Rossiya Bosh vaziri muovini: "Madonna, yo xoch taqma, yo ichishton kiyvol"

Image copyright AP
Image caption Moskvadagi kontserti chog‘i Madonna Pussy Riot qizlari kabi bosh-yuzini balaklava ro‘moli bilan o‘rab oldi va yag‘riniga Pussy Riot deya yozib chiqdi.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozin xonanda Madonnaga qarshi haqoratomuz so‘zlar ishlatgan.

Moskvadagi kontserti chog‘i ashulachi aksilhukumat amali uchun mahkamaga tortilgan Pussy Riot guruhini ozod qilishga chaqirgandi.

Tvitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan Rossiya Bosh vaziri muovini Dmitriy Rogozin ashulachi Madonna "boshqalarga axloqdan dars berishga intilmoqda" deb ayblagan.

"Yoki bo‘yningdagi xochni olib tashla, yo tursik kiyvol" – deb g‘azabini yashirmagan Rossiya mulozimi.

Ammo dahanaki hujum faqat shu yerda to‘xtamaydi.

"Har qanday g‘... qarisa, boshqalarga axloqdan dars bera boshlaydi, ayniqsa, chet ellarga borgan paytlari" – deb yozgan Dmitriy Rogozin.

Rossiyada hozir barcha bu mashhur maqol Madonnaga qaratilgan, deya izohlamoqda.

Faqat bosh harfi yozilgan so‘zni ham tahlilchilar ayol kishi uchun eng haqoratomo‘z "g‘ar" so‘zidir, deb aytishmoqda.

Negaki, Rossiya mulozimi yozgan jumla ko‘p tillarda mavjud mashhur maqolni eslatadi.

O‘zbeklarda bu maqol "O‘g‘ri qarisa..." deb boshlanadi.

Moskvadagi kontserti chog‘i Madonna bir muddat Pussy Riot qizlari kabi bosh-yuzini balaklava ro‘moli bilan o‘rab oldi va yag‘riniga Pussy Riot deya yozib chiqdi.

Keyin "jasur amallarga qo‘l urgan" qizlarni ozod etishni talab qildi.

Cherkov mehrobida aksilhukumat norozilik amali o‘laroq boshiga balaklava o‘rab, ashula aytgan uch nafar rossiyalik qiz ustidan hozir mahkama kechmoqda.

Qizlar Vladimir Putinni ochiq qo‘llagani uchun Patriarx Kirillni hajv etishgandi.

Qoralovchi taraf bezorilikda ayblanayotgan Pussy Riot qizlariga qamoq jazosi so‘rayotir.

Avgust oyi o‘rtasida ularga hukm o‘qilishi mumkin.

Bu jarayon turli fikrlarga yetaklamoqda. Ayrimlar uni hajviy aksilhukumat amali desa, ba‘zilar cherkovda qizlarning bunday amalga qo‘l urishlari axloqqa zid, deb aytishadi.

Inson huquqlari guruhlari esa mazkur mahkama jarayoni Rossiyadagi so‘z erkinligi va demokratiya ahvoli yomonlashayotganini ko‘rsatadi, deyishmoqda.

G‘arbona qadriyatlar

Madonna o‘z kontserti davomida Rosiyadagi hamjinsbozlar haq-huquqlarini ham himoya qilib gapirdi.

Biroq Rossiya mulozimlariga ko‘ra, agar xonanda voyaga yetmaganlar davrasida hamjinsbozlikni targ‘ib qilib gapirsa, Rossiya qonunlarini buzgan bo‘ladi.

Rossiyada besoqolbozlik yoki hamjinsbozlik noqonuniy emas, lekin uni voyaga yetmaganlar orasida tashviq qilish taqiqlanadi.

Ashulachining ikkinchi kontsertiga mezbon bo‘lgan Sankt Peterburg hokimiyati mulozimi Vitaliy Milonov esa ashulachi kontsertlari yaqindan nazorat qilinishini bildirgan.

"Biz Rossiyada Madonna targ‘ib etayotgan G‘arbona qadriyatlarni o‘rnatish harakatlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak" – deb aytgan rossiyalik mulozim.