Tolib Ayyombekovning hukumatga taslim bo‘lgani haqida turli xabarlar paydo bo‘lgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Tolib Ayyombekovning hukumatga taslim bo‘lgani haqida turli xabarlar paydo bo‘lgan

"General Abdulla Nazarovning o‘limida aloqadorlikda ayblanayotgan sobiq dala qo‘mondoni Tolib Ayyombekov va uning bir nechta safdoshlari qo‘lga olingan.

Tolib Ayyombekovning o‘zi hukumatga taslim bo‘lgan, boshqa dala qo‘mondonlarini ham mintaqada tinchlik va barqarorlik uchun taslim bo‘lishga chaqirgan", degan xabar tarqatilgandi.

Shuningdek, oldinroq tojik hukumati generalning o‘limida gumonlangan ikki gumonlanuvchining taslim bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Biz Tojikistondagi muxbirlarimiz bilan bog‘lanib, bu xabarlar qanchalik to‘g‘riligi haqida so‘radik.

Muxbirlarimizga ko‘ra, haqiqatdan Tolib Ayyombekov Badaxshon viloyati televideniyesiga chiqish qilgan va ikkala tomonni masalani qon to‘kmasdan tinch yo‘l bilan hal qilishga, aholini qurollarni topshirishga chaqirgan. Shuningdek, surishtiruv xizmatlari bilan o‘zining hamkorlikka tayyorligini bildirgan.

Biroq bu borada bir-biriga qarshi xabarlar ham bosilayotganligi aytilmoqda.

Tojikiston "Xovar" axborot agentligiga ko‘ra, go‘yoki Ayyombekov televideniyedagi chiqishida hukumatga taslim bo‘lishini aytgan.

Boshqa axborot vositalari esa Ayyombekovning yaradorligi, qo‘riqchilar nazorati ostida viloyat kasalxonasida ekanligi, bugun unga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishidan xabar berishgan.

Lekin BBC tojik xizmati muxbirlari Ayyombekovning xotini bilan bog‘lanishganda, u erining hech qanday hibsda emasligi, 24 iyulda olgan jarohati tufayli uy sharoitida meditsina yordami olayotganligini bildirgan.

Bir kun oldin "Ozodlik"ning tojik bo‘limi Tolib Ayyombekov bilan suhbatni e‘lon qilgan, muxbirlarning yozishicha, sobiq qo‘mondonning o‘zi "Ozodlik" bilan bog‘langan.

Ayombekovning so‘zlariga ko‘ra, uning Afg‘onistonga qochib o‘tgani, jangarilardan yordam so‘ragani haqidagi mish-mishlar yolg‘on. O‘tgan payt orasida u Xorug‘dan hech qayoqqa chiqmagani, o‘zi va ikki ukasi yaralanib, uyda davolanishlariga to‘g‘ri kelganini ma‘lum qilgan.

Ayyombekov tojik hukumatining qurollarni topshirish haqidagi shartidan so‘ng barcha qurollar hukumatga berilgani, lekin harbiylar kelishuvga amal qilmay yana tinch fuqarolarga o‘q uzganini, Xorug‘dan qo‘shinlarni olib chiqmay, balki yangi kuchlar keltirilayotgani aytgan.

Muxbirlarimizga binoan, haqiqatdan Ayyombekov va safdoshlari qurollar topshirishgani ma‘lum qilingan. Agar hukumat kuchlari yana hujum qiladigan bo‘lsa, ularga qarshi qurolsiz kurashishlariga to‘g‘ri kelishini aytgan.

Tojikiston huquqni himoya qilish tashkilotlari ayni xabarlar borasida hozircha izoh berishmagan.

Biroq, norasmiy manbalarga ko‘ra, Ayyombekovning hukumatga taslim bo‘lishi haqida kelishilgan. Shuningdek, Ayyombekovning sog‘lig‘i juda og‘ir ahvoldaligi, aniqrog‘i, yashab qolishiga umid kam degan ma‘lumotlardan so‘ng go‘yoki hukumatga taslim bo‘lishi haqidagi xabarlar chiqqanligi aytilmoqda.

Ayni paytda BBC bilan suhbatda Ayyombekovning xotini erining yarasi uncha og‘ir emasligini, shifokorlar uy sharoitida iloji boricha yaxshi davolashayotganlarini ta‘kidlagan.