London 2012: O‘zbekiston hisobida ilk oltin medal

Artur Taymazov erkin kurash bo‘yicha 120 kg vazn toifasida Afina, Pekin va London Olimpiada O‘yinlarining oltin medal sohibiga aylanib, kurash afsonasi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.

Artur Taymazov o‘zining so‘nggi yutug‘i bilan 33 yoshida yunon-rum kurashi bo‘yicha sobiq Sho‘ro kurashchisi Aleksandr Karelin va erkin kurashchisi Aleksandr Medvedlar bilan tarixdagi uchta buyuk kurashchidan biriga aylandi.

O‘zbekiston bitta oltin va uchta bronza medali bilan kecha medallar jadvalida 69-o‘rindan 45-o‘ringa ko‘tarilib olgandi.

Juma kuni erkin kurash bo‘yicha 74 kg vaznda gilamga chiqqan Soslan Tigiyev esa, O‘zbekiston termasiga uchinchi bronza medalini keltirgandi.

Bundan avval o‘zbekistonlik dongdor dzyudochi Rishod Sobirov va bokschi Abbos Atoyevlar O‘yinlarning sovrinli uchinchi o‘rinini egallashgandi.

Taniqli sport sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning aytishicha, o‘zbekistonlik ashaddiy ishqibozlar Artur Taymazovning olamshumul g‘alabasini bayram qilishni kecha yarim tundanoq boshlab yuborishgan.

Sharhlovchiga ko‘ra, butun O‘zbekiston bugun tongda ana shu xushxabar bilan uyg‘ongan va hozir butun ommaviy-axborot vositalari, ko‘cha-kuyda dongdor kurashchining yutug‘i asosiy suhbat mavzusiga aylangan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Nimchorak bellashuvini olmoniyalik kurashchini mag‘lub etishdan boshlagan Artur Taymazov esa, eronlik raqibini ham chorak finalda yengib, yarim finalga chiqdi.

Yarim final bellashuvida qisqa soniyalarning ichida amerikalik raqibi kuragini yerga tekkizgan Artur O‘yinlarning oliy sovrini uchun gilamga chiqish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Artur O‘zbekistonning eng ko‘p medal olgan sportchilaridan biridir.

U ketma-ket uch Olimpiada O‘yinlarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan.

Afina va Pekin Olimpiada O‘yinlarining oltin medali sohibi. Sidney O‘yinlarida sovrinli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston so‘nggi Pekin Olimpiada O‘yinlarida qo‘lga kiritgan olti medaldan yagona oltini ham Artur Taymazovga tegishli.

Artur Taymazov o‘z vazn toifasida bir necha bor Jahon rekordi ham o‘rnatgan.

Olimpiadaning so‘nggi kuni

O‘zbekistonlik erkin kurashchilar London Olimpiada O‘yinlarining so‘nggi kuni – ya‘ni, bugun yana o‘z kurashlarini davom etdirishdi.

Bugun gilamga 66 kg vazn toifasida Ixtiyor Navro‘zov va 96 kg vazn toifasida Qurbon Qurbonovlar chiqishdi.

Ixtiyor Navro‘zov Pekin Olimpiadasining bronza medali sovrindori gurjistonlik kurashchi Otar Tushishvilini mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi.

Ammo chorak finalda hindistonlik raqibiga yutqazib qo‘ydi.

Nimchorak bellashuvini amerikalik raqibiga boy berib qo‘ygan va bugun 96 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Qurbon Qurbonov bronza medali uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Qurbon o‘tish jangida kanadalik raqibi ustidan har ikki bo‘limda ham g‘alaba qozondi.

O‘zbekistonlik erkin kurashchi navbatdagi jangida gurjistonlik raqibiga yengilib, O‘yinlarning bronza medalini boy berib qo‘ydi.

London Olimpiada O‘yinlarining rasmiy yopilish marosimiga sanoqli soatlar qolarkan, medallar jadvalida Markaziy Osiyo davlatlari orasida oltita oltin va beshta bronza medali olgan Qozog‘iston peshqadamlik qilmoqda.

Bugun qozog‘istonlik kurashchilar erkin kurash bellashuvlarida 66 kg vazn toifasida yana bitta bronza, boks musobaqalarida yana bitta oltin va ilk kumush medallarini olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Qozog‘iston 13 ta medali bilan medallar jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Tojikiston hisobida esa, bitta bronza medali bor.

Qirg‘iziston va Turkmaniston O‘yinlarni biror bir sovrinli o‘rinlarsiz yakunlaydigan ko‘rinishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Qozog‘iston London Olimpiada O‘yinlarida ikki yuzdan ortiq sportchisi bilan ishtirok etmoqda.

Medallar jadvalida 15 ta medal farqi bilan Xitoy(87 ta)ni ortda qoldirgan Amerika Qo‘shma Shtatlari(102 ta) peshqadam mavqe‘ni egallab turibdi.

Bu mavzuda batafsilroq