Boing yangi korxona ochish uchun O‘zbekistonga yordam beradi

Image copyright AP
Image caption Toshkentda ochiladigan korxona zamonaviy tayyoralarni ta‘mirlaydi

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston ochayotgan yangi korxona zamonaviy tayyoralarni ta‘mirlaydi.

U yerda alyuminiydan yasalgan eskicha uchoqlar emas, balki yangicha kompozitsion uchoqlar ta‘mirlanadi.

"Toshkentda uchoqlarni ta‘mirlaydigan korxona barpo etishda Boing shirkati O‘zbekiston Havo Yo‘llariga yordam ko‘rsatadi" - deb aytdi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda Boing vakili Dmitriy Krol.

Boing vakili yangicha kompozitsion tayyoralarni ta‘mirlash o‘ta istiqbolli soha ekani va korxona ishga tushsa, istalgan davlatdan buyurtma olish mumkinligi haqida aytdi. Biroq Boing aynan qanday shaklda yordam ko‘rsatishi borasida to‘liq ma‘lumotlar ma‘lum emas.

Shuningdek, ushbu korxona qachon ish boshlashi va uni barpo etish uchun qancha mablag‘ talab qilinishi ham ma‘lum emas. Aftidan, bosh sarmoyador O‘zbekiston tarafi bo‘lishi mumkin.

Yangi korxona tuzilishi haqida xabar tarqatgan vebsahifalar O‘zbekistonda tayyora tuzatish iqtidoriga ega malakali mutaxassislar borligi haqida yozishgan.

Ushbu korxona bir necha oy oldin o‘z ishini to‘xtatgan TAPOiCh, ya‘ni Toshkent Uchoqsozlik zavodi o‘rnida barpo etilayotgani haqida ham farazlar mavjud.

Qariyb 70 yil faoliyat yuritgan TAPOiChning nega yopilgani ma‘lum emas. Biroq boshqa o‘xshash korxona ochilmasa, u yerda ishlagan noyob mutaxassislar ishsiz qolishi ehtimoli katta edi.