Jidda shahrida Suriya inqirozi muhokamasi qoldirilgan

Image copyright Reuters
Image caption Damashq va Halabda janglar yana kuchaygani aytilmoqda

Arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Suriya inqiroziga bag‘ishlangan Jidda shahridagi uchrashuvi boshqa paytga qoldirilgan.

Arab Ligasi bosh kotibi o‘rinbosari Ahmad bin Xelliyning aytishicha, Saudiya Arabistoni Tashqi Ishlar vazirining betobligi bunga sabab bo‘lgan.

Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida shuningdek, Kofi Annan iste‘fosi ortidan BMT va Arab Ligasi maxsus elchiligi uchun yangi nomzod masalasi muhokama qilinishi kutilgan edi.

Shanba kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto‘g‘li bilan uchrashgan Amerika Davlat kotibi Xillari Klinton muzokaralarda tarqoq Suriya muxolifatini dastaklash va Bashar al-Assaddan keyingi Suriya kelajagi muhokama etilganini, shuningdek suriyalik qochqinlarga yordam ko‘paytirilishini aytgan.

Ayni paytda Suriya poytaxti Damashq va Aleppo(Halab)da janglar davom etayotgani xabar qilinmoqda.

Damashq chekkasida yo‘lovchi avtobusi portlashi natijasida besh kishi halok bo‘lgan. Hukumat hodisada terrorchilarni ayblagan.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi zo‘ravonliklardan qochayotgan tinch fuqarolarning soni ortib bormoqda.

Suriyaga qo‘shni barcha davlatlardagi kabi Turkiyada ham chegaralarni kesib o‘tayotgan minglab qochqinlar sababli gumanitar inqirozga yuz tutish xavfi paydo bo‘lgan.

Turkiyada ayni paytda 50 mingdan ortiq suriyalik qochqin joylashtirilgan.

Oq Uy kotibi Xillari Klinton Suriyaning o‘zida ikki million kishining insonparvarlik yordamlariga muhtojligi, shu maqsadda 82 million dollar yordam puli berilishini ma‘lum qilgan.

Turkiyada joylashgan suriyalik qochqinlarga ham Amerika tomonidan 5,5 million dollar yordam ajratilishi aytilgan.

Klinton xonim suriyalik qochqinlar bilan borib uchrashgan.

Image copyright BBC World Service

Janglar davom etmoqda

Faollarga ko‘ra, Salohiddin mavzesini tashlab chiqqan jangarilar hukumat kuchlariga qarshi yangi hujumlarga tayyorlanishyapti.

Otishmalar biroz tinganidan foydalangan odamlar yuklari ortilgan avtomashinalarda shaharni tezroq tark etishga harakat qilmoqdalar, deb xabar beradi Reyter agentligi.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Suriyada ayni paytda Al-Qoidaga bog‘liq kamida 200 jangari isyonchilar tomonida jang qilmoqda.

Suriya davlat televideniyesi lavhalarida AQSh boshchiligida G‘arbning "terroristik guruhlarlar"ni ochiqdan-ochiq qurollantirayotgani qattiq qoralangan.

Frans press agentligi xabar berishicha, Tariq al-Bab tumaniga tushgan snaryad portlashidan 12 kishi halok bo‘lgan, kamida 29 kishi yaralangan.