p gapirilmoqda.

O‘tgan oyda Tatariston musulmonlarining rahbari o‘ldirilgan, yana bir islomiy mulozim yaralangan edi.

Rossiya militsiyasi qotillikka aloqadorlikda gumon qilingan yetti kishini hibsga olgan.

Biroq mahalliy manbalarga binoan, 100 dan ortiq kishi so‘roq qilingan, 500 kishi hibsga olingan.

Militsiya gumonlagan kishilarning ko‘pchiligi bu ish haqida eshitmagan ham, deyishadi qozonlik musulmonlar. Umuman, islom dini borasida aholi va rasmiylar fikri doimo qarama-qarshi bo‘lib kelgan.

Kremlga yaqin deb hisoblangan musulmon yetakchisi Valiulla Yoqubov 19 iyul otib ketilgan, o‘sha kuni Tatariston muftiysi Ildus Fayzov o‘tirgan avtomashina portlab ketib, og‘ir yaralangandi.

Qamoqqa olinganlardan biri Makkaga haj safarini tashkillashtiradigan Idel-Haj idorasini boshqarib kelgan. Taxminlarga ko‘ra, u muftiy bilan kelishmovchilikka borgan.

"Portlashlar va otishmalar, bu hammasi hali boshlanishi", - deb aytgan muftiy Farid Salmon.

Uning so‘zlaricha, Tataristonda mavjud 3000 dan ortiq radikal islomchilarni tinch muloqot yo‘liga ko‘ndirish mushkul.

Kavkazda Rossiyada tarqalgan radikal-diniy forumlarda vahhobiylikni tez-tez tanqid qilib chiqayotgan kishilarni o‘ldirishga ochiqdan-ochiq chaqiriqlar yangragan. Valiulla Yoqubov ismi sharifi anan shunday ro‘yxatdagilarning boshida bo‘lgan.

Shariat hukmlariga amalni qattiq talab qiluvchi vahhobiylik Rossiyaning Kavkazida keng tarqalgan deb ko‘riladi.

Biroq aholisining katta qismi musulmonlardan tashkil topgan Tatariston har doim barqaror va osoyishta hisoblanib kelgan.

Hatto o‘n yillar oldin sobiq ittifoqda Tatariston turli millat va dinlarning tinch, erkin rivojlanishi ramzi sifatida tanilgan.

Jangarilarning zo‘ravonlik kampaniyasini boshlash haqidagi tahdidlaridan so‘ng mintaqadagi vaziyat, kayfiyat keskin o‘zgargani aytilmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘zlarini islom dini fidoyilari, deb ko‘rsatuvchi guruhlar tashqaridagi jinoiy guruhlardan katta ko‘mak olishmoqda.

Bir qancha qurollangan guruhlar Tataristonning neftga boy Nurlat tumanida maxsus kuchlar o‘tkazgan amaliyotlarda o‘ldirilgani e‘lon qilingan.

Reketchilar islom dinining farzlaridan hisoblangan zakot yig‘ish bahonasida Qozonning ko‘pgina bozorlarida "o‘lpon" yig‘ish odati kuchaygan.

Yig‘ilgan xayriya-sadaqalar jihodchilarni ta‘minlashga ishlatilgan, degan taxminlar bildiriladi.

Mahalliy militsiyaning bildirishicha, o‘tkazilgan amaliyotlar davomida reketchilar islom diniga amal qilmagan odamlardan "kofirlarning solig‘i" sifatida pullarini o‘marib kelishgani ma‘lum bo‘lgan.

Radikallashgan tatarlarni hatto chechen jangarilari va Afg‘oniston toliblari orasida topilgani aytilgan.

Rossiya strategik tadqiqotlar institutining Privoljsk bo‘limi rahbari Rais Sulaymonovning aytishicha, uzoq vaqt tinch-osoyishta ko‘ringan mintaqada vaziyat nazorat ostidan chiqqan. Bu yerda tinchlik va barqarorlik sarobdan boshqa narsa emas, deydi u .

Tatariston muftiysiga suiqasddan keyin mahalliy ichki ishlar bo‘limining boshlig‘i Artyom Xoxorin "e‘lon qilinmagan urush 13 yildan buyon davom etmoqda", deb aytgan.

Shariat tarafdorlari Qozonda yig‘ilishgani Tatariston uchun odat bo‘lmagan voqelikdir.

"Azatlik" tatar yoshlari milliy tashkilotining rahbari Nail Nabiullinga ko‘ra esa, olib borilayotgan ishlarning hammasi "Moskva boshchiligida qilinayotgan g‘alamislikdir". Unga binoan, bunday jinoyat, qon to‘kishlarni qilish musulmonlarning ishi emas.

Janob Nabiullin Qozon machiti rahbari bilan birga "musulmonlarga bosim o‘tqazish"ga qarshi namoyishlar tashkil qilishgan.

1990 yillardan boshlab mintaqani radikallashtirishda "arablar ta‘siri" kuchli bo‘lgan. Bugunga kelib Tataristonda Saudiya Arabistoni va Misrda diniy ta‘lim olib qaytgan islomiy rahbarlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

2011 yilda chechen isyonchilari rahbari Doku Umarov kavkazlik mujohidlar Povoljega tomon harakatni boshlashlari va mahalliy musulmonlarni jihodga tayyorlashlari lozimligini uqtirgan.

Doku Umarovning aytishicha, qurolli kurash Katta Kavkaz amirligini tuzishga olib kelishi kerak.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, mintaqada radikal islomning tarqalishini oldini olish bir necha yil oldingiga qaraganda oson bo‘lmasligi aniq.