"Gulhayo Bobojonovaning 5 sutkaga qamalishi - tanqidiy maqolasi uchun qasos"

Image copyright birdamlik.info

5 sutkaga qamalgan "Birdamlik" muxolifat harakati faoli Gulhayo Bobojonovaning otasi Ergash Bobojonovning BBCga aytishicha, farg‘onalik amaldorlarning noqonuniy harakatlari haqida tanqidiy maqola yozgani uchun qizidan ana shu yo‘lda qasos olayaptilar.

"Birlik" muxolifat harakatining keksa faoli Ergash Bobojonovning ma‘lum qilishicha, Farg‘ona shahrida yashaydigan Gulhayo Bobojonova 8 avgust kuni o‘z ishi bilan yo‘lda ketayotgan paytda militsiya uchastka nozirlaridan biri unga sudga borishi kerakligini aytadi.

Gulhayo hech qanday mahkamaga chaqiruv qog‘ozi olmaganini aytadi, sudga borishdan bosh tortadi.

Ergash otaning keyin xabar topishicha, uchastka militsioneri qizining ko‘ylagidan tortib, may oyida ishi ko‘rilishi kerak bo‘lgan mahkamaga g‘ayriixtiyoriy olib borishga urinadi.

Nihoyat Gulhayo Bobojonovani majburan sudga olib borishga erishiladi, mahkama "Birdamlik" faolini militsiya uchastka nozirini haqoratlaganlikda aybdor, deb topadi va 5 kecha-kunduzga qamash haqida qaror qabul qiladi.

Gulhayo Bobojonovaning qayerda ekanini oilasi a‘zolari tungi soat 11 largacha ham bilmaganlar.

Nihoyat turmush o‘rtog‘i uni yarim tunda Farg‘ona shahridan 30 kilometr uzoqlikdagi Quva tuman militsiyaxonasida topadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, mahkama 5 kecha-kunduzga qamash hukmini chiqarganidan keyin Farg‘ona shahrida hibsxonada "joy yo‘qligi" sababidan faol boshqa tumanga olib ketilgan.

Otasi Ergash Bobojonovning aytishicha, shu paytgacha ham oilasi a‘zolariga nima sababdan 5 kunlik qamoq jazosi tayinlangani haqidagi sud qarori berilmagan.

"Militsiya uchastka nozirini haqorat qilgani uchun deb aytishayapti. Aslida bu qizimning yozgan maqolalari uchun qasd olishayapti", deydi Ergash ota.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "kolxozlarning yuz minglab chorva mollari", boshqa mol-mulklari talon-taroj qilib yuborilgani haqidagi o‘zining O‘zbekiston prezidenti, boshqa respublika mas‘ul idoralariga yozgan shikoyatlaridan keyin o‘ziga ham tazyiqlar kuchaygan.