Afg‘oniston janubida toliblar bola o‘g‘risini qatl etdilar

Image caption G‘azniy Afg‘onistonning eng notinch viloyatlaridan biri hisoblanadi

Afg‘oniston janubidagi G‘azniy viloyati hokimi so‘zchisi Fazl Sabavunning BBCga ma‘lum qilishicha, kecha tunda Tolibon ayni viloyatning Qarabog‘ tumani Jamol qishlog‘idan yosh bolani o‘g‘irlab ketgan bir shaxsni qatl etgan.

Xavfsizlik kuchlari ikki odam o‘g‘risidan bir nafarini qo‘lga tushirganlar.

Biroq bolaning otasi hukumat vakili yetib kelgunga qadar toliblardan yordam so‘ragan.

Bir soat ichida, deb aytgan viloyat hokimining so‘zchisi, toliblar qishloqni o‘rab olib, bola o‘g‘risini uyidan tashqariga chiqarib, otib tashlaganlar.

Yoshi 8 da bo‘lgan bolakay otasiga topshirilgan.

O‘z ismi oshkor bo‘lishini istamagan viloyatdagi hukumat xavfsizlik mulozimining aytishicha, kecha tunda toliblar tomonidan qatl etilgan shaxs jasadi bugun ertalab Qarabog‘ tumani hududida yo‘l bo‘yida topilgan.

Mahalliy oqsoqollardan birining BBCga ma‘lum qilishicha, bolaning otasi mahalliy hokimiyatga yordam so‘rab bir necha bor murojaat qilgan. Xavfsizlik mulozimlari odam o‘g‘rilaridan bir nafarini tutib, qamoqqa tashlaganlar.

Ammo o‘z o‘g‘li taqdiridan xavotirga tushgan ota toliblardan yordam so‘ragan.

Tolibon sho‘rosi bola o‘g‘risini darhol tutishga buyruq bergan va bir soat ichida qishloq o‘rab olingan.

Toliblar ovoz kuchaytirgich bilan nima uchun qishloqqa kelganlarini e‘lon qilganlar.

"Ular odam o‘g‘risini tashqariga olib chiqishdi va Kalashnikov avtomati bilan otib tashlashdi", deb aytgan mahalliy oqsoqollardan biri.

Qarabog‘ tumani G‘azni shahridan 40 kilometr janubi-sharqda, Kobul-Qandag‘or shoh yo‘li bo‘yida joylashgan.

Qarabog‘ Tolibon faol bo‘lgan mintaqa hisoblanadi.