Xitoyda iPad uchun buyragini sotgan o‘smir ishi bo‘yicha mahkama boshlangan

Image copyright AFP
Image caption Xitoyda Apple firmasining mahsulotlariga talab katta bo‘lsa ham, ko‘pchilik aholi bu mahsulotlarni sotib olishga qurbi yetmaydi.

Pekinda 17 yoshli o‘smir buyragini sotganlikka aloqador besh kishi ustidan mahkama boshlangan.

Ma‘lum bo‘lishicha, xitoylik o‘smir Apple kompaniyasining iPad va iPhone mahsulotlarini olish uchun o‘z buyragini sotishga rozi bo‘lgan.

O‘smirni bu ishga undagan guruh inson a‘zolarini noqonuniy sotish va qasddan kishiga tan jarohati yetqazishda ayblanmoqda.

Ayblanuvchilar orasida o‘smirning buyragini operatsiya qilib olgan Xunan viloyatilik jarroh ham bor.

Hukumatga qarashli Sinxua axborot agentligining xabar berishicha, sudlanuvchilar aybdor deb topilsa, ularga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Van ismli deb aytilayotgan o‘smir operatsiya oqibatida paydo bo‘lgan buyrak yetishmovchiligidan mahkama jarayonida qatnasha olmagan.

Qoralovchiga ko‘ra, internet-chat orqali o‘smir bolani buyragini sotishga ko‘ndirilgan.

Mahkamada aytilishicha, qimor o‘yinlaridan orttirgan qarzlarini to‘lash uchun Xe Vey ismli ayblanuvchi aprel oyida buyrakni ko‘chirish jarrohlik amaliyotini tashkil qilgan.

Buning natijasida ayblanuvchilarning har biri 35 ming dollarga ega bo‘lgan, sho‘rlik o‘smir Vanga esa 3000 dollar berilgan xolos.

Jarrohlik amaliyotidan keyin Van bir o‘limdan qolgan, hozir ham uning ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Sudlanuvchi Xe Vey aybini tan olmagan, uning aytishicha o‘smirning o‘zi buyragini sotishga rozi bo‘lgan.

17 yoshli o‘smirning ishi uning onasi o‘g‘lidan iPad va iPhone uchun pulni qayerdan olgani bilan qiziqqanidan keyin ochilgan.

Van buyragini sotganligini onasiga aytib berishga majbur bo‘lgan.

Xitoyda Apple firmasining mahsulotlariga talab katta bo‘lsa ham, ko‘pchilik aholi bu mahsulotlarni sotib olishga qurbi yetmaydi.

Shu bilan birga, mamlakatda donorlik a‘zolarining yetishmovchiligi aytiladi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, 1,5 millionga yaqin kishi a‘zolarini ko‘chirib o‘tqazilishiga muhtoj.

Biroq mamlakatda yiliga 10 ming shunday jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi xolos.

Xitoyda inson a‘zolari donorlari sifatida o‘limga hukm qilinganlardan foydalanish tez-tez uchraydi.

Lekin shu yilning iyul oyida rasmiy Pekin bu amaliyotdan asta-sekinlik bilan voz kechishini bildirgan.