Mali: Islomchilar o‘g‘rining qo‘lini kesishgan

Image copyright Reuters
Image caption Mintaqada kuchayayotgan islomiy guruhlar shariatga qat‘iy amal qiladigan tuzum o‘rnatishlarini aytishadi.

G‘arbiy Afrikadagi Mali shimolini nazorat qilayotgan radikal Islomiy jangarilar o‘g‘irlikda ayblangan erkakning qo‘lini kesib jazolashgan.

O‘zboshimcha o‘rnatilgan shariat mahkamasi hukmi - Asongo qishlog‘ida omma ko‘zi oldida ijro etilgan.

O‘g‘irlikda ayblangan yosh erkakning qo‘li boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun kesib tashlangan.

Mali o‘tgan bahor harbiy davlat to‘ntaruvini boshidan kechirdi va o‘shanda mamlakat shimoli radikal Islomiy guruhlar hamda Tuareg isyonkorlari nazoratiga o‘tdi.

Ular o‘z qo‘liga o‘tgan hududlarni mustaqil islomiy davlat, deb e‘lon qilishgan, ammo xalqaro miqyosda tan olingani yo‘q.

Mintaqada faol va kuchayayotgan Ansoriddin hamda G‘arbiy Afrika Vahdat va Jihod guruhlari shariatga qat‘iy amal qiladigan tuzum o‘rnatishlarini aytishadi.

Masalan, bir hafta oldin zinoda ayblangan erkak va ayol toshbo‘ron qilib o‘ldirilgandi.

Timbuktu kabi tarixiy shaharlarda so‘fiy musulmonlar tiklagan qadimiy qadamjolarni ham butparastlikka yetaklaydi, deya buzib tashlashgan.

Mali shimolida aksar musulmonlar yashashadi.

Lekin ular ham bu qadar keskin shariat qoidalari o‘rnatilishiga qarshilar.

Afrika Afg‘onistoni

Mali muvaqqat hukumati ushbu guruhlarni jilovlashga hozir ojizlik qilmoqda.

Markaziy hukumat aralashuvidan umidini uzgan minglab mahalliy musulmonlar bir necha kun oldin namoyishga chiqib, o‘g‘irlikda ayblangan odamning qo‘lini kesmaslikni talab qilishgandi.

Biroq Islomchilar toshbo‘ron va qo‘lni kesib jazolash amallari shariat hukmidir, deb aytishmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, qora Afrikada kechayotgan so‘nggi voqealar silsilasi Afg‘onistondagi Tolibon harakati amallariga juda o‘xshashdir.

Hozir Afrikaning eng ko‘p aholiga ega va neftga boy mamlakati – Nigeriyada ham Boko Harom guruhi sodir etayotgan zo‘ravonliklar kuchaymoqda.

Boko Harom ma‘nosi "G‘arb ta‘limi harom" degan ma‘noni anglatadi va ular butunlay g‘arbona andazadagi o‘qish-yozishga qarshilar. Shuningdek, nasroniy ibodatxonalarga hujumlarda ham ayni guruhni ayblashadi.

Somalida esa ash-Shabab guruhi allaqachon shar‘iy mahkamalar o‘rnatgan.

Afrika bo‘ylab yana ko‘plab kichikroq radikal guruhlari pado bo‘layotir.

Mazkur guruhlarning aksarisi al-Qoida tarmog‘iga aloqador, deb ko‘riladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni guruhlarni ko‘pincha yoshlar tuzishadi va aksariyati muayyan mamlakatdagi doimo kamsitib kelingan diniy yoki milliy ozchilik vakillaridir.

Ba‘zida o‘z haq-huquqlarini qo‘lga kirita olmagan yoshlar din bayrog‘i ostida qo‘llariga qurol oladilar, deyishadi tahlilchilar.